Milliy kontentdan mas'uliyat chegarasigacha

Bugunga kelib vatanimiz manfaatini axboriy jihatdan himoya qilayotgan kasb egalarini tom ma'noda vatan himoyachilari deb atash mumkin. 

Qayd etish joizki bugunga qadar ham jurnalistlar haqida turlicha qarashlar, ular faoliyatining o‘ziga xos o‘lchov va mezonlari bo‘lgan. Ushbu kasb egalari xalq manfaatini ko‘zlab axborot tarqatadilar va xalq manfaatiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakat, jamiyatda u yoki bu sohada tahdidga sabab bo‘ladigan kuchlar, holatlar haqida jamiyatni ogohlantirib boradi. Jurnalist, OAV va kasbiy tamoyillar haqida gap ketganida jurnalist faoliyatida ochiqlik va haqqoniylik tamoyili ustuvor sanalishini aytish joiz. Xoh davlat ichidagi,  xoh tashqi siyosatga aloqador masalalar bo‘lsin, ushbu kasb egalari ana shu prinsiplar asosida ish olib boradilar. Albatta, bunday vaziyatda jurnalistlarga tahdid solayotgan bir necha holatlar ham bor: birinchisi, bu jurnalistning ichki senzurasi. Ikkinchisi esa ushbu senzurani jurnalist faoliyatiga sun'iy ravishda kiritmoqchi bo‘lgan kuchlar. 

Ta'kidlash lozimki, bugun jurnalist O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan  islohotlar jarayonini faol yorituvchigina emas, balki milliy manfaatlarimizga rahna soladigan holatlarni ko‘rsatib, millat va mamlakat ravnaqi uchun xizmat qilayotgan insonlar hamdir. Bu borada ular chinakam vatan himoyachilari sifatida keng ko‘lamli faoliyat olib borishyapti.

 Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zlik va ma'naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash hamda iste'molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilyapti. Ayni shu jarayonlarda milliy kontent yaratish nihoyatda muhim va ustivor vazifa ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoev 12 yanvar' kuni Xavfsizlik Kengashining Qurolli kuchlar va harbiy-ma'muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda axborot xavfsizligi masalalariga to‘xtalib, mamlakatda milliy kontent yaratishning dolzarbligini ham alohida ta'kidlagan edilar.

Milliy kontent haqida gap ketganda, nihoyatda muhim bir masala –  ya'ni, mamlakat tashqarisida O‘zbekiston haqida tarqatilayotgan ma'lumotlarni haqqoniy yoritish masalasi kun tartibiga qo‘yiladi, albatta. Boshqacha aytganda, milliy kontent bu O‘zbekiston va ham tashqi dunyo uchun ahamiyatli bo‘lgan axborotlarni milliy manfaatlarimiz nuqtai-nazaridan izchil yoritib borish deganidir. Milliy kontentni til nuqtai nazaridan ko‘rib chiqsak, bu ham O‘zbekiston aholisiga tushunarli bo‘lgan davlat tilida, ham tashqi auditoriya uchun xorijiy tillarda tarqatish masalasi ekani ayonlashadi. Bunda esa islohotlarni haqqoniy, xolisona va tezkor yoritishga qodir bo‘lgan axborot kanallarini tashkil etishgacha bo‘lgan jihatlar ham qamrab olinishi kerak.

E'tibor bering, jahon miqyosida 2006 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 1200 dan ortiq jurnalist yangiliklar tarqatgani va jamoatchilikka ma'lumot yetkazgani uchun o‘ldirilgan. YuNESKOning qayd etishicha, agar 2020 yili dunyo o‘ldirilgan odamlarning 6 foizini jurnalistlar tashkil etgan bo‘lsa, 2021-2022 yilda bu ko‘rsatkich 11 foizga yetgan. 

Yana bir manbada qayd etilishicha, 2023 yil boshidan buyon dunyo bo‘ylab 94 nafar jurnalist va OAV xodimlari halok bo‘lgan. Ayni paytda esa 400 ga yaqin jurnalist turli mamlakatlarning qamoqxonalarida saqlanmoqda. Qancha jurnalist tazyiq va zo‘ravonliklarga uchrayotgani haqidagi ma'lumotlar o‘zgarib turgani bois muqobil bir raqamni keltirib bo‘lmaydi. Ammo shu raqamlarning o‘ziyoq bu kasbning nechog‘li og‘ir ekanini bildiradi. 

Tan olish kerak, axborot har qanday jamiyatning ma'lum bir qarorlar qabul qilishida muhim vosita, hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shuningdek, to‘g‘ri axborot yetkazish qaror qabul qilish darajasidagi ahamiyatli vazifa ham sanaladi. Ya'ni, davlat rahbari yoki davlat idorasi va organlari mutasaddilari to‘g‘ri qaror qabul qilishlari uchun ularga jamiyatdagi mavjud holatni boricha ko‘rsatadigan jurnalistlar kerak. Shuning uchun ham jurnalistlar erkinligini cheklashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chindan ham to‘rtinchi hokimiyat vakillari axborot xizmatlari taqdim etgan ma'lumotlarni tahlil qilib, solishtirib o‘z vaqtida jamiyatga, aholiga yetkazishda muhim rol o‘ynaydilar. 

Milliy kontent, OAVlar taqdiri yoki mediamakonning bugungi holati haqida gap ketganida so‘z erkinligi mas'uliyatini yetarlicha his qilyapmizmi  deganga o‘xshagan savollar ham ko‘p berilyapti.

Aytish kerakki, so‘z erkinligi uchun har bir fuqaro, har bir rahbar, har bir mutasaddi, jumladan, jurnalistlar ham teng mas'uldirlar. 

Nega? 

Chunki so‘z erkinligi mohiyatida mas'uliyat bor. Aytilayotgan, yozilayotgan yoki efirga uzatilayotgan har bir so‘z hamda tarqatilayotgan axborot zamirida mas'uliyat, kerak bo‘lsa javobgarlik bor. So‘z erkinligi ayni paytda katta bir siyosiy maydon hamdir. Unda ovozingiz baralla yangrashi, tahlillar, faktlar, dalillarga asoslangan bo‘lishi va bu ma'lum ma'noda jamiyatda to‘g‘ri qaror qabul qilishda juda ham muhim ekani anglashiladi. Jahonda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho berib, xalqimizni turli axborot xurujlaridan saqlashga erishish uchun esa har tomonlama professional jurnalist kadrlarga ehtiyoj yuqori ekanligi sohada doimiy ravishda yangi islohotlar o‘tkazishni talab etadi.  

Umuman olganda, so‘z erkinligi, milliy kontent yaratish zaruratining nechog‘lik muhimligini anglash uchun millat yetakchisining ushbu fikrlarini keltirishning o‘zi kifoya nazarimda:

«Biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib beramiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma'lumotlar, real voqealarga ehtiyojni biz to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi».