Keyingi paytlarda aliment undirish muammosi nafaqat er-xotin, balki o‘z ota-onasini qaramog‘iga olishdan voz kechayotgan farzandlar o‘rtasida ham ko‘payib bormoqda. Xususan, oilasi bilan ajrashgan ko‘plab erlar go‘yoki bola faqat onaga tegishlidek “Ajrashishni o‘zing xohladingmi, endi bolalaringni ham boqib ol...” qabilida ish tutmoqdalar. Yoki quch-quvvatdan qolgan ota-onasini davlat qaramog‘iga tashlab qo‘ygan kimsalar ta'minot pulini ham bermaslikka urinishyapti.
Xo‘sh, buning sabablari nimada?
Ko‘pincha, aliment haqida gap ketganda negadir darrov erkaklar ko‘z oldimizga keladi. Ammo, taassufki, bugun aliment to‘layotgan onalar ham kam emas ekan. Majburiy ijro byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda aliment undiruvi bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq ijro hujjatlari aynan ayollarga, aniqrog‘i, o‘z bolasini otasiga qoldirib ketgan muhtarama ONAlarga qaratilgan. To‘g‘ri, bu raqam jami aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlarining bir foizini tashkil qiladi. Ammo onasi tirik bo‘la turib, yetimlik yukini yelkasiga olgan bolalar uchun bu raqamlarning oz yoki ko‘pligi muhim emas... Hududiy jihatdan ayollar tomonidan eng ko‘p aliment to‘lash bo‘yicha 2021 yilda Nukus (147 ta) va Samarqand (144 ta) shaharlari yetakchilik qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu borada Samarqand (483 ta) va Farg‘ona (379 ta) viloyatlari o‘zlarini “ko‘rsatdi”lar.
– Bu, eng avvalo, qadriyatlar, oiladagi tarbiya va, albatta muvaffaqiyatsiz asosga qurilgan oilalardagi muhit bilan bog‘liq, – deydi MIBning Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sur'at Jabborov. – To‘g‘ri, ushbu raqam umumiy alimentlar fonida juda oz va hatto muhokama qilishga arzimasdek tuyulishi ham mumkin. Ammo mehrga muhtoj bo‘lgan birgina go‘dak ham shu jamiyatning to‘laqonli a'zosi va u ham normal yashash huquqiga ega ekanini inobatga olsak, viloyatimizda qayd etilgan 483ta holatdan har birimiz xulosa chiqarishimiz lozimligi ko‘rinadi...
Ayni paytda tizimni raqamlashtirish ishlari olib borilyapti. Xodimlarimizning ish yuklamasi katta albatta. Ammo ijro
Tadbirlarini to‘liq onlayn amalga oshirishga erishsak, ish samaradorligi yanada oshadi. Inson omili bilan yo‘l qo‘yiladigan turli xatoliklarning oldi olinadi. Aliment masalasiga kelsak, hisobot davrida jami 203,5 milliard so‘mdan ortiq aliment pullarini undirib berdik. Fuqarolar o‘rtasida olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida 7207 ta oila yarashtirildi. Ma'lumotga ko‘ra, ayni kunda viloyatimizda 378 nafar aliment to‘lovchi ayol bor...
Aytgancha, ko‘pchilik otalarning ayolidan aliment olishga g‘ururi yo‘l qo‘ymagani bois aliment to‘layotgan ayollar soni tugal emasligini ham tan olish kerak. Yo‘qsa, bu statistikalar bugungidan anchagina salmoqli bo‘lishi mumkin edi.
Ma'lumki, Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Majburiy ijro byurosi huzurida “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilgan. Bu institutning tashkil etilishi aliment oluvchilarga anchayin yengillik tug‘dirganiga qaramay, aliment qarzdorligini o‘z vaqtida va to‘liq undirish bilan bog‘liq murojaatlar soni kamaymayapti. Rasmiy manbalarda qayd etilishicha, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstriya, Norvegiya, Finlyandiya, Pol'sha va Latviyada aliment undiruvi masalalariga alohida e'tibor qaratilib, qarzdor tomonidan aliment to‘lanmagan taqdirda davlat tomonidan maxsus fondlardan to‘lab berish yo‘lga qo‘yilgan. Bu fondlarning tegishli qonun normalari bilan tartibga solingani esa yosh avlodning moddiy ta'minotini kafolatlashni nazarda tutadi. Fonddan aliment to‘langanda, bola ta'minotida uzilish bo‘lmasligi hamda to‘lab berilgan aliment pullari qarzdordan keyinchalik undirib olinishi belgilab qo‘yilgan. Misol uchun, Italiyada ota-onalardan biri aliment to‘lashdan bosh tortsa, sud orqali bobo va buvidan aliment undirilishi mumkin ekan. Xitoyda esa aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash aliment to‘lovchini uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki o‘lim jazosiga hukm qilinishiga sabab bo‘ladi.
Bizda esa 2023 yilga qadar alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamagan shaxslar 15 sutka qamoq yoki bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarimaga tortilar edi. O‘tgan yildan boshlab esa aybdorni 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish jazosi ham qo‘llanila boshlandi.
MIB ma'lumotiga ko‘ra, 2021 yilda voyaga yetmagan farzandiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 5300 dan ortiq fuqaro ma'muriy qamoq jazosiga tortilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 8700 dan ortgan.
Darvoqe, shu o‘rinda farzandlarning ham mehnatga layoqatsiz ota-onasiga aliment to‘lashi haqida kamdan kam gapirilishini ta'kidlash joiz. Afsuski, oramizda o‘z ota-onasini e'zozlab, xizmatini qilishdek qadriyatga ko‘z yumganlar ham uchrab turibdi. Alohida qayd etish joizki, Oila Kodeksining 109-111-moddalarida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta'minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi belgilab qo‘yilgan. Kodeksga ko‘ra, ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Agar voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onalariga moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ota-ona talabiga ko‘ra, ta'minot sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori esa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ( 2023 yil 1 maydan- 980 000 so‘m) 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar ota-onasining kasalligiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra qilinadigan qo‘shimcha xarajatlarda ham ishtirok etishlari shart. Ota-onasi oldida farzandlik burchini bajarishdan bo‘yin tovlagan o‘g‘il-qizlar milliy qonunchiligimizga ko‘ra, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan ham jazolanishi mumkin.
Ochig‘ini aytish kerak, aliment to‘lovchi ona, ota va farzandlar haqidagi statistikalar kishini chuqur mulohaza qilishga undab, javobi yo‘q savollarni tug‘diraveradi.
Eng yomoni, bugun ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq ayni aliment to‘lash bilan bog‘liq muammolar hisobiga ham ortib bormoqda.
Ming afsuski, bugun oramizda ayolini sariq chaqasiz ko‘chaga haydagani yetmagandek, aliment so‘ragani uchun farzandlarini ko‘z oldida onasini do‘pposlayotgan OTA, bolasini eriga tashlab xorijda sayru sayohat qilib yurgan ONA, ota-onasini muruvvat uyiga joylashtirib, o‘zi xotirjam yashayotgan farzandlarning borligi og‘riqli, albatta...
Umid qilamizki, bu borada olib borilayotgan islohotu turli ijtimoiy loyihalar mavjud statistikalarni kamayishiga xizmat qiladi.