Xotira: Farishtasi bor inson

Xotira: Farishtasi bor inson

Samimiy tabassumi, tarbiyasi, madaniyati va iqtidori bilan hamkasblari mehrini qozongan jurnalist Sohibjon Alijonov milliy jurnalistikamizda o‘ziga xos iz qoldirib, el nazariga tushgan inson edi. 1968 yili Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ilgan Sohibjon Alijonov 1992 yilda Toshkent davlat madaniyat institutining Madaniy-ma’rifiy ishlar xodimi mutaxassisligini, 2003 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining davlat va jamiyat qurilishi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Faoliyatini “Yoshlar” teleradiokanali “Davr” axborot dasturlari muharririyatida oddiy muharrirlikdan boshlab,  2006 yilning avgust oyidan 2015 yilga qadar ushbu muharririyatni bosh muharrir sifatida boshqargan. 2015−2017 yillarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanalining direktori, 2017−2019 yillar davomida “Toshkent” teleradiokanali va “O‘zbekiston 24” teleradiokanali” davlat unitar korxonalarida mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2019 yildan 2023 yil 5 aprelga qadar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Axborot-tahlil multimedia markazi” davlat muassasasining direktori lavozimida faoliyat olib borgan. 2020 yilda “Do‘stlik” ordeni va bir qator ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan...

Sohibjon Alijonovning do‘sti Komiljon Shamsiddinov shunday xotirlaydi: Bundan nari borsa, bir-ikki oylar oldin har ne haqida o‘ylagan bo‘lsam, o‘ylagandirman-u, lekin Xotira kuni arafasida Og‘ajon – Sohibjon akani eslab, ezilib o‘tiraman, demaganman. O‘ylasam, nainki yodnoma, balki u haqda butun boshli kitoblar yozishga arzigulik odamimni yo‘qotibman.

Rahmatli (ochig‘i, shunday demoqqa haliyam tilim bormaydi) favqulodda bilimli va zukkolik barobarida, o‘ta zavqli, o‘zi bilan mudom yaxshi kayfiyat olib yurguvchi inson edi. Ming xo‘mrayib, guruh-guruh bo‘lib, o‘zicha ayro-ayro gap sotib o‘tirgan bo‘lishmasin, u kirgan zahoti – davradagi odamlar ham beixtiyor o‘sha zavqqa oshno bo‘lganini sezmay qolardilar. Bunaqalarni “farishtasi bor inson” deyishadi.

Siyosat borasidagi ilmi-yu, mahoratini ham hamma bilardi, suyagi shu jabhada qotgan. Kundalik hayotda esa... O‘zi farg‘onalik emasmi, vodiycha askiyalarni o‘rni va me’yorida qo‘llab, raqibini “mot” qilganini aytib o‘tirmay. Lekin surxonlik va yo xorazmlik bilan ham, buxorolik bilan ham – ularning o‘z lahjasi va qochirimida gaplashib, hammasi bilan og‘a-ini bo‘lib ketganini ko‘p ko‘rganman. Kuy-qo‘shiqniku, ularning yaralish tarixidan tortib, ijro uslublarigacha yaxshi bilishiga qoyil qolardim... 

Ha, Sohibjon Alijonovni xotirlagan odam borki, uning san’atsevarligi, so‘zamolligi, odamoxunligini alohida e’tirof etadi. Shu boisdan ham bu boradagi fikrlarni keltirishdan ko‘ra, Sohibjon Alijonovni quyidagi mulohazasini keltirishni lozim topdik.

«Oshiqlarning sardori» aslida kim?

Yaqinda qiziq bir voqea bo‘ldi. «Milliy tiklanish» gazetasining bosh muharriri, taniqli jurnalist Mirodil aka Abdurahmonov telefon qilib, «Sohibjon, Sherali Jo‘rayevning «Sardori menman» ashulasining she’ri kimniki ekanini bilasizmi?» – deb so‘radi, bir oz quvlik bilan. O‘ylab o‘tirmay, «Rasul Hamzatov», – deb javob berdim. «Ana! Sizam bilmas ekansiz, – dedi aka, o‘ylagani to‘g‘ri chiqqanidan xursand bo‘lib.

– Kecha bir hurmatli odam bilan gaplashdim, u kishining aytishicha, bu she’rni Sherali akaning o‘zi yozgan ekan!» dedi tantanovor ohangda, Mirodil aka. «Yo‘g‘-yey, bilmas ekanman», – dedim. Chunki, chindan ham bu gapni avval sira eshitmagan edim. Mirodil aka temirni qizig‘ida bosdi: «Sherali aka bilan shu haqda gazetamizga bitta suhbat qilib bersangiz-chi».

To‘g‘risi, o‘zim ham qiziqib qolganim uchun, fursatni o‘tkazmay Sher akaga telefon qilib, muddaoni bayon qildim. Hofiz kulib, «Haqiqatan bu gap tӯg‘ri, mayli gaplashamiz», dedilar. Keyin, “Faqat shu kunlarda ko‘nglimda to‘planib qolgan yana bir-ikkita gaplar bor. Ularni ham yozasizmi?» – deb so‘radilar. «Albatta! Suhbat yanayam qiziq bo‘ladi-ku», – dedim men. Xullas, aka bilan ko‘rishib, ancha gurunglashdik va shu paytgacha bilmagan ko‘p narsalardan xabardor bo‘ldim va ularni sizgayam ilindim.

Sherali Jo‘rayev bu qo‘shiq yaralishi haqida ushbularni so‘zlab bergandi:

– Haqiqatan bu juda qiziq voqea bo‘lgan. Adashmasam, yetmishinchi yillar edi, «O‘zbegim» va «Birinchi muhabbatim» singari qo‘shiqlarim bilan ancha tanilib qolganman. Andijondan Samarqandga ketayotib, Toshkentda, bir do‘stimning uyida to‘xtadim. Kelganimni eshitib, asli samarqandlik Obidjon ismli do‘stim yo‘qlab qoldi. Salom-alikdan keyin, Obidjon, «Hozir televizorda Rasul Hamzatov ayollarni tabriklab (8 mart bayrami kunlari edi), seni mingta odam yaxshi ko‘rsa, o‘shalarning orasida men borman, yuzta bo‘lsa ham borman, bitta bo‘lsa, o‘sha menman, seni hech kim yaxshi ko‘rmay qo‘ysa, Rasul o‘libdi, deb o‘ylagin», degan mazmunda she’r o‘qidi, – deb qoldi.

«Iye! Zo‘r gap ekan-u, buni qo‘shiq qilish kerak, she’ri bormi?» – deb so‘radim. Afsuski, u ko‘rsatuv jonli efirda bo‘lgan, Rasul og‘a she’rni rus tilida o‘qigan, tabiiyki, do‘stim she’rni yozib olmagan ekan. Lekin, she’rning g‘oyasi kuchli bo‘lgani uchun uni hozir, shu zahoti qo‘shiqqa aylantirish fikri menga tinchlik bermay qo‘ygan edi.

Men to‘xtagan uyning darvozasidan kirganda chog‘roqqina xona bor edi. Kechasi o‘sha xonada tunadim. Allamahalgacha uxlamay, shu she’rni yozishga urindim. Aksiga olib, qog‘oz topilmaydi. Uy egalarini uyg‘otish noqulay. Cho‘ntagimdan to‘y taklifnomasi chiqib qoldi. Shuning orqasiga ertalabgacha mayda-mayda harflarda yozib chiqdim. Bir paytning o‘zida ham yozyapman, ham kuyi ham «pishyapti».

«Agar oshiqlaring o‘n mingta bo‘lsa,
Bilginki, alarning sardori menman»,

deb boshlangandi she’r. Rasul Hamzatov shunday yozgan bo‘lsa zo‘r bo‘lardi-da, deb xursand bo‘laman o‘zimcha. Ertasiga Samarqandga ketdim. U yerda Rahmonali degan o‘rtog‘im orqali Urgutning hurmatli kishilari mehmonga taklif qilishdi. Kichikroq davra edi, bir-ikkita ashula aytdim. Mezbonlar yangisidan so‘rab qolishdi. Boyagi ashulani boshlamoqchi bo‘lib, endi og‘iz juftlab turgandim, birdan bulbulning «chah-chah» urib sayragani eshitildi (bahor fasli, biz o‘tirgan bog‘da bulbullar ko‘p ekan). Shundan ilhomlanib:

Bulbullar ichinda tinmas zabonman,
Hamon yoningdaman, tanangda jonman,
degan satrlar keldi xayolimga va yangi qo‘shiqni shu so‘zlar bilan boshladim. Shu tariqa ushbu qo‘shiq yaraldi.

Bir ish bilan Moskvaga borganimda Rasul og‘a bilan ko‘rishganman. Bizni uchrashtirgan do‘stlarimiz, «Bu yigit sizning o‘sha she’ringizni o‘zbek tilida ashula qilgan», deb aytishgan ekan.   Rasul og‘aga qo‘shiq ma’qul bo‘ldi, hatto, «Men bu she’rni yozganda sen aytgan joylarini  o‘ylamagan ekanman», – degani haligacha esimda.  Men u kishiga, «She’rning boshidagi to‘rt qatori sizniki, uni xalqimizning tabiatiga moslab aytdim», – dedim. Rasul og‘a, «Barakalla!» – dedilar.

Tahririyatdan:

Ulug‘ va marhamatli, fazilatli oy – Ramazon kunlari hamkasbimiz Sohibjon Alijonovni bejiz eslamadik. Haqiqatan ham o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilgan bu insonning qisqa umri faqat yaxshilik, halol mehnat bilan o‘tdi. Betakror iste’dod sohibi o‘zidan shirin, zalvorli xotiralarni qoldirdi. Chiroyli so‘zi, so‘zamolligi, tabassumi bilan har doim eslanadi hamkasblari orasida. Zero, “Tabassum bilan aytilgan chiroyli so‘z ham sadaqadir”.

Ha, Sohibjon o‘zidan yaxshi odatlar qoldirgan inson sifatida ham bir umr yodimizda qoldi.