Xalq dushmani bo'lmagani uchun 10 yil...

Xalq dushmani bo'lmagani uchun 10 yil...

“...Men ilk bor dadamni ko‘rganimdayoq tamom bo‘lgandim. Tasavvurimdagi jasur, mard va ko‘rkam adamlar endi allaqachon kasalmand, nursiz bir cholga aylanib qolgandilar. Bir kuni u kishining oldiga kelib “Dada, siz rostdan ham “xalq dushmani” bo‘lganmisiz?” deb yuboribman. Adam menga qarab turib, “Yo‘q, qizim, hech qachon. Meni xalq dushmani bo‘lmaganim uchun qamadilar”, degandilar. Dadam turmadan kelib ozgina o‘zlariga kelgach, bir kuni, “endi partiyasida ham, davlat ishida ham ishlamayman. Men endi o‘zim nima qilishim kerakligini bilaman”, dedilar”.

Bu jumlalar sobiq tuzum “o‘ljasi”ga aylangan Muborak Tursunxo‘jayevning qizi Suriya Muborakxo‘jayevnaning xotiralaridan olindi. Davlat siyosatidagi adolatsizliklardan hafsalasi pir bo‘lgan Muborak Tursunxo‘jayev turmadan qaytgach, ko‘p o‘tmay Qosimxo‘jayev degan bir tanishi bilan birga Sibirga katta miqdorda turli xil quruq mevalar olib ketadi va...

M.Tursunxo‘jayev 1903 yili Toshkent shahrining Eshonguzar mahallasida tug'ilgan. Otasi Tursunxo‘ja 1912 yilda Toshkent qozilar kengashi a’zosi edi. U dastlab o‘z uyida o‘qigan, so‘ng eski maktab va rus-tuzem maktablarida ta’lim olgan. Muborakxo‘ja yoshligiga qaramay, tengqurlari qatori Turkiston ozodligi uchun kurashuvchi taraqqiyparvarlar safiga qo‘shiladi. Biroq milliy ozodlik uchun kurashuvchi kuchlarning tor-mor etilishi bilan u ham Munavvar qori va boshqa jadid yetakchilarining tavsiyasi bilan bolsheviklar tarkibiga kirishga qaror qiladi. 1919 yilning yozida Toshkentda mahalliy yoshlardan ilk komsomol tashkilotlari tuzila boshlaydi. Unga Eski shaharda Muborak Tursunxo‘jayev va Rustam Shoislomovlar yetakchilik qiladilar. Ammo uning bu harakati oilasi tomonidan juda katta qarshilikka uchraydi. Hatto butun shaharga uni kaltaklab, ko‘chaga tashlashgani haqida gap tarqaladi. 

Muborak Tursunxo‘jayev 1920 yilda kompartiyaga qabul qilindi va uch yil o‘tib, Eski shahar komsomol qo‘mitasi kotibligiga saylanadi. 1925 yilgacha turli manzillarda partiya idoralarida ishlaydi. 1925 yili esa partiyaning targ‘ibot-tashviqot guruhi boshlig‘i sifatida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga yuborilai. Bir yildan keyin Termiz shahar partiya qo‘mitasi kotibi lavozimiga tayinlanadi. Biroq ko‘p o‘tmay o‘zining ijtimoiy kelib chiqishini yashirgan, degan vaj bilan partiya safidan chiqariladi. Shundan keyin u Moskvaga yo‘l olib, o‘zining nohaq ayblanganligini isbotlab, yana partiyaga kiradi.

1926-1928 yillarda Qirg‘izistonning Frunze shahrida mayda millatlar ishi bo‘yicha ijrochi vakil, 1928-1929 yillarda Turkmanistonning Ashxabod shahrida mayda millatlar ishi bo‘yicha hay’at raisi lavozimlarida ishlaydi. 1930-1933 yillar davomida O‘rta Osiyo yuridik texnikumi direktori, O‘rta Osiyo paxta qurilish trestida boshqaruv raisining o‘rinbosari, SSSR Og‘ir sanoat xalq komissarligining 9-davlat qurilish trestida rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Afsuski, 1933 yilga kelib u yana eski vaj bilan partiyadan chiqariladi.

M.Tursunxo‘jayev uzoq sargardonliklardan so‘ng 1934 yili O‘rta Osiyo qurilish institutiga ishga kiradi. 1935-1936 yillarda esa Tojikiston poytaxti Stalinobod (Dushanbe) shahrida bo‘lib, Tojikiston SSR kommunal xizmat xalq komissari o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. U 1936 yilda yana Toshkentga qaytib, O‘rta Osiyo ipakpaxtaqurilish tresti boshqaruv direktori o‘rinbosari vazifasiga tayinlanadi va shu yerda ishlayotgan paytda qamoqqa olinadi.

1937 yilning 19 aprelida O‘zSSR NKVD tomonidan 1920 yildan aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi, 1924 yildan troskiychi guruh bilan aloqada bo‘lgan degan ayblovlar asosida qaror chiqarilib, unga O‘zSSR JKning 66-moddasi 1-qismi va 67-moddalarini qo‘llashadi. Xuddi shu kuni uni qamoqqa olish uchun order yoziladi va bir kun o‘tib Toshkent shahri Dzerjinskiy ko‘chasi 32-uyda tintuv o‘tkaziladi. Tintuvda unga tegishli barcha hujjatlar va buyumlar xatlanib, olib ketiladi. Muborak Tursunxo‘jayevning anketasida yaqin qarindoshlari sifatida 65 yoshli onasi Sharofat Tursunxo‘jayeva, 21 yoshli xotini Zuhra Manazarova va 4 yoshli qizi Ra’nolarning nomlari keltirilgan.

Hibsning 4 oyida Tursunxo‘jayev tomonidan imzolangan so‘roq bayonnomasida u o‘zining o‘ng millatchilardan bo‘lganini tan oladi. Oradan 4 oy o‘tib esa O‘zSSR NKVD o‘rinbosari tomonidan uning ayblov bayonnomasi tasdiqlanadi. Unda M.Tursunxo‘jayevni 1920-1929 yillar davomida yer islohotlari, “Hujum” kabi qator sovet davlati tadbirlariga qarshi fikr yuritgan, 1930-1937 yillar davomida sovet kolxoz tuzumi, paxta yakkahokimligi, sanoat va qurilish sohalaridagi partiya siyosatidan nolib, hukumat rahbarlariga ishonchsizlik bildirgan, deyiladi. 1937 yilning 27 noyabr kuni o‘tkazilgan NKVD qoshidagi “uchlik” sudi M.Tursunxo‘jayevga 10 yillik qamok jazosini tayinlaydi. 

Ammo oradan ko‘p o‘tmay M.Tursunxo‘jayev Yaroslav viloyati, Uglich shahri, NKVD Volgalagning 1-uchastka, 1-kolonnasidan SSSR NKVD rahbari L. Beriya nomiga ariza yozadi. Unda o‘z boshidan o‘tkazgan haqsizliklarni bayon qilib, aslida hech bir gunohsiz faqat tuhmatlar qurboni bo‘lganligini dalillar bilan keltiradi. Shundan keyin1940 yilning 15 mart kuni M.Tursunxo‘jayev yana so‘roqqa chaqiriladi. Biroq bu so‘roq ham hech qanday samara bermaydi. U jazo muddatini to‘liq o‘tab, 1947 yil oxirida Toshkentga keladi. Biroq o‘n yillik lager azoblari asoratimi yoki boshqa bir sababmi M.Tursunxo‘jayev ko‘p o‘tmay Toshkentda vafot etadi.

M.Tursunxo‘jayev ham ko‘pchilik qatori 1958 yilning 22 oktyabrida O‘zSSR Oliy sudining harbiy kollegiyasi qarori bilan oqlanadi. 

Sibirga quruq meva olib ketgan otasining Toshkentga qaytishini Suriya Muborakxo‘jayevna shunday xotirlaydi: “Men u kishini vokzalda kutib olganim hozirgidek yodimda. Vagon eshigi ochilishi bilan adamlar xuddi avvalgidek, jigarrang, o‘sha vaqtlarda urf bo‘lgan uzun charm plash va xrom etikda turardilar. U kishi kulimsirab menga qaradi. Men bolalarcha, “Voy, qanday go‘zal yigit!” deb qichqirib yuboribman. Yonimda turgan mendan bir ikki yosh katta bo‘lgan ammam meni turtkilab “o‘l, u axir dadang-ku”, dedi. Keyin dadam ozgina yurib, ko‘z o‘ngimizda holsiz yiqildilar va kaytib tura olmadilar. Uch kun og‘ir yotib, vafot etdilar. Keyin qilgan foyda yoki ziyoni haqida hech bir gap bo‘lmadi. Balki, kimlardir adamni zaharlashgandir, degan gumon bir umrga qalbim tubidan o‘rin oldi...”