Ular bizning faxrimiz, g‘ururimiz!

Ular bizning faxrimiz, g‘ururimiz!

Tarixdan ma’lumki, qadimgi Yunonistonda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari o‘ziga xos milliy ruhda tashkil etilgan. Ammo ularga ayol kishilarning kirishi va ishtirok etishi qat’iy ta’qiqlangan bo‘lib, faqat birgina ayol – Demetra ibodatxonasining xizmatchisi kirishi mumkin bo‘lgan va unga alohida joy hozirlangan ekan...

Oradan asrlar o‘tib xotin-qizlar ham Olimpiya tarixiga o‘z qaydlarini yoza boshladilar... 

Qayd etish joizki, tashkil topganiga 130 yil to‘lgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 1993 yilning kuzida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasini tan oldi va shu sanadan boshlab o‘zbek sportchilari ham Olimpiya o‘yinlarida qatnasha boshladilar. 

Buning samarasi o‘laroq, 1994 yili Norvegiyaning Lillixammer shahrida bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiadada fristaylchimiz Lina Cheryazova ilk medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muhammadqodir Abdullayev (2000) Sidney Olimpiadasida birinchi oltin sohibiga aylangan va sport tarixidan munosib joy olgan edi. Shundan so‘ng, erkin kurashchimiz Artur Taymazov to‘rtta Olimpiadaning uchtasida oltin, bittasida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Gimnastikachimiz Oksana Chusovitina esa Olimpiada o‘yinlarida 7 marta ishtirok etib, Ginnes rekordlari kitobidan joy oldi. Uning “Tokio –2020” yozgi Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokidan so‘ng sport bilan xayrlashuvida butun stadiondagilar tik turib, bu jarayonni ko‘zda yosh, qalbda iftixor bilan kuzatishgan edi. 2016 yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiadadagi natijalar ham o‘ziga xos xotiralar qoldirgandi: og‘ir atletikachimiz Ruslan Nuriddinov oltin medalni qo‘lga kiritib, rekord o‘rnatgani, dzyudochimiz Rishod Sobirovning ketma-ket uchta Olimpiadada medal olgan sportchi sifatida e’tirof etilgani, umumiy hisobda sportchilarimiz 13 ta medalni qo‘lga kiritishgani... bularning barchasi shonli tarix, albatta...

Faxrlanadigan jihati shundaki, bu bilan tarix sahifalari yopilib qolmadi. Aksincha, natijalar oltin-kumush sahifalarga ko‘chdi. Bunga Fransiya mezbonlik qilgan XXXIII  yozgi Olimpiya o‘yinlari yaqqol misol bo‘lishi mumkin. Diyora Keldiyorovaning birinchi oltin medali shu ma’noda ham millionlab yurtdoshlarimiz qalbini faxrga to‘ldirdi. Diyoraning 5 karra Olimpiada chempionini “ippon” bahosi bilan mag‘lub etgan lahzalari hali ham dunyo ahli ko‘z o‘ngidan ketmayapti.

Diyoraning xorijiy OAVga ingliz tilida erkin intervyu bergani esa yana bir bor o‘zbek qizlarining hech kimdan kam emasliklarini ko‘rsatdi. Tan berganim esa, Diyoraning millatimizga xos odamiyligi – raqibining alamli yig‘isini ko‘rib, maydonning o‘zida hatto g‘alabasini nishonlamagani bo‘ldi. Uning raqibiga bo‘lgan hurmatida chinakam o‘zbekona tarbiya, tantilik va andisha aks etgandi desam xato bo‘lmaydi.

Ayniqsa, sportchilarimizning qo‘shni davlat sportchilari bilan o‘zaro iliq munosabati, bir-birlariga rag‘bat ko‘rsatganlari, o‘zbek murabbiyi Akmal Hasanovning o‘z yurtidan ming-minglab kilometr uzoqlikda yolg‘izlanib qolgan qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga sekundantlik qilgani o‘sha lahzalardayoq dunyo OAV e’tiborini tortdi. Bir qarashda oddiy voqea edi bu. Ammo buni millionlab fuqarolar asl qadriyat deb atadilar. Buni turkiy tilli davlatlarning yana qayta tiklangan do‘stona munosabatlari natijasi deb atashdi. Va, yurtdoshimiz qirg‘iz xalqining “Chingiz Aytmatov” medaliga loyiq ko‘rildi. Qolaversa, ko‘pchilik xorijliklar bu voqeani odamiylikning eng yorqin namunasi deya, uni  Gollivud kinorejissyorlari uchun tayyor ssenariy deb atashdi. 

Shu o‘rinda Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi sim qoqib, Diyorani g‘alaba bilan tabriklagani, shundan keyin ham Olimpiada sovrindorlarini muttasil qutlab, ularga yangi g‘alabalar tilaganlari millionlab yoshlarimizga chinakam rag‘bat bo‘ldi. Millat yetakchisining bu qo‘llovidan keyin, el ta’biri bilan aytganda ming-minglab boshlar yostiqdan ko‘tarildi. Ular millatni ulug‘laganlar, millat nomini faxrga, iftixorga burkaganlar chin fidoyilar ekanini yana bir karra his etdilar.

Tan olish kerak, sportchilarimiz g‘oliblik shohsupasigacha bo‘lgan yo‘lni ulkan mashaqqatlar, sabr, matonat va iroda bilan bosib o‘tishdi. Hatto ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov terma jamoa a’zosiga aylangunicha mashg‘ulotlarda faol bo‘lsa-da, qanchalar qiynalgani, katta- kichik, to‘siqlarni yengib o‘tganini afsus bilan xotirlaganiga guvoh bo‘ldik. Bundan ko‘rinadiki, har qanday murg‘ak qalbda ulkan qudrat yashiringan bo‘ladi. Demak ana shu qudratni uyg‘otish kerak.

Chindan ham yurtimizda iqtidorli yoshlar hali ko‘p. Hatto maktabga sumkasini bazo‘r sudrab kelayotgan ko‘rimsiz bolakay ham favqulotda qobiliyat egasi bo‘lishi mumkinligiga ishora bu. Bahodirning alamli e’tirofi chinakam iste’dodlarni adolatli tanlov asosida qo‘llab-quvvatlash, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish orqaligina “kashf” qilish mumkinligiga misol, albatta.

 Yana bir fikr: yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatida umumjamoa hisobida 30 ta medalni qo‘lga kiritib, birinchilikni egallagan shaxmatchilarimiz ham “shohona” yurishlarining sababini yaqinlarining qo‘llab-quvvatlovi va davlatimizning beqiyos g‘amxo‘rligi bilan bog‘lagan edilar.    

Keksa avlod vakillarining xotirlashicha, 1957 yilda “Mosfilm” tomonidan suratga olingan “Kommunist” treyleridan so‘ng ming-minglab fuqarolar raykomu, gorkomlar ostonasiga sig‘may ketgan, va partiyalarga a’zo qilishlarini so‘rab, darvozalarni sindirar darajaga borishgan ekan. Bu esa rag‘batning, ishontirishning kuchini ko‘rsatadi. To‘g‘ri targ‘ibot, to‘g‘ri tavsiyalar – chinakam kuch manbaiga aylanishidan dalolat edi bu!  

Allomalarimiz ham bilim, tarbiya va tajriba asos qilib olinmagan har qanday “yurish” doimo samarasiz yakunlanishini yozib qoldirganlar. 

Darvoqe, 13 avgust tongi Olimpiada sovrindorlarini tantanali kutib olib, mukofotlarini topshirish marosimidagi bemisl iftixor, faxr tuyg‘ulari bilan otdi. To‘g‘ri, oramizda ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlig-u, berilayotgan sovg‘a-salomning miqdori oshib ketganini yozganlar ham bo‘ldi. Bir qarashda asos bordek ularning fikrida ham. Ammo millat nomini ulug‘laganlar, millat yoshlariga motivatsiya berganlar o‘n karra, yuz karra mukofotlarga loyiqlar.

Aynan ushbu qahramonlar bugun olimpiada tarixidagi g‘alabalar zanjirining davomiyligini ta’minlab berishdi.
Ochig‘ini aytish kerak, bugun dunyo ikkiga bo‘linish arafasida. Turli tahdidu mojarolar oqibatida qanchadan-qancha qadriyatlar oyoq osti qilindi. 

O‘zbekiston yetakchisi esa xalqaro hamjamiyatdagi har bir chiqishida Markaziy Osiyoni birdamlikka, bir maqsad, bir tamoyil asosida birlashishga chorlab kelyapti. Joriy Olimpiadadagi o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik  sportchilarining bir-biriga raqib emas, qardosh, birodardek munosabatda bo‘lishi ushbu chorlovning amaliy ifodasi bo‘ldi. 

Buni Olimpiadadan so‘ng qozoq bovurlarimizning xalqaro maydonni “changini chiqarayozgan” sportchilarimizni olqishlaganlaridan ham ko‘rsak bo‘ladi. Qirg‘izistonlik qardoshlarimiz esa o‘zbek sportchilarining bir-birlarini qo‘llash barobarida qo‘shni davlat sportchilarini ham unutishmaganini alqashdi. Tan olaylik, dunyo hamjamiyati madaniyat markazi deya e’tirof etadigan “iforlar shahri”da o‘zbekona tarbiya o‘z so‘zini dadil ayta oldi. Buning uchun sportchilarimizdan ham, murabbi-yu, tashkilotchilarimizdan ham cheksiz minnatdor bo‘lsak arziydi. Ular kutganimizdan ham ortiq natijalar ko‘rsatishdi. Buni Yurtboshimiz ham o‘zgacha faxr bilan e’tirof etdilar:

 “Tokio olimpiadasidan keyin yaxshi niyat bilan TOP-15 ga kiramiz deb, oldimizga katta maqsadlar qo‘ygan edik. 208 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada sportchilarimiz  yuksak matonat, mahorat va iroda ko‘rsatib, dunyoda 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egalladi. Bir yo‘la 3 nafar sportchimiz “ikki karra olimpiya chempioni”, degan yuksak sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Bu Yangi O‘zbekiston yoshlari nimalarga qodir ekanini butun dunyoga ko‘rsatib, ularning natijalari tariximizga zarhal harflar bilan muhrlandi. 

Barcha sportchilarimiz, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari Yangi O‘zbekistonning chinakam qahramonlaridir! Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi, ular bizning g‘ururimiz!”

Bir so‘z bilan aytganda, sportchilarimizning shaxdam odimlari Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvida xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning so‘zlari bilan qilgan murojaatidagi:

«Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz,
Ne uchun yelkamni tutib bermayin?» 
misralariga munosib bo‘ldi. Zotan, yurtboshisi yelka tutgan millat farzandlarining qo‘lida yurt bayrog‘i hamisha baland hilpiragay!

Shonli g‘alabalarimiz bardavom bo‘lsin!