To‘rtinchi hokimiyat: mas’uliyat va mas’uliyatsizlik chegarasi

Bugunga kelib, global axborot siyosati ijtimoiy taraqqiyotning ajralmas qismiga aylandi. Ya’ni, axborot vositalarisiz jamiyat rivoji, mamlakatlar taraqqiyoti va mafkurasini tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Ushbu makonda kechayotgan turli inqilobiy yangilik va o‘zgarishlar natijasida odamlar dunyoqarashi ham o‘zgarib bormoqda. Ayni paytda yer yuzining turli nuqtalarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan bo‘lsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari tobora kuchayib borayotganidan ko‘z yumolmaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, dunyo axborot makonidagi ustunlik davlatlar orasida juda ko‘p masalalarni o‘z manfaati yo‘lida hal etish imkonini beryapti.

Shu bois ham dunyo mamlakatlari tezkor axborot makonini qanday shakl va usullarda yaratish haqida jiddiy bosh qotirmoqdalar. Jahonda axborot oqimini boshqarishga bo‘lgan intilishning kuchayib borayotgani ham bejiz emas. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar, televideniye va radio har qanday davlat boshqaruvida hal qiluvchi vositaga aylandi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 taga ko‘p ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritayotir. Ularning 65 foizi esa nodavlat media vositalaridir. Qayd etish joizki, bugun an’anaviy nashrlar bilan birga internet nashrlari ham jadal rivojlanib, ular soni hozirda 745 taga yetdi.  Ayni paytda yurtimizda 26 ta davlat telekanali, 16 ta radiokanal, shuningdek, 30 ga yaqin nodavlat radio hamda 10 dan ortiq nodavlat telekanallar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, keyingi yillarda ushbu OAVlari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida har bir radio va telekanallarda o‘ziga xos jonli eshittirishlar va turkum yangi formatdagi teledasturlar, jumladan, teledebat, teleko‘prik, jonli efirdagi tok-shoular hajmi oshdi. Asosiysi, tayyorlanayotgan materiallarda so‘z erkinligi, axborot olish va uni tarqatish huquqini ta’minlash masalasida inson qadrini ulug‘lashga alohida e’tibor qaralmoqda. 

Milliy ma’naviyat, an’ana va qadriyat, millatimizga xos bo‘lgan ibo, hayo, or-nomus tushunchalari bugungi jurnalistikamizda ham asosiy mavzulardan biri bo‘lishiga qaramay, ko‘plab OAVlarda hayosizlik, so‘kinish, fahsh, intim tuyg‘ularni va yoshlar ongi hamda ma’naviyatiga salbiy ta’sir qiladigan milliy xususiyatlarga zid bo‘lgan ko‘rinishlarni targ‘ib etish, bularni baralla ekranlarda namoyish qilish holatlari ham ko‘payib bormoqda. Nazarimda, aynan ushbu masalada milliy jurnalistikani isloh qilish  vaqti keldi. Nodavlatga mumkin, davlat telekanaliga mumkin emas, degan qarashlardan ham voz kechish kerak.  

Har qanday holatda ham ma’naviyat, millat hamiyati  birlamchi u hamma narsadan ustun bo‘lmog‘i shart. Zero, bu tushunchalarga hech kim va hech qachon o‘z qarichi bilan qaramasligi shart. Shuningdek, ijodkor nimani yoritish muhimu, nimalarni yozmaslik kerak degan, me’yorni bilishi kerak. Ya’ni, so‘z erkinligi bu – har narsani yozish, faqat «piarlik» yoki faqat tanqidning izidan quvish, shu orqali qaysidir ma’noda «obro‘» topish kerak, degani emas. E’tibor bering, o‘ynashi bilan kelishib erini pichoqlab o‘ldirgan xotin, o‘z o‘qituvchisini ayamay kaltaklagan o‘quvchilar, o‘z ukasining xotiniga ko‘z olaytirgan aka, nikohsiz tug‘ilgan bolasini hojatxonaga tashlab yuborgan ona, o‘z otasini pichoqlab o‘ldirgan o‘g‘il, farzandning onasi bilan kelisholmay uydan qochib ketgani, o‘z uyida fohishaxona ochgan ayol yoki kelinning o‘z joniga qasd qilgani… afsuski, bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Bugun afsuski, «xalq jurnalistikasi» degan oqim ana shunday mavzular girdobida yashamoqda. Jurnalistikada nutqiy me’yor, so‘z qadri degan tushunchalar bilan birga ijodkor maqsadi degan tushuncha ham bor. Ko‘p hollarda ayni shu qarashni Mana shuni biz esdan chiqarayotgandekmiz.

Bugungi qarashlarga ko‘ra, hatto jurnalist bo‘lish uchun o‘qish ham kerak emasdek. Yana bir achinarli jihat, haqiqiy ijod, xoh u yozma asar bo‘lsin, xoh ovozli yoki teleasar bo‘lsin, oddiy tomoshabin, o‘quvchi, muxlis uchun bir qarashda qadrsizdek tuyuladi. Chunki inson tiynati hamisha yengillikka moyil. Deylik, bir shoir yoki yozuvchi haqida hujjatli film efirga berilmoqda. Biz uni ko‘ramizmi? Yaxshisi, kino yoki «qimor shoular» juda bo‘lmasa, oilaviy ko‘rish mumkin bo‘lmagan seriallarni tanlaymiz. Aytmoqchimanki, bugun biz haqiqiy ijodni hazm qiladigan o‘quvchi yoki auditoriyaga ham muhtojlik sezyapti. Tasavvur qiling, bugun kitob do‘konlarida adabiyotning hatto shoh asarlari savdosi ham kasod bo‘lyapti. Lekin “bozor adabiyoti” deb nom olgan asarlar savdosi avjida. 

Biz til haqida ham ko‘p gapiramiz! Ammo uning rivojida shu tilda so‘zlayotgan, shu tilda yozayotgan sizu bizning ham hissamiz borligini ko‘pam anglayvermaymiz. Bugun radio va televideniyeda boshlovchilik qilayotgan shaxslarning nutqiy ko‘nikmalari tilimiz qonuniyatlariga qanchalik mos? Bugun ayrim telekanal ijodkorlarining o‘z teledasturlarini «Megapolic», «Real xit», «Reality shou», «The cover up», «Bojalar community», «My atelye», «Muzqaymoq party», «Smile party», «Sketch shou», «Bumyerang» degan nomlar bilan atashidan ko‘zlangan asl maqsad nima?  

Yaqinda buyuk qomusiy alloma, o‘zining «Al-Hidoya» asari bilan dunyoga mashhur Burhoniddin Marg‘inoniy haqida jamoatchilik orasida «Siz Burhoniddin Marg‘inoniy haqida nimalarni bilasiz?» degan savolga javob izlandi. So‘rovnomada ishtirok etganlarning to‘qson foizi yurtimizdan yetishib chiqqan bu ulug‘ allomaning kimligini bilmadilar. Ammo bugun yoshlardan yuqorida nomlari keltirilgan shoular yoki ularning boshlovchilari haqida so‘rab ko‘ring-chi?!! 

Mana nima uchun mamlakatimizda yoppasiga kitob targ‘iboti, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalasiga, ularning chuqur ta’lim-tarbiyasi va ma’rifatiga alohida e’tibor berilmoqda. Negaki, kitob o‘qigan inson yaxshidan yomonni, oqdan qorani farqlay oladi. Nimani o‘qish muhim, nimani ko‘rish, tomosha qilish kerakmasligini biladi. Kitob o‘qigan inson har bir shaxs ma’naviyati, ayniqsa, yosh avlod ta’lim-tarbiyasida nima muhim ekanligini anglay biladi. Nima deb o‘ylaysiz, bugun adabiyotimizning shoh asarlari deylik, «Xamsa», «Boburnoma», «Mehrobdan chayon» yoki «O‘tkan kunlar» va boshqa asarlarni kimlar o‘qimoqda?

O‘qimayapti deyish qanchalik to‘g‘ri? Televideniye, umuman, OAVlarining har qanday turi tarbiya o‘chog‘i, deb bejiz aytilmaydi. Pedagogikada shunday tamoyil bor: auditoriyadagi ko‘p talabalar ammo shular orasida bitta talaba bilimli, o‘qituvchi esa ana shu talabaning hafsalasini pir qilmaslikka majbur.  Negaki, kelgusida vatan uchun u ko‘proq foyda beradi.  Niyatimiz so‘zimiz va o‘zimiz bo‘lsin!