SOS: Bizga yangi platforma kerak!  Yo‘qsa, firibgarlarning “ketmoni uchaveradi”

SOS: Bizga yangi platforma kerak!  Yo‘qsa, firibgarlarning “ketmoni uchaveradi”

Bugun har 5 odamning biri “onlayn ustoz”lardan saboq olyapti, desak xato bo‘lmaydi. Gap nima haqida ketayotganini angladingiz chamamda. O‘tgan yillarda psixologlar masofaviy maslahat berishni boshlashganda, ko‘pchilikka erish tuyulgandi. Buni qarangki, bugun oramizda onlayn tarzda ustozlik qilmayotgan “choyxonachi”laru, farroshlar qoldi, xolos.

Ayniqsa, telegram kanallarida 3 kunlik bepul marafon e’lon qilib, onlayn kurslariga taklif qilayotganlarning oshig‘i olchi. Lekin firibgar “ustoz”larga uchramasangiz onlayn ta’lim olish, turli kurslarga qatnashishning qulayliklari bisyor. Misol uchun, o‘zingizga qulay vaqtda mashg‘ulotlarda qatnashasiz. Yo‘lkira sarflab issiq yoki sovuqda yurmaysiz. Ayniqsa, tushlikni ham “tekingina” uydan qilasiz. Tanishlarim orasida onlayn shaklda til o‘rganayotganlari ko‘pchilik ekanini bilardimu, ammo hunar egallayotganlar ham borligini eshitib, tasanno deb yubordim. Axir hunar o‘rganish, ayniqsa, uni sir-asrorlarini ipidan ignasigacha o‘rgatish oson emasku...

Ularning aytishicha bu anchagina qulay. Qanday ob-havoda bo‘lsangiz ham biror transportda, tirbandlikda yurmaysiz. Qiynalmaysizu, lekin jonli muloqot bilan hunar egallash baribir yaxshida.

Manbalarda keltirilishicha, AQSHda magistratura bosqichidagi talabalarning 22 foizga yaqini, bakalavriat bosqichidagi talabalarning 11 foizi onlayn tartibda ta’lim olishar ekan. Onlayn kurslar foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada akademik menejerlarning aksariyati (75 foiz) onlayn kurslardagi ta’lim natijasi oflayn kurslar natijasi bilan bir xil yoki yaxshiroq ekani ta’kidlangan.

Covid-19 pandemiyasidan keyin bizda ham onlayn ta’lim kuchaydi. 2022 yilning oktyabr oyida Coursera va O‘zbekiston o‘rtasida IT ta’lim sohasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Platforma 2023 yildan boshlab informatika, matematika, dasturlash, bundan tashqari gumanitar fanlar, ijtimoiy fanlar, ta’lim va o‘qitish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, biznes, shaxsni rivojlanishi, muhandislik, san’at va dizayn bo‘yicha 1,2 millionga yaqin bepul kurslarni taqdim etib kelmoqda.

Shuningdek, soha mutaxassislari milliy onlayn ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, bepul onlayn kurslar tashkil etish, bilimlarni tekshirish va sertifikatlar berish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deya ta’kidlashmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, hamma onlayn o‘quv kurslari ishonchlimi? 

Qayd etilishicha, bugun har sekundda dunyo bo‘yicha 5-7 nafar fuqaro to‘lov kartalari vositasida virtual firibgarlik jabrlanuvchisiga aylanmoqda. Bu jinoyat O‘zbekistonda ham keyingi yillarda axborot texnologiyalari rivoji, virtual (onlayn) xizmatlar ko‘paygani sari hisob raqamdan, plastik kartadan virtual pul o‘marish holatlari uchray boshladi. IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda jami 104 096 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan iqtisodiy jinoyatlar ulushi 43,6 foiz ekan. Iqtisodiy jinoyatga 18 492 ta firibgarlik, 14 851 tasi o‘g‘rilik, 5 660 ta o‘zlashtirish yoki rastara yo‘li bilan talon-toroj kiritilgan.

Bular sirasiga onlayn kurslar bilan bog‘liq firibgarliklarni ham qo‘shish mumkin. To‘g‘ri, davlat ro‘yxatidan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan tashkil etilgan kurslar qonun doirasida faoliyat olib borayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo ko‘p hollarda ma’lum soha mutaxassislarining kurslarni oxiriga yetkazmayotgani kuzatilyapti. Bu esa o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndiribgina qolmay, kishilarga bo‘lgan ishonchini ham yo‘qotyapti.

Aksariyat hollarda treyderlik (moliyaviy aktivlarning o‘zgarishi, valyuta, aksiya hamda moliyaviy almashishlardan foydalanib, daromad olish)ni to‘liq o‘zlashtirmay turib, o‘zini shu kasb egasidek tanishtirish orqali firibgarlik bilan shug‘ullanish holatlari ham avj olgan. Qonun himoyachilari tomonidan tizimli ishlar olib borilayotganiga qaramay, bu boradagi “chuv tushurish”lar kamayayotgani yo‘q. Bu odamlarni hushyorlikka chorlovchi ogohlik “qo‘ng‘iroq”lari aks etgan videoroliklar targ‘ibotini ko‘paytirish kerak deganidir.

Yana bir savol: dunyo tajribasida samarali deb baholanayotgan onlayn kurslar bizning mintaqa uchun qanday ahamiyatga ega? Bu borada tadqiqot o‘tkazgan mutaxassislarning fikricha, elektron ta’lim ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini oshirishda (mehnat bozorida ayollar ulushi 39,9 foizni tashkil etadi) qulay ta’lim shakli sanalmoqda. Bu usul nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham oliy ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar yaratib, mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirishga xizmat qilyapti. 

Shu o‘rinda bir taklif: mamlakat miqyosida yoki har bir hudud uchun ayni shu sohada alohida platforma yaratilsa. Mazkur flatformada ishonchli bo‘lgan barcha onlayn o‘quv kurslari integratsiyalangan holda joylashtirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunda onlayn kurslardan foydalanishni rejalashtirgan barcha, xususan, o‘quvchilarning bu boradagi firibgarliklardan jabr ko‘rishining oldi olingan bo‘lardi.