Siyosatda tasodif bo'lmaydi

Siyosatda tasodif bo'lmaydi

«Ayol va siyosat» ruknining navbatdagi mehmoni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muborak Ahmedova bo‘ldi.

– O‘quvchilik davrimizda iqtidorli  qizlarni rag‘batlantiruvchi birgina «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti bo‘lardi. Bugun esa bilimimni oshiraman, iste’dodimni namoyon qilaman, deydiganlar uchun beqiyos imtiyozlar yaratilgan.  Hatto qizlar uchun oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha kvotalar ajratilyapti, magistratura bosqichida tahsil olayotgan qizlarning o‘quv-kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berilyapti. Hatto saylov qonunchiligiga deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi ayollar bo‘lishi haqidagi norma kiritildi. 

Ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash maqsadida qonunlar ham qabul qilinyapti. Ayollar xavf guruhiga mansub qatlam bo‘lgani uchun ular davlat tomonidan himoya qilinyapti ham. Sir emaski, ayrim oilalarda «Qiz bolaning o‘qishi shart emas, uning asosiy vazifasi oila qurish, bola boqish», degan steriotiplarning saqlanib qolayotgani yoki qo‘li kaltalik qilib, bilimi, iqtidorini yuzaga chiqara olmayotgan qizlarimiz uchun ham bunday imtiyozlar zarur, albatta. Bir erkakni o‘qitsak, uning nafi nari borsa, o‘z oilasi  a’zolariga tegishi mumkin, bir qizni o‘qitib, ziyoli qilsak, u millatni tarbiyalaydi, deyishadi-ku. 
 Hududlarda saylovchilarimiz bilan uchrashuvlarda ko‘pincha  menga qizlar oliy ta’limga oid savollar bilan murojaat qilishadi. Men ularga yaratilayotgan imtiyozlar haqida tushunchalar beraman, bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishga chaqiraman. Zero, aksariyat o‘zbek oilalarida afsuski, qiz bolalarga nisbatan, o‘g‘il bolalarning ta’lim olishiga ko‘proq e’tibor qaratilishi mentalitetimizga xos xususiyat.

– Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ayollar ulushi 33 foizga yetdi. Bu qanday natija berdi deb o‘ylaysiz? 

– Ayol deputatlarimiz o‘z vakolatlari doirasida saylovchilar muammolarini ijobiy hal  qilib, ularning ishonchini oqlashga astoydil harakat qilishyapti. Masalan, men o‘zim tibbiyot yo‘nalishida tahsil olganman, ta’lim sohasida 27 yillik mehnat stajiga egaman. Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sanoat va qurilish masalalari qo‘mitasi a’zosiman. Mendek oddiy bir o‘qituvchi uchun siyosatga kirib kelish, boz ustiga, men uchun mutlaqo notanish bo‘lgan sanoat va qurilish sohalarining  qonuniy asoslari bilan ishlash oson bo‘lmadi. O‘z ustimda muttasil ishlab, siyosiy, huquqiy savodimni oshirdim. To‘g‘ri, ayrim deputatlarimiz qaysidir jabhalarda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etolmayotgan yoki  faoliyati bilan  jamoatchilikni yetarlicha xabardor qila olmayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu deputat ishlamayapti, degani emas. Deputatlar faoliyati muntazam monitoring qilib borilishi ularni yanada faollikka undamoqda. 

–  Siyosatga qanday kirib kelgansiz? «Milliy tiklanish» partiyasi deputati bo‘lish siz uchun nima?

–Rahmatli dadam ilmli, ziyoli, jamiyatdagi voqea-hodisalarga befarq bo‘lmagan inson edilar. Siyosiy jarayonlardan nafaqat o‘zlari, balki bizni ham xabardor qilib turardilar. Meni ham ziyoli, ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lishimni istardilar. «Qizim, qani edi sen ham deputat bo‘lsang», degan niyatni bot-bot takrorlardilar.  Niyatlari xolis ekan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan, yana boshqa partiyalardan ham nomzodimni deputatlikka qo‘yishga oid takliflar bo‘ldi. Men «Milliy tiklanish»ni tanladim. Boisi, partiyaning saylovoldi Dasturida ta’limdan ham avval tarbiyaga ustuvorlik berilishi menga juda ma’qul bo‘ldi. Partiyamizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli 71,1foiz ovoz bilan deputat bo‘lib saylandim. Ammo ming afsus, bu kunlarni ko‘rish dadamga nasib etmadi..

– Qo‘limizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov nomiga Qo‘shko‘pir tumani Qo‘nazi mahallasi fuqarolaridan kelgan minnatdorlik maktubi turibdi. Unda «Obod mahalla dasturi»ga kiritilgan bo‘lsa-da, obodonlashtirish ishlari paysalga solib kelingani yuzasidan deputat Muborak Ahmedovaga qilingan murojaatning samarasi o‘laroq, mahalla idorasi uchun yangi bino qurilgani, suv quvurlari yangilangani, mahallaning ichki ko‘chalari asfaltlangani, internet tarmog‘iga ulangani, elektr tizimi bilan bog‘liq chalkashliklar ijobiy hal qilingani bayon etilgan. Yana bir xat 50-umumta’lim maktabi jamoasi tomonidan yozilgan.

Aytingchi, yuqoridagi muammolarning qaysi birini amalga oshirish  qiyin kechdi? 

-Bilasiz, partiyamiz rahbari Alisher Qodirov tashabbusi bilan deputat yordamchilari instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Men ushbu institut faoliyatidan unumli foydalanyapman. Bu  borada menga yaqindan yordam bergan Mehribon opa Tillayevadan behad minnatdorman. 

Savolingizga keladigan bo‘lsak, garchand mening okrugim bo‘lmasa-da, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tibbiyot komissiyasi a’zosi sifatida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi tug‘ruqxonaga bordim. Tug‘ruqxonaning holatini ko‘rib, shunday abgor sharoitda ikki jonning hayotini xavfga qo‘yib, farzand dunyoga keltirayotgan ayollarga achinib  ketdim. U yerdagi sanitariya-gigiyena qoidalari haqida-ku, gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Tug‘ruqxonadagi  holat yuzasidan parlamentda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilariga ma’lumot berdim.  Vazir o‘rinbosari: «Uzr, opa, tug‘ruqxonadagi bu holatdan xabarimiz yo‘q edi», deya munosabat bildirdi hamda qisqa muddatda tug‘ruqxona ta’mirlanib, uning yonida qo‘shimcha tug‘uruq majmuasi ham qad rostladi.

–O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq amaldagi Saylov Kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Aytingchi, Aralash – majoritar va proporsional saylov tizimi joriy qilinishi xususida qanday fikrdasiz? 

– Ayni kunlarda aralash saylov tizimining joriy qilinishiga oid qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda. Amaldagi saylov tizimida saylovchi partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz bergan bo‘lsa, aralash saylov tizimida partiyalar uchun ovoz beradi. Bunday tizim joriy qilinishi qaysidir ma’noda, siyosiy partiyalar uchun qulay imkoniyat hamdir. Aralash saylov tizimi partiyalarning  xalqimiz orasida tanilishi, e’tibor qozonishiga xizmat qiladi. 

Ta’kidlash joiz, bugun saylovchilarning aksariyati siyosiy uyg‘oq, mamlakatdagi islohotlar, partiyalar faoliyati xususida o‘z fikri, xulosalariga ega. Lekin shuni ham tan olishimiz kerakki, partiyalar haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmagan yoki bo‘lmasa, deputatlar haqida salbiy fikri shakllanib qolgan aholi qatlami ham yo‘q emas. Saylovoldi uchrashuvlarimizda saylovchilarning: «Saylov yaqindir-da, partiyalar uyg‘onishibdi», degan tana va dashnomlarini ko‘p eshitganmiz. Vaholanki, partiyamiz ham, biz deputatlar ham saylovning ertasi kunidanoq galdagi saylovlarga tayyorgarlikni boshlab yuboramiz. To‘g‘ri, «O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin», degan naql bor dono xalqimizda. Lekin aholining partiyalar faoliyatidan bexabarligi sabab siyosiy institutlar haqida noo‘rin fikrlar, e’tirozlar urchib boraveradi. Bu holatning oldini olish uchun esa xalqimiz orasiga ko‘proq kirib borishimiz, targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada jonlantirishimiz kerak, nazarimda.

–  Deputatlikka nomzodlarga g‘alaba qozonishga oid tavsiyalaringiz.

– Deputatlikka nomzodi qo‘yilgan opa-singillarimiz bu maydonga siyosiy bilimlarini mustahkamlab, partiyamiz g‘oyasi, maqsad va vazifalarini teran anglagan holda kirishlari kerak. Shuning barobarida nomzodi qo‘yilgan okrugdagi mavjud muammolardan xabardor bo‘libgina qolmay, ularning yechimiga oid aniq taklif va tashabbuslarni ham ilgari surishlari kerak bo‘ladi. Aks holda ayrim deputatlikka nomzodlarning havoyi, balandparvoz gaplari, quruq va’dalaridan charchagan saylovchining ishonchini qozona olishmaydi. 

Kechagidek yodimda, deputatlikka nomzod sifatida saylovchilar bilan  uchrashganimda, bir guruh erkaklar asfaltga chizilgan katta aylana shaklini ko‘rsatib: «Shu yerga avvalgi deputatimizni «ko‘mganmiz». Ana, uning birgina barmog‘i chiqib turibdi... U nimani qoyil qilgandiki, sen ayol boshing bilan nima qilib berarding?», deyishgandi. Men ular bilan gap talashmadim, o‘zimni oqlashga harakat ham qilmadim, tushkunlikka tushmadim, bosiqlik, vazminlik bilan  maqsadim sari intildim. Partiya saylovoldi Dasturida belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosi haqida ko‘proq gapirdim. Masalan, mahalla raislari maoshlarini oshirishga oid taklif partiyamiz tomonidan ilgari surilganini aytganimda, yig‘ilganlar qarsak chalib olqishlashdi. Shu tariqa saylovda g‘alaba qozonib, 73,1 foiz ovoz bilan deputat bo‘ldim. Xulosa qilib aytganda, bilim va salohiyat, vazminlik va bosiqlik bilan har qanday maqsadga erishish mumkin. 

–An’anaviy savol: Siz havas qilgan lider ayol kim?  
 
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ijtimoiy-siyosiy faol ayollarning barchasiga xavas qilaman. O‘zbegim ayollariga xos bo‘lgan jonsaraklik, fidoyilik, shijoat, jo‘shqinlik kabi fazilatlardan har birimiz ibrat olsak, arziydi.