Qonundan ham zo‘rlar 

Qonundan ham zo‘rlar 

yoxud bunday zo‘rlikning millat taraqqiyotiyu, millat fidoyilarining ishonchiga nisbatan xiyonati to‘g‘risida

Har tugul, chorak asrdan buyon shu sohadaman. Kasbi korim talabidan kelib chiqib, turli soha vakillari, turli millatu, elat farzandlari bilan muloqotda bo‘laman, bu jarayonda oqni ham, qorani ham ko‘rish va muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. O‘z ishining mohiri bo‘lgan qassobdan tortib vazirgacha, tibbiyot xodimidan tortib, gadoy lo‘ligacha, o‘g‘ridan tortib sudyagacha hamsuhbat bo‘lganman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shundanmi, uncha-muncha voqea-hodisani ko‘rib, eshitib, hayratlanmaydigan bo‘lib qolganman. 
Lekin… 

Jamoliddin Po‘latovning boshiga tushgan, aniqrog‘i sun’iy tarzda tushirilgan savdolarni eshitib, «shunaqasi ham bo‘larkanmi, mumkin emas» deya hayratdan yoqa ushlaganim rost.

Tahririyatlarga ishonch paydo bo‘ldimi, yoki tasodifmi, har qalay keyingi paytlarda shikoyat qabilidagi xatlar ko‘paydi. Ularda asosan yurtdoshlarimiz o‘zlarini o‘ylantirayotgan hayotiy muammolar-u, dardlarini bayon etishmoqda. Biz ham o‘z navbatida ular bilan batafsil tanishib, ko‘tarilgan masalalarga jamoatchilik va mutasaddilar e’tiborini qaratyapmiz, yanayam  aniqrog‘i, mutasaddilarni muammolardan «ogohlantiryapmiz».

Shu o‘rinda qonunchilikda mol-mulk masalasiga doir yangi talablar paydo bo‘lgach, uy-joylarni xususiylashtirish, asl egalarini aniqlash masalasida fuqarolar, aka-uka, hatto ota va farzandlar o‘rtasidagi mulkiy nizolar ko‘paya boshlaganini aytish mumkin. Oilaviy ajrimlar, aliment undirish bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari ortayotgani ham shikoyatlarning ko‘payishiga olib kelyapti. 

Eng yomoni esa Yangi O‘zbekistonning bugungi tub islohotlari davrida oyog‘ida mustahkam tura boshlagan, boshqalarga nisbatan elga, yurtga ko‘proq nafi tegayotgan qatlam kishilari bo‘lmish tadbirkorlar haqiga xiyonat qilish, biznes vakillarining mol-mulkiga ko‘z olaytirish, o‘zgalarning og‘ir mehnati evaziga paydo bo‘lgan moddiy ne’matlarini turli yo‘llar bilan o‘zlashtirishga urinishlar sodir bo‘lyaptiki, bu o‘shanday tadbirkorlar bilan birga mamlakat milliy iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir etmoqda. Bu jarayonga davlat mulozimlarining aralashib qolishlari esa tadbirkor yurtdoshlarimiz hamda xorijlik ishbilarmonlarning ishonchiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Ushbu maqolada tahlil etiladigan mavzu ham bunga misol bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda anchayin nom qozongan, yirik loyihalar muallifi deya e’tirof etiladigan Jamoliddin Po‘latovning boshiga tushgan savdolar bilan tanishib, adolat va adolatsizlik o‘rtasidagi masofaning nihoyatda qisqa ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldim. To‘g‘risi, bu shikoyatni qayta-qayta o‘qish, tahlil qilish, ayrim voqealar bilan qiyoslashga ham ko‘p urindim. Yakundagi xulosam esa quyidagicha bo‘ldi: J.Po‘latovni ibtidoiy til bilan aytganda urish tugul «tepkilab-tepkilab» shu holatga tushirishibdi. Shuning uchun ham u yemagan somsasiga pul to‘lagan, aybsiz aybdorga aylanib qolibdi.

Kamiga uni ming bir shubhali da’volar bilan o‘n yil muddatga panjara ortiga «tiqib» qo‘yishgan. 

Voqeaning qisqacha tafsiloti haqida uning o‘zi shunday fikr yuritadi: «2018-yilning yozida qayinukam Hojiakbar Ahmadjonov «Kapitalbank»ning sobiq ta’sischisi Baxtiyor Ikromjonov bilan tanishib qoladi. Bu shaxs O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa-da, aslida Turkiyada  yashar ekan. Xullas, o‘zaro muloqotlar chog‘ida sobiq bankir qayinukamda ozmi-ko‘pmi bo‘sh mablag‘ borligini sezib qolib, jon-jahdi bilan uni avrashga tushadi, ya’ni unga Toshkent viloyatining Angren shahrida «Lyuks granit» nomli kafel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi borligini, biroq uni boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib qo‘yganligini, agar pul bo‘lsa uniyam shu korxona foydasiga qirq foiz miqdorida sherik qilishi mumkinligini bildiradi.

H.Ahmadjonov uning bu taklifini menga bildirgach, bu ishga qo‘shilishga rozi bo‘ldim. 2018-yilning 16-oktyabriga kelib, qayinukamning 450 ming AQSH dollari va mening pullarim – jami 2 mln 438 ming 799, 27 AQSH dollarini (20 mlrd 472 mln 207.046.15 so‘m ekvivalentida) «Lyuks granit» MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib berdik».

Pullar o‘tdi, endi korxonaning ishlari yurishib ketadi, mahsulot turi ko‘payadi, sifati oldingidan-da zo‘r bo‘ladi, qolaversa, yana qanchadan-qancha odam ishli bo‘ladi, shu bilan ularning qozoniga, ro‘zg‘origa baraka kiradi, shunday bo‘lgach, bola-chaqasi bilan bizni duo qilishadi. Har qalay bu ishlarning orqasida savob ham bor-ku…

Bu o‘ylar o‘sha paytda H.Ahmadjonov va J.Po‘latovlarni ruhlantirib yuborgandi. 

Biroq… buning bari xomxayol ekani, ular sobiq bankir tomonidan mohirona aldanganlarini hali bilishmasdi. Chunki korxonaning mutlaq xo‘jayini bo‘lmish B.Ikromjonov ulardan olingan pulni qarzlari-yu, ancha avval olingan bank kreditlari foizi uchun to‘lab yuborgandi. Pul unga shuning uchungina kerak edi, aslida. Xullas B.Ikromjonov yuzlab milliard so‘m mablag‘ni o‘z shaxsiy ehtiyojiga ishlatib yuboradi. Natijada yuqorida nomi keltirilgan korxona ishlari yana o‘lda-jo‘lda qolib ketadi. Yangi hamkorlar uning bu qilmishlaridan voqif bo‘lishgach, attang deya bosh changallab qoldilar. Biroq endi… 

Ochig‘i o‘sha pallada bosh urishga devor ham topilmasdi. Bu orada «biznes hamkor» B.Ikromjonov Turkiyaga jo‘nab qoldi. Ana endi uni izlashlar, lozim bo‘lganda pulni qaytarishni so‘rab ovorayu-sarson bo‘lishlar boshlandi.  Turkiyaga borib kelish ham xuddi qo‘shni qishloqqa borib kelishdek gap bo‘lib qoldi. Ammo natija bo‘lmadi, urinishlar besamar ketdi! B.Ikromjonov har gal ko‘zlarini lo‘q qilib, bir gapni takrorlashdan charchamasdi: Pullaringni ishlatib qo‘ydim, topganimda olarsanlar…

2019 yilning sentyabriga kelib, kafel ishlab chiqarish korxonasi Olim Nabiqulov tomonidan 4 mln AQSH dollariga sotib olindi. Yangi xo‘jayin H.Ahmadjonov va J.Po‘latovlarga  2 million AQSH dollarini naqd berib, qolgan pulni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganidan va qarzdorliklar butkul so‘ndirilganidan so‘ng berajagini bildiradi.

Bu orada B.Ikromjonov yana afsungarga aylanib, hiyla nayrang yo‘li bilan avvalboshda olingan 2 million AQSH dollarining bir millionini sobiq hamkorlaridan olib qo‘yadi. Biroz vaqt o‘tgach, O.Nabiqulov bergan 317 ming AQSH dollarini ham tortib oladi.

Shikoyatnomada bayon etilishicha, B.Ikromjonov ham xuddi shunday yo‘l tutdi. Uning sobiq hamkorlariga nisbatan qilgan qilmishlari kamlik qilgandek, ularga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazib, 2 million AQSH dollari miqdoridagi qarzdorliklari borligi to‘g‘risida kafolat xati ham yozdirib oladi. 
«Men «ko‘cha hangomasi» O‘zbekistonda yo‘q deb yurardim. Yanglishgan ekanman, u haliyam bor ekan. Chunki B.Ikromjonovning «shaykasi» tazyiqi bilan ana shu «kafolat xatini yozib berishga majbur bo‘ldim» deyiladi xatda.

Kafolat xatini qo‘lga kiritgan B.Ikromjonov undan juda samarali foydalana boshlaydi, ya’ni xatni asos qilib olib, jabrdiydalar ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi. Uning shikoyatnomasiga binoan 2021 yilning iyul oyida Toshkent shahar IIBB, keyin Bosh prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘aydi. Ammo tan olish kerak, ayni shu holatda huquq posbonlari masalani ipidan ignasigacha o‘rganib chiqishadi. Natijada J.Po‘latov va H.Ahmadjonovlarning aybi yo‘qligi isbotlanib, jinoyat ishi harakatdan to‘xtatiladi.

Ammo haqiqat bor ekan-ku, huquq posbonlarining otasiga ming rahmat deya do‘ppilarini osmonga otgan tadbirkorlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki B.Ikromjonov yana o‘zini jabrdiydadek ko‘rsatib, qaytadan murojaat qiladi. Xullas jinoyat ishi qayta tiklanib, sud bo‘lib o‘tdi va… Jamoliddin Po‘latov O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi, to‘rtinchi qismi «a» bandi va boshqa bir qator moddalar bilan aybli deb topilib, o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Men yuqorida shikoyatnoma bilan qayta-qayta tanishganim sayin hayratim oshaverganligini yozdim. Chunki sud hukmiga binoan o‘n yil qamoq jazosi bilan birga yuqoridagi mashmashalarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan Bekzod Rahimov foydasiga 1mln 317 ming AQSH dollarini undirish ham belgilab qo‘yildi. Xo‘sh, osmondan tushgandek paydo bo‘lib qolgan Bekzod Rahimov kim o‘zi? Bu shaxs J.Po‘latov va H.Ahmadjonovlarning pulini shilib, yillar davomida ovorai-sarson qilgan, keyin ularni sudning qora kursisigada o‘tqazib qo‘ygan sobiq bankir B.Ikromjonovning nuri diydasi, ya’ni o‘g‘li bo‘ladi!!!

Xullas bo‘lib o‘tgan voqealarning qisqa tafsiloti shunday. Bugunga kelib tom ma’noda aybsiz aybdorga aylanib qolganlar «kattakon»larga, turli idoralarga shikoyat yo‘llab, adolat qaror topishiga umid qilmoqdalar. Maqola avvalida chorak asrdan buyon turli mavzularda maqolalar yozganimni bayon etgandim. Biroq bunday muammoli vaziyatga sira duch kelmagandim.

Lekin dilga bir fikr taskin beradi: inson qadri har qanday narsadan ulug‘ yurtda yashayapmiz. Bu tamoyil ijrosi hayotimizning har bir jabhasida ta’minlanmoqda. Shunday deymizu, yuqoridagi holatlarning ayni kunlarda ro‘y berayotganligiga ishonging kelmaydi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, B.Ikromjonov zo‘rlab yozdirib olingan kafolat xatini dastak qilib birinchi marotaba Toshkent shahar IIBB va Bosh prokuraturaga murojaat qilganidan keyin olib borilgan chuqur o‘rganishlar natijasida uning vajlari asossiz deb topilgan va ish harakatdan to‘xtatilgan. Agar mantiqqa murojaat etsak, B.Ikromjonovning huquq tartibot idoralariga kiritgan shikoyatnomasi tuhmat sanaladi. Bas shunday ekan, nega uning o‘ziga nisbatan biron huquqiy chora qo‘llanilmadi. Axir, uning vajlari isbotlanmadiku! Yana bir gap, nima uchun 2021 yilning iyul oyida tasdig‘ini topmaganligi uchun yopilgan ish 2023 yilning may oyida yana qayta ochildi.

Nima uchun B.Ikromjonovning birinchi murojaatda bekor qilingan da’vosi ikki yildan keyin qayta ko‘rib chiqildi va masala butunlay teskari tomonga hal bo‘ldi? Nima, ana shu davrda qonun, qonun moddalariyu, ularning bandlari o‘zgarib qoldimi? Yoki bu kimlarningdir aralashuvi bilan yuz berdimi? Nima uchun tergovchilar birinchi murojaatnomaga doir ish hujjatlarini varaqlab ko‘rmadilar?! Ikkinchi marotaba aynan bitta murojaatni o‘rganib chiqib, Jamoliddin Po‘latovni panjara orqasiga tiqib qo‘yganlar nazarimizda buyurtma asosida ishlagandek ko‘rinyapti.

O‘ylaymizki, tobora ijobiy tomonga o‘zgarayotgan ijtimoiy, huquqiy makondagi voqealar ushbu masalada ham qilni qirq yora oladigan mutasaddilarning mavjud vaziyatni jiddiy o‘rganishlariga sabab bo‘ladi.  Va, ularning adolatni muqaddas qonunlarimiz doirasida to‘liq tiklanishiga o‘zlarini hissalarini qo‘shadilar degan umidda maqolaga nuqta qo‘yamiz.