O‘quv markazlarida bolalar xonalari tashkil etilishi kerak!

O‘quv markazlarida bolalar xonalari tashkil etilishi kerak!

yoxud talaba onaning erkin bilim olishiga sharoit yaratiladi(mi?!)

20 yildan ortiq vaqt bo‘ldiki, xorijiy tillarni ona tilimiz darajasida o‘rganishga kirishganmiz. Buni til o‘rgatuvchi o‘quv markazlarining va unga qatnovchi yoshlarning soni ko‘payib borayotganidan ham ko‘rishimiz mumkin. Bir tilni o‘rganish o‘sha xalqning madaniyati, qadriyatlari va tarixini o‘rganishdir. Demakki, til o‘rganish uchun jiddiy tayyorgarlik zarur bo‘ladi. Ammo oilali ayollar til o‘rganishlariga to‘siq bo‘layotgan bir muammo borki, o‘quv markazlari bunga qat’iy bir yechim  topishlari kerak.

3 yoshdan kichik farzandi bor aksariyat  ayollarda til o‘rganishga xohish bo‘lsa-da, ular bolaga qarovchi yo‘qligi bois o‘quv markaziga qatnay olishmaydi. Buning uchun esa o‘quv markazlarida bolalar xonalari tashkil etilishi,  kichkintoylarga qarovchi mas’ul xodimlar tayinlanishi kerak!  To‘g‘ri,  bu mablag‘ va vaqt masalasiga borib taqaladi. Ammo xorijiy davlat tajribalaridan kelib chiqib, bu haqda o‘ylab ko‘rilsa yomon bo‘lmasdi. Misol uchun, Angliyaning York universiteti “Talabaning homiladorligi, onalik, otalik va farzand asrab olish siyosati”ni ishlab chiqqan. Unda homilador va yosh bolali talaba onalar uchun qulayliklar va ta’lim olishi uchun moslashuvchan sharoit qilib berish nazarda tutilgan.

Universitet ma’muriyati talabaning homilador yoki yosh bolali bo‘lishi uning ta’lim olishiga to‘siq bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Bu oliygohda hatto xodimlar, talabalarning farzandlari uchun alohida bog‘cha ham tashkil qilingan. Bog‘chalar pullik bo‘lib, unga 3 oylikdan to maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Masalan, yosh bolali talabalar ham farzandi bilan o‘qishga kelib, uni universitetning maxsus bog‘chasiga joylashtirib, darslarda qatnashishi, kutubxonalardan foydalanishlari mumkin. Birlashgan Qirollikdagi yana bir oliygoh – Lester universitetida ham deyarli xuddi shunday tartib joriy etilgan. Homilador va yosh bolali talabalar uchun alohida dastur ishlab chiqilgan va akademik standartlarni buzmagan holda ularning o‘qishi uchun moslashuvchan sharoit yaratib berilgan. Kembrij universiteti ham emizikli farzandi bo‘lgan talaba onalar uchun alohida sharoit yaratgan.

Yosh bolali talabalar dekanatlar bilan kelishgan holda maxsus – chaqaloqlarni parvarishga ajratilgan xonalardan, universitetdagi muzlatkichlardan foydalanishlari mumkin.

Milliy qonunchiligimizda ham talaba xotin-qizlarning homiladorlik va tug‘ish, bolalarni parvarish qilish vaqtlari inobatga olinib, ular uchun akademik ta’til vaqtlari belgilangan. Akademik ta’til o‘qishdan chetlashtirish hisoblanmaydi. Bunday ta’til olgan talaba agar o‘qishni davom ettira olishiga ishonsa, arizasiga ko‘ra, OTM rektorining buyrug‘iga muvofiq, o‘qishini akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat (mustaqil ta’lim) ta’lim shakliga o‘tkazishi mumkin. Bunda OTMda muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda, talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi. Qolaversa, talaba o‘qiyotgan ta’lim yo‘nalishining xususiyatlari ham inobatga olinadi. 

Lekin, o‘zbek oilalarida o‘qishini davom ettira olmayotgan aksariyat kelinlarning muammosi uning farzandli bo‘lishi bilan bog‘liq. Ham uy-ro‘zg‘or tashvishi, ham bola parvarishidan ortib talaba kelinlar oliy ta’lim dargohiga yoki qo‘shimcha o‘quv markazlariga borishga imkon topolmaydilar. Imkon topgan taqdirlarida ham dars vaqtida behalovat bo‘lib, qorni ochqab qolgan chaqalog‘i tomon shoshadilar. Bunday holda yosh onaning qulog‘iga dars kiradimi?

Shuning uchun ham, biz taklif sifatida o‘rtaga tashlayotgan masala nafaqat o‘quv markazlarida, balki OTMlarida ham yosh bolali talabalarning huquqlarini inobatga olish maqsadida kerakli chora-tadbirlar ko‘rish bilan bog‘liq.  Agar OTM yoki o‘quv markazida  maxsus bolalar xonasi tashkil qilinsa, bu ham talabaning o‘qish sifati oshishiga, ham kelajakda yetuk mutaxassis kadr bo‘lib yetishishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.