Olimjon O‘sarov qo‘llanmasi qayta nashr etildi

Olimjon O‘sarov qo‘llanmasi qayta nashr etildi

Taniqli jurnalist Olimjon O‘sarovning “Ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari: nazariya va amaliyot” nomli o‘quv qo‘llanmasi qayta nashr qilindi.

Qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oshkoralik va so‘z erkinligi – davr talabi, bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning talabi. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari tom ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda”, degan so‘zlari bilan boshlangan.

Ta’kidlash lozim, jadid bobolarimizning “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim”, degan fikri Yangi O‘zbekistonda haqiqiy ma’noda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Yurtimizda so‘nggi yillardagi tarixiy o‘zgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalari erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylanyapti. Amalda so‘z va matbuot erkinligi, axborot olish kafolati, uni tarqatish huquqining ta’minlanganini Inson qadrini ulug‘lash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurish yo‘lidagi eng muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.

Yangi tahrirdagi Qomusimizda ham ushbu yo‘nalishdagi konstitutsiyaviy normalar yanada mustahkamlangani O‘zbekistonda ortga qaytmas islohotlar boshlanganidan, bu boradagi sa’y-harakatlarimiz bardavomligidan darak beradi. 

Fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, mamlakatimizni har jihatdan rivojlantirishda OAV rolini kuchaytirish, moddiy-texnika ta’minotini mustahkamlash, media bozorida teng sharoitlar yaratish, jurnalist va blogerlar faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi. Jurnalistlar huquqlarini himoya qilish hamda ularni rag‘batlantirish, soha vakillari o‘rtasida sog‘lom ijtimoiy raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida esa O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining vakolatlari kengaytirildi.

Haqiqatdan ham bugun hayotimizni axborotlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yuqori texnologiyalar rivoji esa axborotning ahamiyati va unga bo‘lgan ehtiyojni kun sayin oshirmoqda. Davlat idoralari va mahalliy hokimliklarda axborot xizmatlarining yo‘lga qo‘yilgani ham shu kabi ehtiyoj kelib chiqqan. Natijada davlat idoralari faoliyatining shaffof va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash bo‘yicha xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi. Ayniqsa, bu harakat xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Albatta, bunday tizimli ishlar jurnalistlarning zamon bilan hamnafas bo‘lish, kerak bo‘lsa bir qadam oldinda yurish hissi va mas’uliyatini oshirmoqda. Biroq so‘nggi yillarda ayrim OAVda ana shunday erkinlik va imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalana olmaslik, shoshma-shosharlik, mavzuga chuqur kirmasdan, bir yoqlama mulohaza yuritish holatlari ko‘p uchramoqda. 

Shu ma’noda, milliy jurnalistika oldida turgan masalalarni izchil o‘rganish, tahlil-tadqiq etish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, erishilgan natijalar asosida tegishli takliflar, tavsiya va xulosalar tayyorlash, mass-media sohasi va axborot xizmatlari vakillarining kundalik faoliyatiga ko‘mak beradigan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yaratish dolzarb vazifaga aylandi.

Olimjon O‘sarovning “Ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari: nazariya va amaliyot” o‘quv qo‘llanmasi aynan ana shunday kamchiliklarni to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

To‘rt bo‘limdan iborat qo‘llanmada globallashuv davrida milliy mass-media va axborot xizmatlarining o‘rni va roli, o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqbollari, xususan, OAV va sud hokimiyati munosabatlarining huquqiy asoslari, sudlardan axborot olish, tarqatish muammolari, jurnalistik mahorat, etika masalalari keng yoritilgan.

Shuningdek, siyosiy partiyalarning g‘oya va maqsadlari targ‘iboti, siyosiy texnologiyalarni samarali qo‘llash, siyosiy PR va uni amalga oshirish usullari hamda davlat organlari, jumladan, parlamentda jurnalistlarni akkreditatsiya qilishning zarurati, uning maqsadi, mohiyati, press-konferensiya o‘tkazish, press-reliz yozish tartiblari nazariy va amaliy jihatdan tadqiq etilib, bu borada ilg‘or xalqaro tajriba qiyosiy o‘rganilgan.

Shuningdek, qo‘llanmada OAVning sudlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati funksiyasining ilmiy-nazariy konsepsiyasini shakllantirish hamda sud-huquq jurnalistikasi yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar, tavsiya va xulosalar berilgan.
Bundan tashqari, siyosiy partiyalarning OAV bilan samarali hamkorligini ta’minlashda axborot xizmatlarining o‘rni va roli, OAV va sud hokimiyati munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlari, huquqiy asoslari, press-konferensiya o‘tkazish, axborot sohasiga oid munosabatlarni tartibga soluvchi qator xalqaro hamda milliy me’yoriy-huquqiy hujjatlar obdon tahlil qilingan.

Ma’lumki, siyosiy partiyalar faoliyati samaradorligini oshirishda eng sinalgan va ommabop usul bu – jamoatchilik bilan aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdir. O‘quv-qo‘llanmadan aynan partiyalar jamoatchilik bilan ishlashda nimalarga e’tibor qaratishi zarurligi, qanday zamonaviy usul va vositalardan foydalanish kerakligi kabi savollarga javob berilgan. Ayniqsa, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishda siyosiy partiyalarning amaliy ish natijadorligini oshirish, aholining partiyalarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, e’tiborini yanada kuchaytirish va o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan saylovlarda ularni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlangan.

Muallif, shuningdek, o‘quv qo‘llanmada bugungi kunda partiya matbuotining muhim elementi – uning elektron nusxasi mavjudligini, ammo siyosiy partiya nashrlarining bu boradagi ishlari talab darajasida emasligini, partiya yoki muayyan siyosatchi uchun muvaffaqiyatga erishishning muhim omili OAV bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidlaydi.
Qo‘llanmada davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilishning zarurati, “Akkreditatsiya instituti” tushunchasi, tasnifi, huquqiy asoslari hamda o‘ziga xos xususiyatlari ilmiy asosda o‘rganilib, mamlakatimizda davlat hokimiyati organlari orasida birinchilardan bo‘lib o‘z faoliyatida akkreditatsiya institutini joriy etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tajribasi tahlil qilingan.

Shuningdek, hozirgi paytda axborot agentliklari va Internet nashlarida tarqatilayotgan xabar va materiallarning aksariyati aynan press-relizlarning ko‘chirmasi bo‘lib qolayotgani bilan bog‘liq muammolar ham qo‘llanmada alohida bob sifatida berilgan.
Qayd etish lozim, muallif kitobda fuqarolik jamiyati instituti sifatida OAV aynan jamiyat fikri hamda huquqiy ongini shakllantiruvchi kuch hisoblanishini aniq misollar asosida tahlil qilgan.

Qo‘llanmada korxona va tashkilotlarning jurnalistlar bilan ochiq muloqot maydoni hisoblangan press-konferensiyani tashkil etishning talab va shartlarigacha ham bayon qilingan. Bunday tadbirni o‘tkazishda bosma nashrlarning chiqish muddati inobatga olinishi, axborot dasturlarining efir vaqtini hisobga olish, aniq reja tuzish, aynan samarali va qiziqarli PR kampaniyani yo‘lga qo‘yish muvaffaqiyatning yarim garovi ekanligi ta’kidlanadi.

Shu jihatdan qo‘llanma ommaviy axborot vositalari xodimlarining kundalik faoliyatida, jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishiga qiziquvchilar hamda oliy o‘quv yurtlarida “Public relations” fani o‘qitilishida o‘quv-uslubiy, nazariy va amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi deyish mumkin.

Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bugungi axborot asrida Olimjon O‘sarovning “Ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari: nazariya va amaliyot” o‘quv qo‘llanmasini kattaroq tirajda yana nashr qilishga ehtiyoj mavjudligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.