Til va hunar o‘rganish, Moskva, Boku, hatto Germaniyaning Berlin yoki Drezden shaharlarida ilm olib, kelajakda o‘z yurtiga xizmat qilishni maqsad qilgan qanchadan-qancha ayol-qizlar adolatsiz tuzum qurboni bo‘ldilar. Ko‘zlarida o‘t chaqnagan, jasurlikda ancha-muncha yigitlardan qolishmaydigan O‘zbekistonning birinchi huquqshunos ayoli – 24 yoshida O‘zSSR bosh prokurori yordamchisi vazifasida ishlagan Diloro Yusupova ham ana shunday yoshlarning biri edi.
Diloro 1911 yili Buxoro shahrida tug‘ildi. Otasi Sobirjon Yusupov «Yosh buxoroliklar» tashkilotining faol a’zosi edi. Diloroning bolaligi otasining siyosiy qarashlari sabab ta’qib va quvg‘inlarda o‘tganini alohida ta’kidlash lozim. U 6 yoshligida onasi bilan Buxoro amirligi hududidan Toshkentga surgun qilinadi. Poytaxtda ham avval «chor oxranka»si ta’qibida, so‘ng, doimiy ravishda «CHK» ayg‘oqchilaridan yashirinib yashashga majbur bo‘lishadi. Diloro ana shunday qiyin sharoitlarga qaramay, ilm yo‘lini tanladi. U 11 yoshida Buxoro Xalq Jumhuriyati tomonidan Moskvaga o‘qishga yuboriladi.
U yerda o‘zining iqtidori, ishtiyoqi bilan o‘zbek talabalari orasida taniladi. 1926 yilda maktabni a’lo baholarga bitirib, vataniga qaytadi. Toshkentda komsomolning okrug qo‘mitasida ishlash barobarida O‘rta Osiyo davlat universitetining sud bo‘limiga o‘qishga kirib, aspiranturaga tayyorlana boshlaydi. So‘ngra Sovet huquqi ilmiy-tekshirish institutida tahsil oladi. Bitiruv imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgach, yo‘llanma bilan O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga ishga yuboriladi. Sinov muddatidan so‘ng esa 24 yoshli Diloro Yusupova O‘zbekiston Respublikasi prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlanadi.
Ko‘p o‘tmay Moskvada o‘qigan paytida «yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelgan» namanganlik Muhammadjon Mo‘minov bilan turmush quradi. Bu paytda O‘zSSR Oliy sudi sudyasi bo‘lgan Muhammadjon Mo‘minov O‘zbekistonda yuridik bilimlarning shakllanishiga asos solgan yosh huquqshunos edi. U Samarqandda O‘zbekiston Oliy sudi kollegiyasi a’zosi, 1931-1935 yillarda sud tizimidagi qator lavozimlarda faoliyat olib boradi. Keyinroq uning tashabbusi bilan shu institut bazasida O‘zbekistondagi birinchi yuridik oliygoh tashkil etiladi. Uning g‘ayrat-shijoati tufayli qisqa vaqtda ko‘plab yuridik lug‘atlar, jurnal va kitoblar chop etiladi. Ayniqsa, 1932 yili Muhammadjonning «Na fronte teorii gosudarstva i prava» kitobi nashrdan chiqishi katta shov-shuvga sabab bo‘ladi.
Qalban bir, hatto zimmalaridagi vazifalari o‘xshash bo‘lgan ikki yosh turli hasadgo‘y kimsalarning bo‘htonlariga qaramay, yangi-yangi g‘oyalar bilan yashashar, yangi asarlar ustida bahslashishar, farzandlari Marat va Surayyoni mehr bilan tarbiyalashardi...
Afsuski, 1937 yilning 29 marti tunida shirin uyquda bo‘lgan yosh oilaning tinchi buziladi. Noma’lum shaxslar ularga order ko‘rsatib, tonggacha uydan nimalarnidir qidirishadi. Ertalabga yaqin barcha narsalarni xatlab, Muhammadjon Mo‘minovni olib ketishadi. O‘shanda Muhammadjon
O‘zSSR Adliya komissarligining aholiga yuridik yordam va sud himoya bo‘limi boshlig‘i, Diloro Yusupova esa O‘zSSR Bosh prokurori yordamchisi edi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan karaxt bo‘lib qolgan Diloro bu holatni eriga uyushtirilayotgan tuhmatlarning navbatdagisi deb o‘ylaydi. Biroq qiyinchilik bilan bo‘lsada, eri bilan uchrashganidan so‘ng tushunadiki, vaziyat nihoyatda jiddiy.
Muhammadjon dahshatli qiynoqlar oqibatida «tirik murda»ga aylangan edi. Diloro erining aybsizligini isbotlashga harakat qila boshlaydi. Hatto Moskvaga NKVDning bedodliklari haqida maxsus xat yo‘llaydi. Bundan tashqari, erining sobiq do‘sti Davlat Rizayev bilan uchrashadi. Unga Muhammadjon Mo‘minovga nisbatan qo‘llanilayotgan nohaqliklar haqida aytib, yuqori tashkilotlarni bundan xabardor qilishni iltimos qiladi. Afsuski, bu vaqtga kelib, na Moskva va na mahalliy hukumat hech qanday yordam berolmaydigan holatga kelgan edi.
Bu orada Muhammadjon Mo‘minovga «xalq dushmani» ayblovi qo‘yiladi. Ko‘p o‘tmay Diloroni ham «erining aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan» deya hibsga oladilar. Ularning 6 yoshli o‘g‘li Marat va 4 yashar qizlari Surayyo «Bolalar uyi»ga joylashtiriladi. Muttasil jismoniy qiynoq va shafqatsiz tahqirlar ostida o‘tkazilgan so‘roqlarda Diloro erining ham, o‘zining ham aybi yo‘qligini isbotlaydi. Biroq, 1938 yilning 4 oktyabrida Muhammadjon Mo‘minov «Moskvada tashkil etilgan namoyish rahbarlaridan biri» degan bo‘hton bilan otib tashlanadi.
Keyinchalik tergov vaqtida qo‘llangan qiynoq va so‘roqlar haqida hech qachon gapirmaslik sharti bilan Diloroni ozod etishadi. U qamoqdan qaytgach, farzandlarini bolalar uyidan oladi. Jirkanch tuzum va uning shafqatsiz «adolatpeshalari»dan ixlosi qaytgan Diloro Yusupova shundan keyin davlat tizimida faoliyat yuritishni istamaydi va qolgan umrini farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlaydi. Ammo Stalin vafotidan so‘ng boshlangan «iliqlik davri»ning ilk kunlaridanoq turmush o‘rtog‘i Muhammadjon Mo‘minovning sha’ni uchun kurashadi hamda uning ishini qayta ko‘rib chiqishlarini talab qiladi. Nihoyat, 1957 yilda Muhammadjon Mo‘minov rasman oqlanadi. Diloroning uzoq yillik zahmatlari bilan voyaga yetgan o‘g‘li Marat Mo‘minov ulg‘ayib, matematika fanlari doktori, professor darajasiga yetadi. Surayyo Mo‘minova esa Moskva tibbiyot institutida o‘qib, malakali shifokor bo‘lib yetishadi...