Noxolis hukm

Noxolis hukm

Bundan 7 yilcha avval tuhmat va bo‘htonlardan iborat, inson sha’ni, qadr-qimmati oyoq osti qilingan, haqiqat tahqirlangan bir hovuch qog‘ozlardan iborat “delo”ni qo‘limizga oldik... 

Toshkent UGB NKVDning 3-bo‘limi 1937 yilning 4 avgust sanasi bilan M.Tursunxo‘jayevni O‘zSSR JKning 58-, 67-moddalari bilan ayblab, qamoqqa olishga qaror qiladi. Unda yozilishicha, M.Tursunxo‘jayev 1921-1923 yillarda bosmachilarga yordam bergan va “Milliy istiqlol” maxfiy tashkiloti doirasida faoliyat olib borgan…

Muhiddin Tursunxo‘jayev 1900 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi Tursunxo‘ja qozi Abdurasulxo‘jayev (1856- 1932) ma’rifatparvar bo‘lgan. 1912 yildan boshlab, qozilikni tashlab, dehqonchilik va tabiblik bilan shug‘ullangan. Muhiddinxo‘ja avval eski usul maktabida, so‘ng yangi usuldagi jadid maktabida tahsil oladi. 1914 yilga kelib, Xadrada joylashgan rus-tuzem maktabini tamomlaydi. So‘ng, Toshkentda ochilgan “Real bilim yurti”da o‘qishni maqsad qiladi. Ammo mustamlakachi tuzum qonunlariga ko‘ra, u mahalliy millat vakili bo‘lgani uchun o‘qishga qabul qilinmaydi.

Shundan so‘ng, uch yil davomida davlat bankida, D.M.Ustinovning notarius idorasida, savdogar Abdumavlonovning do‘konlarida idora xodimi sifatida ish olib boradi. Uning bolaligi o‘lkada taraqqiyparvarlik g‘oyalari keng yoyilgan bir davrga to‘g‘ri keladi. Shubhasiz yosh, g‘ayratli Muhiddinxo‘ja 1917 yilga kelib, barcha turkistonlik taraqqiyparvarlar qatorida siyosiy kurash maydoniga qadam qo‘yadi. Dastlab, Haydar afandi rahbarligidagi “Temur to‘dasi”, so‘ng Said Ahroriyning “Izchilar to‘dasi” tadbirlarida faol ishtirok etadi. 1918 yil boshida “Eski shahar musulmonlari kotiblari va ulamolari kasaba uyushmasi”ga kirib, “so‘l eserlar” partiyasiga a’zo bo‘ladi.

1919 yilda esa kompartiyaga kirib, Toshkentning Eski shahar qismida komsomol tashkilotini shakllantirishga bosh qo‘shadi. 1919 yili Abdulhay Tojiyev boshchiligida turkistonlik faol yoshlardan 35 kishi Moskvaga o‘qishga yuboriladi. Guruh tarkibida bo‘lgan M.Tursunxo‘jayev 1920 yilning 14 yanvaridan sentyabriga qadar Moskvadagi Ya.M.Sverdlov nomidagi kommunistik universitetning maxsus kursini bitiradi. Shundan keyin Buxoroga safarbar etilib, Buxoro Xalq Respublikasi hukumatida Ichki ishlar nozirligi kollegiyasi a’zosi, nozir o‘rinbosari vazifalarini bajaradi.

Frunze boshliq qizil askarlar tomonidan xonavayron qilingan Buxoroda xalq xo‘jaligini tiklash, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni izga solish va imkon qadar kam kurbonlar evaziga xalqni tinch turmushga qaytarishga intiladi. 1921-1922 yillarda Turkiston kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi qarori bilan M.Tursunxo‘jayev Farg‘ona muzofotida milisiya boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. 1921 yilning dekabrida Moskvada Butunrossiya sovetlari IX s’yezdiga delegat bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi ayanchli ahvol va uni zudlik bilan bartaraf etish masalasini o‘rtaga tashlaydi.

1922 yil oxiridan boshlab, Turkiston Respublikasi komsomol tashkiloti rahbari, Toshkent shahar ijroqo‘mi a’zosi, 1923 yil Sirdaryo viloyat partiya qo‘mitasida mas’ul kotib bo‘lib ishlaydi. 1924 yilning avgustidan Farg‘ona vodiysi shaharlarida MOPR (xalqaro inqilobchilarga yordam) tashkilotlarini shakllantirishda juda faol bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida 1924 yilning may oyidan 1926 yilning o‘rtalarigacha Samarqandda “Turkipak” aksionerlik jamiyatiga ham raislik qiladi.

Olim va jurnalist Ashurali Zohiriy “Farg‘ona” gazetasining 1924 yil 21 iyun sonida: “M.Tursunxo‘jayev yoshlarni ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishlari va ularni taraqqiyparvar dunyoqarash bilan tarbiyalash maqsadida yoshlar nashriyotini tashkillashtirdi. U o‘z gazetasida ko‘p yozadi va o‘zini iqtidorli jurnalist sifatida ko‘rsata oldi” degan edi. Muhiddinning aholi bilan ishlash salohiyatini ko‘rgan hukumat 1925 yilda uni sovet davlatining eng qaltis siyosiy kampaniyalaridan biri bo‘lgan Yer islohotiga jalb etadi.

Bu vazifadagi xizmatlari Markaziy Yer komissiyasi va O‘zSSR MIQ tomonidan faxriy yorliq va oltin soat bilan taqdirlanadi. U 1926-1928-yillarda Toshkent shahar soveti raisi, 1928-1929 yillarda Toshkent okrug ijroqo‘mi a’zosi, Yangi yo‘l tumani partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida ishlaydi. M.Tursunxo‘jayev hukumat qaroriga muvofiq, 1929 yilning 6 noyabrida O‘zbekistonning Moskvadagi doimiy vakili etib tayinlanadi.

U ko‘p o‘tmay bilimdonligi, yuksak madaniyati va tinimsiz halol mehnati bilan katta e’tibor kozonadi va SSSR MIQning Millatlar soveti a’zoligiga saylanadi. M.Tursunxo‘jayevning qizi Xumayra Tursunxo‘jayeva (1924) Moskvada kechgan bolalik damlarini shunday xotirlaydi: “Adamlarning katta kutubxonasi bor edi. Unda N.V.Gogolning “O‘lik jonlar”, M.Yu.Lermontovning “Demon”, F.Rablening “Gargantyua va Pantagryuel”, “Ming bir kecha” kabi Gʻarb va Sharq klassiklarining ko‘plab asarlari bo‘lardi.

Menimcha, adamlar kutubxonamizdagi barcha kitoblarni o‘qib chiqqan edilar. Chunki, dadam qanchalik ish bilan band bo‘lmasin, har doim kitob o‘qish uchun vaqt topa olar va bizlarni ham shunga o‘rgatishga intilar edilar. Adam Moskvada har doim uyimizga O‘zbekistondan kelgan talabalarni olib kelar edilar. Talabalar juda qiyin sharoitda ta’lim olishardi. Esimda, bu talabalarning boshida do‘ppi, egnida chopon, oyog‘ida kavush bo‘lib, o‘ta yupun va deyarli pulsiz edilar.

Ularning yagona niyatlari Moskvada puxta tahsil olib, O‘zbekiston ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shish edi. Adam bu talaba yigitlarni uyda mehmon qilar, ularga vakillikdan pul berar, hatgo, ba’zilariga o‘zining kiyimlarini ham kiydirib yuborar edilar. Keyinchalik bu talabalar orasidan xalqimizga xizmat qilgan anchagina olimlar, shifokorlar, injenerlar va xalq artistlari yetishib chiqdi”...

M.Tursunxo‘jayev 1932 yil taniqli davlat arbobi SSSR MIK raisining birinchi o‘rinbosari A.Tojiyev bilan hamkorlikda SSSR FAda “O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchi kuchlarni o‘rganish” mavzusida konferensiya tashkil etadi. Konferensiya materiallarini nashr etishga ham o‘zi rahbarlik qiladi. U 1934 yil Moskvada O‘zbekiston Respublikasining o‘n yilligi tantanalarini ham yuksak saviyada o‘tkazadi. Tadbirda Muhiddin qori Yoqubov, Halima Nosirova, Karim Zokirov va Mukarrama Turg‘unboyeva kabi o‘zbek san’ati darg‘alari xalqimizning tengsiz san’at javohirlarini butunittifoq darajasida ko‘z-ko‘z qiladilar.

Shu doirada M.Tursunxo‘jayevning muharrirligi ostida “O‘zbekistonning o‘n yilligi” nomli rangli albom ham yaratiladi. Unda O‘zbekistonning madaniyati, sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi muvaffaqiyatlari birday o‘z aksini topadi. U 1935 yil apreldan hukumat qarori bilan O‘zbekiston Savdo xalq komissari lavozimiga tayinlanadi. Ushbu lavozimda ishlar ekan O‘zbekistonda kooperatsiyani taraqqiy ettirish, uning boshqa ittifoqdosh respublikalar bilan savdo aylanmasini rivojlantirish, mamlakatda savdo shoxobchalarini tizimli ravishda o‘stirib borish, chayqov bozorini tutatish va savdodagi o‘g‘rilik holatlariga chek qo‘yish masalalariga katta e’tibor qaratadi.

Qisqa muddatda qator kooperatsiya markazlarini ochadi, ko‘plab yangi savdo shoxobchalarini shakllantirdi. U qishloq savdo tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida respublikaning barcha qishloqlarida bo‘lib, ushbu soha muammolarini o‘rganadi. Savdo-moliya sohasi va ta’minot masalalarining o‘tkir muammolarini hal qilishga ham ilmiy nuqtai nazardan yondashadi. U mamlakatda savdo madaniyatini takomillashtirish, savdo xodimlarining kasbiy malakalarini oshirishda qator ilmiy-amaliy tadbirlar ham tashkil etadi.

Aytish kerakki, 1937-1938 yillar sovetlar mamlakati tarixining eng qora sahifalaridan biri bo‘ldi. Shu yillar “qizil imperiya dohiylari” tomonidan anchadan buyon rejalashtirib kelingan qatliom siyosati amalga oshirildi. Shu yillarda o‘zbek xalqi o‘zining ne-ne buyuk farzandlaridan judo bo‘ldi. Qahramonimiz M.Tursunxo‘jayev ham o‘sha mash’um “o‘lim ro‘yxati”ga kirib qolgan ekan. Afsuski, uning asl “gunohi” nima ekanini hech kim bilmay ham qoldi. 

1937 yilning 13 avgustida M.Tursunxo‘jayevni qamoqqa olish uchun order berilib, o‘sha kuni kechasi u yashayotgan Narimonov ko‘chasi, 49-uyda tintuv o‘tkaziladi. Unga tegishli qurollar, hujjatlar va bor-yo‘q bisoti musodara qilinadi. Xotini Zuhra xonim, 12 yoshli qizi Xumayra, o‘g‘li Nuriddin (9 yosh), Marat (7 yosh) va onasi Shafoat aya (77 yosh)lar zor qaqshab uni kuzatib qoladilar.

1937 yil 22 avgust kuni o‘tkazilgan ilk so‘roqda M.Tursunxo‘jayev o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni inkor qiladi. Biroq, 1938 yil 4 oktyabr kuni M.Tursunxo‘jayev ishi NKVD uchligi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sudda unga o‘zini himoya qilish uchun hech bir imkoniyat berilmaydi, aksincha, uni O‘zSSR JKning 57-, 58-, 63-, 64, 67-moddalari bilan aybli deb topib, otuvga hukm etadilar. Noxolis hukm shu kunning o‘zidayok ijro etiladi...

1957 yilga kelibgina M.Tursunxo‘jayevning “jinoiy ishi” qayta ko‘rib chiqiladi va 1957 yil 18 iyulda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlanadi.
Darhaqiqat, Muhiddin Tursunxo‘jayev nomdor ta’lim dargohlarida o‘qimadi. Faqat maktab ma’lumoti bilan o‘z davrida O‘zbekistonda ko‘zga ko‘ringan davlat arboblaridan biriga aylandi. U bor yo‘g‘i 39 yil umr ko‘rdi. Ammo, shu qisqa va sermazmun hayoti davomida amalga oshirgan ulkan ishlari bilan O‘zbekiston tarixida o‘chmas iz qoldirdi.