Alisher Navoiyning ulkan ma’naviy merosi, nodir devonlariyu, dostonlari haligacha bashariyat tamadduni va adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Hozir internet insoniyatni o‘z domiga tortayotgan bir davrda buyuk mutafakkir ijodini yanada chuqurroq o‘rganishga yoshlarni keng jalb etish, Navoiy asarlariga singib ketgan yaxshilik, vatanparvarlik, ezgu insoniy fazilatlarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali barkamol avlodni tarbiyalashimiz lozim.
Kuni kecha «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda «Qadriyatlarda Navoiy siymosi» mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Quvonarlisi shundaki, tanlov haqida e’lon berilganidan keyin atigi 4 kun ichida 120 dan ortiq yoshlar bu tadbirda ishtirok etish istagini bildirdilar. Murojaat qilgan yoshlarning aksariyati viloyatlardan bo‘lishiga qaramay, tanlov kuni 70 nafardan ziyod yoshlar Toshkentga yetib kelishdi. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etgan tanlov «Navoiyga yo‘ldoshmiz» shiori ostida o‘tdi. Unda qatnashuvchilar 30 daqiqa ichida «Qadriyatlarda Navoiy siymosi» mavzusida insho yozishdi.
Hakamlar xulosasiga ko‘ra, O‘zMU talabasi Ozoda Rahmatullayevaning inshosi 1-o‘rin, Yangi hayot tumani 332-maktab o‘qituvchisi Laylo Hursanova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universiteti talabasi Mohinur Esanovalarning insholari 2-o‘ringa munosib deb topildi. 3-o‘rin ham shu universitet talabalari Ma’rifat Temirova va Sevinch Muzaffarova, shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti akademik litseyi talabasi Ziyodabonu Nazarovaga nasib etdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari partiyaning Toshkent shahar Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.