“Milliy tiklanish” deputatlari bu masalada mas’ullarning mas’uli

So‘nggi yillarda haqiqatan ham iqtisodiyotning muhim drayveriga aylandi. Ayniqsa, sohaning aholi bandligini ta’minlashdagi roli tobora ortib bormoqda. Bunga o‘tgan yili ushbu sohada 430 million kishi ish bilan ta’minlanganini, bu dunyoda yaratilgan jami ish o‘rinlarining to‘qqizdan bir qismini tashkil etgani ham misol bo‘lishi mumkin. 

Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda global turizm faolligi pandemiyadan oldingi darajaga yetay deb qoldi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili 1,3 milliard kishi xorijga sayohatga chiqqan. Ayrim manbalarda 2033 yilga borib jahon turizm sanoatining hajmi 2019 yilga nisbatan 50 foizga o‘sib, 15,5 trillion dollarni tashkil etishi aytilmoqda. 

Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan, tarixiy va zamonaviy dunyoning o‘ziga xos uyg‘unligiga ega bo‘lgan O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini ham ortiqcha ta’riflash shart emas. Buning isbotini yaqinda Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tganidan ham bilish mumkin. 

Zero, bugun yurtimizda turizm imijini yaxshilash, soha rivoji uchun qulayliklar yaratish ustuvor masalaga aylandi. Salkam 100 ta mamlakat fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirishi huquqi berildi. Yana 55 ta davlat sayyohlari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi. 

Shuningdek, mehmonxonalar, sayohat yo‘nalishlari ko‘payib bormoqda. Joriy yilning o‘zida 15 mingta yangi mehmon o‘rni tashkil etilib, ular soni qariyb 140 mingtaga yetdi. 540 ta dam olish maskani barpo etilib, 70 ta turizm marshruti ochildi. Eng asosiysi, oltita xususiy aviakompaniya ish boshladi. 
Ta’kidlash lozim, soha rivojiga qaratilgan ishlar imkoniyatlarimiz darajasida emas. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ida ham turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish borasida ko‘plab vazifalar belgilanganki, bu shubhasiz, mamlakatimizda ushbu soha rivojida yangi bosqichni boshlab beradi.

Agar 2023 yili 6,6 million nafar xorijlik turist O‘zbekistonga kelgan bo‘lsa, davlat dasturida joriy yil bu raqamni 10,5 million nafarga, xizmatlar eksportini 2,5 milliard dollarga, tibbiyot va ta’lim turizmi eksportini esa yiliga 200 million dollarga yetkazish belgilab qo‘yildi. 
Buning uchun yangi turizm yo‘nalishlari ochilib, hatto transport va avtomagistral yo‘llar bo‘ylab ham turizm infratuzilmasi ob’yektlari tashkil etiladi. Yana bir harakat: xorijiy davlatlarda O‘zbekistonning turizm salohiyati keng targ‘ib etiladi. 

Farmonda ichki sayyohlar sonini 21 millionga, ziyoratchi turistlari sonini esa 1,5 mln nafarga yetkazish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan bo‘lib, buning uchun ichki turizm bo‘yicha nomavsumiy oylarda chegirmalar berish ko‘zda tutildi. Shuningdek, mamlakatda yirik turizm klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hududlarda 600 ta yangi mehmonxona, mehmon uylari va hostellar ochiladi.

Ayniqsa, soha rivojiga xususiy investisiyani jalb etish yanada jadallashishini aytish joiz. Farg‘ona, Andijon va Namanganning tuman va shaharlarini bog‘lovchi “Oltin vodiy sayyohlik halqasi”, Xorazm va Qorqalpag‘iston bo‘ylab esa “Qal’alar halqasi” kabi yangi turistik yo‘nalishlar ham tashkil etiladi.      
Albatta, endigi vazifa belgilangan chora-tadbirlarning qog‘ozda emas, amalda ijrosini ta’minlashdir. Shu ma’noda, turizm rivojini o‘zining Saylovoldi dasturida ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan “Milliy tiklanish”dan saylangan biz –  deputatlarga dastur ijrosi uchun mas’ullarning mas’uli ekanimizni his etgan holda ish olib borishimiz kerak.