Millatning chin farzandi

...1988-yilning 1-avgusti. Bolgariyaga boradigan rasmiy delegatsiya tarkibiga kiritilganim uchun rafiqam bilan bir kun avval Moskvaga yetib borib, «Oktyabr» mehmonxonasiga joylashdik.

O‘sha yerda delegatsiyaga KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy Byurosi a’zosi, Markaziy Komitet sekretari Aleksandr Yakovlev boshchilik qilishini eshitdim.

Delegatsiya a’zolari bilan birinchi uchrashuvimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Ammo biz kutmagan g‘alati voqea yuz berdi. Bizni O‘zbekistondan deb tanishtirishganidan keyin bizga hamroh bo‘lgichlar yuzlaridan qon qochib, go‘yo cho‘chigan suvarakdek o‘zlarini zalning u chetiga oldilar. O‘rtada biz – er-xotin yolg‘iz qoldik, xolos. O‘ng‘aysizlanib, orqadagi bo‘sh kreslolarga borib o‘tirdik.

Majlis tugagach, yemakxonaga taklif qilishdi. Bir juftlik o‘tirgan stolga yaqinlashib, salom berib o‘tirmoqchi bo‘lgandik, ular ham salomimizga alik olmay, o‘rinlaridan otilib turdilarda, tashqariga chiqib ketdilar. Delegatsiyaning boshqa a’zolari ham biz bilan yaqinlashishni ochiq-oydin istashmas, bizni ko‘rib ko‘rmaslikka olishar, gapirsak, javob berishmas, yaqinlashsak, pichir-pichirlarini to‘xtatar va orqalarini o‘girib olishar edi.

Atrofdagilarning bizga hech bir sababsiz nafrat bilan qarayotganlarini ko‘rib hayron bo‘layotgan rafiqam: «Bizni odam qatorida ko‘rishmayapti. Biror bahona topib, qaytib ketsak-chi?», deb rosa yalindi. Ochig‘i, bunday sha’nga teguvchi xatti-harakatlarning zamirida nimalar yotganini bilish, anglashga intilish hissi tobora kuchayib borardi. Shuning uchun ham sabr-toqat bilan voqealar rivojini kuzatishga ahd qildim. Bekordan-bekorga bizdan hazar qilishmaydi-ku, axir.

Xuddi shunday ahvol Bolgariyaga borganimizda ham davom etdi. Hamrohlarimiz biz bilan gaplashmas, bir stolda o‘tirib ovqat yemas, mikroavtobusda ham bizdan uzoqroqda o‘tirishga harakat qilishar edi. Sofiyada o‘tgan qabul marosimida Mirzacho‘ldan olib borgan qovunni so‘ydirib, dasturxonga qo‘ydirganimda mamlakat rahbari Todor Jivkov: «O‘zbekistonda do‘stlarim juda ko‘p. Mevalari lazzatli, qovuni dunyoda yo‘q, xalqi mehmondo‘st», deb «Amiri» qovunidan bir - ikki tilik yedi. Ammo sheriklarimiz qo‘llarini ham tekkizmadilar qovunga. 

Dastur bo‘yicha Bolgariya hukumatining Qora dengiz bo‘yidagi Varna shahridagi «Zlatni pyasitsi» rasmiy qarorgohiga joylashdik...  Ertasi kuni bizdan boshqa hamma juft-juft bo‘lib katta zontlar tagidan joy olishib, cho‘mila boshladilar. Biz ham bo‘sh zont tagiga borib o‘tirdik. Sabr qilaylikchi, dedimda hech narsa bo‘lmagandek dengizga tushib suzib ketdim. Cho‘milib chiqsam, ayolimning yonida siyrak mo‘ylovli notanish bir qariya va o‘rta yoshlardagi ayol o‘tiribdi. Qariya birinchi bo‘lib salom berdi va qayerdan ekanimni so‘radi.

Har kungi xunuk munosabat ta’siridami harqalay O‘zbekiston so‘zini ishlatmay, to‘mtoq javob qildim:

– Jizzaxdan!

– Sharof Rashidovning hamshahari ekansizlarda, – dedi oqsoqol hayajonini yashirmay. Keyin kutilmaganda nega senlar faxrlanish o‘rniga Sharof Rashidovga tosh otayapsanlar. Uni go‘yo muttaham qilib ko‘rsatyapsanlar deb do‘q qila ketdi. – U kishi hech qachon poraxo‘r bo‘lmagan, pulga muhtojligi ham yo‘q edi, vijdoni ham, qalbi ham pokiza zot bo‘lgan u kishini. Qaytarib aytaman, Rashidov halol va obro‘li arboblardan, unga qo‘yilayotgan «paxtani qo‘shib yozgan» degan ayblar asossiz. Hali ko‘rasizlar, tarix tasdiqlaydi...

Butun umri davomida xalqi, vatani uchun sidqidildan xizmat qilgan, zimmasidagi mas’uliyatini hamma narsadan ustun qo‘ygan davlat arbobi – Sharof Rashidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida, dehqon oilasida tug‘ildi. Dastlab Narimonov nomidagi o‘rta maktabda, keyin Jizzax pedagogika texnikumida o‘qidi. 1941-yili Samarqand davlat universitetiga kirgunigacha maktabda ishladi. Universitetni tamomlaganidan keyin 1938 – 1941-yillarda  Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» gazetasida ishladi. 1941 – 1942-yillarda esa Moskva ostonasidagi janglarda qatnashib, og‘ir yaralandi. Frontdan qaytgach 1944 – 1947-yillarda Samarqand viloyat partiya tashkilotining kotibi sifatida ish olib bordi.

1947 – 1949-yillarda esa «Qizil O‘zbekiston» («O‘zbekiston ovozi») gazetasiga muharrirlik qildi. 1949 – 1950-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining raisi, 1950 – 1959-yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi rayosatining raisi, 1959 – 1983-yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi sifatida faoliyat yuritdi.

Shular haqida o‘ylarkanman qariya suhbatdoshimga yuzlandim:

– Sharof Rashidov bilan o‘zbek xalqi emas, Moskva, ba’zi partiya va davlat rahbarlari va ularning atrofida suyak talashib yurgan tergovchi va qalam ahli kurashyapti. Bizga nisbatan sovuq munosabat jon-jonimdan o‘tib ketgani uchunmi ovozimgacha qaltirab chiqardi.

– Haqsiz, dedi suhbatdoshim meni sizlashga o‘tib.  – Men «KPSS tarixi» kitobining muallifi Boris Ponomarev bo‘laman, bu ayol qizim, Moskva universitetining professori Lyudmila Borisovna. Biz bugun keldik, ertaga Boltiqbo‘yiga ketgan Yakovlev bizga qo‘shiladi.

Gapimiz shu yerga yetganda dengizda cho‘milayotgan va ikki kundan beri bizni yakkalashga urinayotgan deyarli barcha sheriklarimiz atrofimizni o‘rab oldilar.  Ular Boris Ponomarevni yaxshi tanishar edi.  Men o‘rnimdan turib, yoshi ulug‘ Bandrovskiyga joy berdim.

Ammo oqsoqol parvo qilmay gapini davom ettirdi.

– Nafsilambrini aytganda, SK (Markaziy Komitet, Siyosiy Byuro) ba’zi xavfli to‘dalar xalqi uchun jonini tikkan Sh.Rashidovdan, O‘zbekistondan emas, Leningradda bo‘layotgan voqealardan xavotirga tushishi kerak, dedi u. – Agar demokratiya niqobi ostida «sudralib» kelayotgan, hokimiyatni egallashga urinayotgan kontrrevolyutsiya tarafdorlariga yo‘l ochib berilsa, revolyutsiya o‘chog‘i, beshigi bo‘lgan Leningraddan boshlab partiya va mamlakat parchalanib ketadi. Noshud rahbarlar esa Leningradga, Smolniyga til tekkizishga qo‘rqishib, ommaviy axborot vositalariga katta mablag‘ ajratib, O‘zbekistonni bo‘lmag‘ur gaplar bilan obro‘sizlantirishni o‘ylab topishdi...

Boris Nikolayevichning O‘zbekistonda rus millati vakillariga bo‘lgan munosabat, millatchilik masalalari, paxta hosildorligi, qishloq aholisi, ayniqsa, bolalar sog‘lig‘i haqidagi savollariga bilganimcha javob berdim.  Shunda sezdimki, guruhimiz a’zolari bu gaplarni eshitib, o‘zgarib qoldilar. Ertasi kuni esa delegatsiyamiz rahbari A.N. Yakovlev ushbu masalaga nuqta qo‘ygandek bo‘ldi: «Sharof Rashidov uzoq yillar davlatga munosib xizmat qildi. Biroq, u qoldirgan meros bilan tergov organlari shug‘ullanmoqda», – dedi.  Ammo keyinroq A.Yakovlevning Sharof Rashidov haqida jirkanch fikrlar bildirganini ham unutmaslik kerak!

Ana shu voqeadan keyin hamrohlarimizning ko‘plari munosabatlarini o‘zgartirib, bizdan hatto ajralolmay qoldilar. Ayrimlari uylarining manzillarini berishib, mehmonga ham taklif qilishdi. Bilsak, safardan oldinroq ularga «o‘zbeklar o‘g‘ri, kallakesar, poraxo‘r», degan gaplarni aytishgan ekan. O‘sha kuni kechki ovqatdan keyin delegatsiya a’zolaridan Fedor Senko rafiqasi Janna Andreyevna, Fatima Churlanova eri Magomed Nikamagomedovich, Vladimir Klyuyev rafiqasi Larisa Mixaylovna, Vadim Solovev xotini Valentina Mixaylovna, Anatoliy Belokurov xotini Nina Filippovnalar bilan sovg‘a-salom ko‘tarib, xonamizga kirib kelishdi. Mehmonlarga o‘zbekona dasturxon tuzab, oldilariga Jizzaxning bo‘rsildoq patirlarini qo‘ydik, Toshkentning qazisiyu, Zominning tandir go‘shti bilan mehmon qildik. Dasturxonni Mirzacho‘lning amiri qovuniyu, Samarqandning turshagi, xandon pistalariyu, Forishning qora mayizlari, Jo‘langarning yong‘og‘i bilan bezadik. Ular orasida qazi, mayiz va qovun yemaganlari ham bor ekan, biri aytib, biri qo‘yib rahmatlar aytishdi. Suhbat qizib mehmonlarning qulfi-dili ochilib ketdi. Biz esa ularning O‘zbekiston to‘g‘risida, Sharof Rashidov, paxtayu o‘zbeklarning tarixi, madaniyati, tili va hatto dini haqidagi savollariga bajonudil javob berdik. Ularning aytishicha, KPSS Markaziy Komiteti barcha viloyat va shahar partiya komitetlariga «Sharof Rashidov o‘zini-o‘zi otgan, o‘zbek kommunistlarining to‘rttadan xotini bor, qalin puli to‘lamasa, uylana olmaydi, erlari ayollarini xo‘rlaydi, bolalarini yoshligidan pul topishga, ya’ni qalloblikka o‘rgatadi», degan gaplar yozilgan maxsus xatlar jo‘natgan ekan. Biz bu gaplarning barchasi boshdan-oyoq yolg‘on ekanini mehmonlarga tushuntirdik.

Shu o‘rinda bir gapni aytsam: o‘shanda garchi dunyoning chekka bir davlatiga topshiriq bilan borgan qardoshlarimiz KPSS Markaziy Komitetining ikki kotibi og‘zidan ikki xil gap eshitgan bo‘lsalarda, haqiqatni anglab olish uchun o‘zlarida kuch va xalqimizning otashin yo‘lboshchisiga tuhmat uyushtirilganini tushunib yetdilar. «O‘zbeklar madaniyatli, sofdil va mehnatkash xalq ekaniga yana bir karra ishondik. Sizlar esa o‘z ajdodlaringizga tortibsizlar», deya bizni maqtab ham qo‘yishdi. Bu Sharof Rashidov mojarolari tinmayotgan bir paytda bizning mo‘jazgina g‘alabamiz edi. 

Ilohim Sharof otamizning joylari jannatlardan bo‘lsin!