Iqtisod fanlari doktori, professor Mavlon Umurzoqovning «Yaqin tarix chorrahalarida» nomli kitobi nashrdan chiqdi. Shu kungacha muallifning «E’tiqod sinovlari» she’riy to‘plami, «Adoqsiz o‘ylar» publisistik asari va «O‘zbekiston: yaqin tarixga bir nazar» kitoblari ham o‘quvchilarga yaxshi tanish.
«Yaqin tarix chorrahalarida» yaqin o‘tmishimizdagi voqea-hodisalar tahlil qilinadi. Suhbat va publisistik maqolalar orqali muhim siyosiy jarayonlar, ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan haqiqatlar bilan birga yo‘l qo‘yilgan xatolarga munosabat bildiriladi.
Kitob nihoyasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi, taniqli telejurnalist Ro‘ziboy Qo‘ldoshevning «Kitobni o‘qib...» maqolasi o‘rin olgan. Quyida ana shu maqola biroz qisqartirilgan holatda e’tiboringizga havola qilinmoqda.
«Qadrli zamondosh!
«Yaqin tarix chorrahalarida»gi maqola va suhbatlarning ayrimlari markaziy nashrlarda e’lon qilingan bo‘lsada, ko‘plari birinchi marta kitobxonlar hukmiga havola etilyapti. Kitob haqida so‘zlashdan avval uning muallifi, taniqli iqtisodchi olim, professor Mavlon Umurzoqovning ibratli va murakkab hayot yo‘li haqida muxtasar fikr aytmoqni joiz deb bildim.
Mavlon Umurzoqov sovet davri va mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda faoliyat olib borgan davlat va jamoat arbobidir. U katta hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Sovet zamonida Moskvada KPSS markaziy qo‘mitasida suhbatdan o‘tib, O‘zbekiston kompartiyasi markaziy qo‘mitasida ish boshlagan yosh va zabardast inson keyinchalik O‘zbekistonning birinchi prezidenti I.Karimovning eng yaqin maslakdoshiga aylandi. Uzoq yillik faoliyati davomida u ham saroy havosidan nafas olib, saltanat atrofidagi o‘yinlar ichida bo‘ldi. Bir paytlar Mavlon Umurzoqovning ustozlaridan biri unga:
«Sen iqtidorli olim, samimiy va beg‘ubor qalb egasisan. Iqboling porloq. Shuning uchun ham bor bilim va qobiliyatingni olimlikning mashaqqatli, ammo sharafli yo‘liga sarfla. Biroq zinhor-bazinhor siyosat maydoniga kira ko‘rma. Chunki, siyosat bu ilonlar uyasi. Unga kirsang, ilonlar seni chaqib, mayib qiladi», deya tayinlagan ekan. Ammo orzu va tilaklar emas, peshanaga yozilgani bo‘ladi, deganlaridek ustozining istaklariga qarshi o‘laroq, Mavlon Umurzoqovning hayot yo‘li davlatchilik, siyosat bilan bog‘lanib ketdi. Zotan, ustozi aytganidek «ilonlar uyasi»da faoliyat olib borishi oson kechmadi.
Chunki, saltanat, toju-taxt atrofida gohi oshkora, gohida esa zimdan kurashlar kechar, makr hiylalar ishga tushardi. Haqiqat yo‘li va adolatli boshqaruv saroy a’yonlarining hammasiga ham birdek yoqmasdi. Shuning uchun ham bu yo‘ldagi kurashlar har doim ham haqiqatning foydasiga xizmat qilmasdi.
Shohu sultonlarning atrofiga donishmand, diyonatli va insofli mulozimlarning kelishiga qarshi kurashuvchilar tinimsiz fitnalar bilan shug‘ullanardi. Tarixning guvohlik berishicha, hatto, umrining o‘ttiz yildan ortig‘ini Saljuqiylar saroyida vazirlikka bag‘ishlagan Nizomulmulkdek odil, diyonatli va donishmand inson ham o‘z davrida fitnachilarning hujumiga uchragan ekan. Amir Alisher Navoiy hazratlarining vazir bo‘lib ishlashlari esa saroyning laganbardor va fitnachi mulozimlariga yoqmagani uchun sulton Husayn Boyqaro bilan uning o‘rtasini buzuvchi ig‘volar o‘ylab topilgani ham hech kimga sir emas.
Chunki, bunday mal’un shaxslar shoh yoki sultonning atrofini o‘rgamchak to‘ridek o‘rab, shohni o‘zlarining nayranglariga o‘ynatish, davlatni boshqarish, xazinaga egalik qilish, undan faqat o‘zlarigina emin-erkin foydalanishlari uchun sharoit yaratganlar. Ko‘p hollarda fitnachilarning qo‘llari baland kelgani uchun ham Nizomulmulk va hazrat Navoiyga o‘xshagan donishmandlar saroydan ketishga majbur bo‘lganlar. Ana shunday vaziyatlarda esa mamlakatni podshohlar emas, ularning atrofida in qurganlar boshqarganlar.
Saroyda qilich va qalam sohiblari o‘rtasida oqu qora, rostu yolg‘on, makr-hiyla, fitna va tuhmat kabi biri ikkinchisini ta’qib etadigan murakkab jarayonlar ham avj pallasiga chiqqan.
«Yaqin tarix chorrahalarida» kitobining muallifi Mavlon Umurzoqov ham ana shunday qaltis o‘yinlar hukm surgan bir paytda ishladi. O‘zbekiston prezidentining kadrlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borish jarayonida u davlat rahbarining eng yaqin insoniga aylanib, ishonchini qozondi. O‘sha yillarda adolatli va loyiq shaxslarni saralab, mas’ul lavozimlarga qo‘yishda Prezidentning yonida turdi. Qing‘ir yo‘llar bilan tavsiya etilgan nomzodlarning davlat idoralarida ishlamasligi uchun kurashdi. Biroq ko‘p o‘tmay, o‘z odamlarini davlat idoralariga tiqishtira olmaganlar M.Umurzoqovning ashaddiy raqibiga aylandilar. Ular avval «Mavlon Umurzoqov prezidentning erkatoyi», degan to‘qima atamani o‘ylab topdilar, keyin esa unga «bo‘lg‘usi prezident», degan tamg‘ani yopishtirdilar. Qarabsizki...
Saljuqiylar saroyining donishmand vaziri Nizomulmulk «agar saroy amaldorlarining shubhali xatti-harakatlari yoki jinoyat alomatlari borasida ma’lumotlar kelsa, darhol uni jazolash kerak emas, avval bu xabarning to‘g‘ri yoki tuhmat ekanligini o‘rganib, tekshirib chiqish va uning aybi isbotlansa, undan keyin pastroq lavozimga tushirish kerak. Undan keyin ham ayblarini takrorlasa, o‘shanga yarasha jazolash lozim. Agar bilib-bilmasdan xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, unga darhol jiddiy chora qo‘llamaslik zarur. Aks holda u podshohning dushmaniga aylanadi. Nohaqlik har qanday odamni xavfli raqibga aylantiradi», degan ekan.
Afsuski, vatanparvar va to‘g‘riso‘z M.Umurzoqovga nisbatan bunday yo‘l tutilmadi. Och bo‘ridek vaziyatning pishib yetilishini poylab yotgan dushmanlar esa bundan ochiq-oydin quvondilar. Endi ularning yo‘liga g‘ov bo‘ladigan inson yo‘q edi. Gʻarazli raqiblar bu bilan bitta M.Umurzoqovni emas, balki mamlakatda endigina oyoqqa turayotgan va salohiyatli kuchga aylanishi mumkin bo‘lgan kadrlar siyosatini ham sindirdilar. To‘g‘ri, rahbar keyinchalik o‘zining bu xatosini tushunib yetadi. Ammo kech bo‘lgan, uning yetuk safdoshi M.Umurzoqov allaqachon qamoqxonaning zax va dimiqqan xonalarida edi.
Qayd etish joizki, Mavlon Umurzoqov o‘zining navbatdagi kitobida o‘zi guvohi bo‘lgan davr haqiqatlarini o‘sha davrda mas’ul lavozimlarda ishlagan va ayni paytda ham faoliyat olib borayotgan safdoshlari ishtirokidagi suhbatlar hamda maqolalar orqali aytishga harakat qilgan. Mustaqil davlat o‘laroq dunyo xaritasida paydo bo‘lgan O‘zbekiston respublikasida dastlabki yillarda amalga oshirilgan ezgu va xayrli ishlar bilan birga mamlakat taraqqiyotining orqa ketishiga sabab bo‘lgan xatoliklar haqida so‘z yuritgan. Shuningdek, M.Umurzoqov bugungi islohotlar va bu o‘zgarishlarning mamlakat rivojiga ta’siri haqidagi natijalarni ham tahlil qiladi. Olim va davlat arbobi sifatida bundan buyon adolatli, qonuniy, huquqiy-demokratik davlat o‘laroq faoliyat olib borish orqali vatan va xalq ro‘shnolik sari odimlay olishini misollar asosida ifodalaydi.
– Birinchi raharga oson emas. Yetakchi xalq va vatan manfaatlariga xizmat qiladigan ezgu g‘oyalarni har doim ham bir o‘zi amalga oshira olmaydi, – deb yozadi muallif.
– Ammo bir haqiqat bor: azaldan har bir shohu sultonning yonida unga to‘g‘ri so‘zni ayta oladigan donishmand maslahatchilari bo‘lgan. Xuddi Aleksandr Makedonskiyning yonida faylasuf ustozi Aristotel bo‘lgani kabi.
Yoki dunyoning yarmidan ko‘pini ishg‘ol qilgan sohibqiron Amir Temur mudom yonidagi pirlari, beklar, mamlakatning obro‘li zotlaridan maslahatlar olib turish barobarida, Zayniddin Toyobodiyga o‘xshagan ustozining jiddiy talablarini ham jon qulog‘i bilan eshitgan.
Darhaqiqat, Zayniddin Toyobodiyning Amir Temurga yozgan bir maktubida: «saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan. Yana shuni ham bilgilkim, saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bo‘lgay, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka solish bilan bitur» deydi.
Pirining so‘zlariga amal qilgan Amir Temur eng mashhur va kuchlilarni doimo qoshida saqlagan, birgalikda ochiq va yopiq kengashlar o‘tkazgan, ularning fikr-mulohaza va kengashlarini jon qulog‘i bilan eshitgan. Har bir ishni bitirishdan oldin esa turli qarashlar va maslahatlarni tahlil qilib, so‘ngra qarorlar chiqargan.
Afsuski, tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r deganlaridek, M.Umurzoqov va boshqalarga tuhmat toshlari otilayotganda unga yelka tutib, himoya qiladigan mardlar topilmadi. Aksincha, yiqilganida qo‘lidan tortish o‘rniga, ustiga mag‘zava ag‘darganlar ko‘paydi. Tergov materiallari bilan tanishsangiz, M.Umurzoqovni ayblash uchun ikki kilogramm shokoladni pora sifatida bergan guvoh «hozircha uning shu ayblarini yozdim. Agar yana M.Umurzoqov bilan bog‘liq dalillar yodimga tushsa yozib beraman», deya ko‘rsatma berganiga ham guvoh bo‘lamiz. Shu va yana boshqa tuhmat qilgan guvohlar hozir ham Mavlon akaning yonida yuribdilar.
– Bular bechoralar, – deydi M.Umrzoqov, – shuning uchun ularni allaqachon kechirib yuborganman. Qolaversa, o‘sha paytlar tergov idoralarining yer to‘lasiga tushgan har qanday odam qo‘llanilgan qiynoqlardan keyin hatto «Lenin bilan Stalinni ham o‘ldirganman» deb yozib berishga rozi bo‘lardi.
Yaqindagina yuzlab insonlarga beg‘araz yordam bergan davlat maslahatchisi o‘zining bir she’rida aytganidek:
Gunohkor emish tilim,
gunoh topmadim.
Tangridan o‘zga, dilim,
guvoh topmadim.
Do‘stlar-chun jon tikib
panoh bo‘ldimu.
Kulfatda o‘zimga
panoh topmadim.
O‘shanday voqealar asnosida turmush o‘rtog‘i, O‘zbekiston xalq shoirasi, xalqimizning jasoratli farzandi Halima Xudoyberdiyev ham egallab turgan lavozimidan olib tashlandi, asarlari darsliklardan chiqarildi. Uning nomi qora ro‘yxatlarga tirkalib, radio, televideniye, gazeta jurnallar sahifalarida she’rlarining e’lon qilinishi ta’qiqlandi. Mavlon Umurzoqovga qarshi ishlagan fitna va tuhmat mashinasi haqida jurnalist Go‘zal Begim bilan M. Umurzoqovning «Siyoatchi ham romantik bo‘lmog‘i kerak», deb nomlangan suhbatida ana shunday achchiq haqiqatlar ochiqlangan edi:
«Katta boylik orttirgan bo‘lishi mumkin degan taxmin bilan Boyovut tumanida yashovchi aka-uka va qarindoshlarimning uylarini tintuv qilishdi. Qattiq metal bor joyda ovoz chiqaradigan maxsus uskuna bilan boylik qidirishdi. Uskuna har chirillab ovoz chiqarganida xursand bo‘lib qarashsa, afsuski, u oltin emas, tuproq ostida qolib ketgan konserva qutisi yoki zanglagan temir parchasi bo‘lib chiqqan edi», deydi M.Umurzoqov. Zolim tergovchilar hatto H.Xudoyberdiyevaning taqinchoqlarigacha yechib oladilar.
Oradan yillar o‘tib, Sh.Mirziyoyev iqtidorga kelgach, M.Umurzoqovning aybsizligi isbotlanib, u batamom oqlandi. H.Xudoyberdiyevaga esa avvalgi hurmatu ehtiromlar qaytarildi. Ammo o‘tgan vaqt davomidagi shafqatsizliklar o‘z ta’sirini ko‘rsatib ulgurgan edi. Nohaqliklar, zulmlar va noinsoniy munosabatlar Halima Xudoyberdiyevaning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazib bo‘lgandi. Ulug‘ shoirimizning joylari jannatda bo‘lsin…
Bir so‘z bilan aytganda M.Umurzoqovning ushbu kitobi tarixning kechagi kunlari chorrahasidagi haqiqatlar haqida so‘z yuritilgan asar sifatida qammatli manba deb o‘ylayman. Dunyoning taniqli siyosatchilari, davlat va jamoat arboblari o‘zlarining me’muarlari bilan tarix sahifalarini bezaganidek, M.Umrzoqov ham vatanimizning kechagi kunlarida sodir bo‘lgan oq va qora ranglar, soyada qolgan nuqtalariga batafsil to‘xtalib, yozilajak yangi asarlari bilan hissa qo‘shadi degan umiddamiz. Chunki, xalqimiz o‘zining asil tarixini bor bo‘yicha bilishi, bo‘lib o‘tgan voqealarga xolis va adolatli baho berilishini xohlaydi.