Mafkurasizlik sabog‘i

Mafkurasizlik sabog‘i

Yangi O‘zbekiston islohotlari 1200 ga yaqin qatag‘on qilinganlar nomini oqlash imkonini berdi...

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bundan 5-6 yil avval oqlash u yoqda tursin, millat oydinlari haqida rasmiy matbuotga oddiy xabar berilishini ham tasavvur qilib bo‘lmasdi. Bugunga kelib, ushbu harakat natijalari hatto xorijiy mamlakatlarda ham tilga olinyapti. Bu aslida juda og‘ir va uzoq vaqt talab etadigan jarayon ekanini inobatga olsak, bu ishga kecha yoki bugun emas, 2016 yildayoq “fatvo” berilganini tushunib yetamiz. 

Shu o‘rinda ushbu “fatvo” mamlakat tarixiga xolis munosabatni shakllantirish shart degan ezgu qoidaga asoslanganini alohida ta’kidlash joiz. Ammo tan olaylik, garchi Oliy sud tomonidan asosiy vazifa bajarilgan bo‘lsa-da, nomlari oqlangan jadidlar, ularning hayoti va ijodi haqida hali hanuz yetarlicha ma’lumotga ega emasmiz. 

To‘g‘ri, ular haqida ko‘plab maqolalar chop etilib, telekanallarda ko‘rsatuvlar tayyorlanyapti. Qatag‘on qurboniga aylanganlar, ularning ezilgan, mahzun holatdagi rasmlari bilan esa kalendarlar va turli plakatlar tayyorlanmoqda. Bularning bari, shubhasiz, millat oydinlarini xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga tanitish, ularning shaxsiga, ijodi va faoliyatiga qiziqish uyg‘otishga xizmat qilyapti. Ammo tarixga, ayniqsa, jadidlar hayotiga nisbatan eskicha yondashuvlardan nariga o‘tolmayotganimiz, afsuski, ular haqida bir yoqlama qarashlarning shakllanishiga ham olib kelyapti. 

O‘tgan hafta taniqli kinorejissyor Jahongir Ahmedovning “Jadidlarimizni targ‘ib qilamiz deb aslida buning teskarisini qilayotganimizni anglamayapmiz” sarlavhasi ostidagi chiqishi ham yuqoridagi fikrga misol bo‘lishi mumkin. J.Ahmedovning yozishicha, qachon jadidlar masalasiga to‘xtalsak, albatta, ularning mazlum, ezilgan, abgor va eng achinarlisi, milliy qahramonlarimizning MAGʻLUB qiyofalari aks etgan rasmlarini tirkayveramiz.

Maqolalar, post va ma’ruzalarning hammasi jadidlarning qatag‘on qilingan davri, NKVD tomonidan ayovsiz qiynoqlarga solingani, oxir-oqibatda otib yuborilgani to‘g‘risida bo‘ladi.

Jadidlar haqidagi filmlarning aksariyati ham og‘zi-burni qonga bo‘yalgan millat oydinlari, qovog‘i uyilgan va har gapida stol mushtlaydigan NKVD xodimlari bilan boshlanadi.

Shubhasiz, jadidlarning bunday fojiali taqdirlari millatimizni qayg‘uga soladi. Lekin, shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: ular chindan ham MAGʻLUB edilarmi?!

YO‘Q! 

Aslida jadidlar GʻOLIB edilar! 

To‘g‘ri, ularni jismonan yengishgan, ammo g‘oyaviy jihatdan emas. Agar g‘oyaviy yenga olganlarida, ularni o‘ldirmagan bo‘lishardi. Bunga “o‘lmay qolgan”larning ijodi qanday gullab-yashnagani misol bo‘lishi mumkin.
Nima, Qodiriy 1935 yilda tug‘ilib, 1938 yilda otilganmi? 

Cho‘lpon 1937 yilda tug‘ilib, 1938 yilda otilganmi? 

Usmon Nosir-chi? Ularning ijodi gullab-yashnagan davrlar bo‘lmaganmi? Bolaliklari, yoshliklari-chi? Qodiriy qanday qilib Qodiriy bo‘lib qoldi? U qaysi buloqdan suv ichib ulg‘aydi? Uni nima uchun qatag‘on qilishdi? Nima uchun butun boshli tuzum birgina yozuvchini yenga olmadi?

Endi boshqa bir shaxsga e’tibor qaratsak!

Sulton Abdulhamid aslida Usmonli sultonlar orasida eng ko‘p tanazzulga uchragani, Usmonlilar imperiyasi inqirozini boshlab bergani emasmi? Aynan ana shu shaxs bilan buyuk saltanat poyoniga yetmadimi? Endi e’tibor bilan qarang-chi, bugunga kelib, turklar Abdulhamidni qanday qiyofada ko‘rishyapti va boshqalarga ham ko‘rsatishmoqda: mag‘rur, viqorli va salobatli. U haqidagi film yoki seriallarni tomosha qilarkansiz, beixtiyor: “Sulton Abdulhamid ma’nan va g‘oyaviy jihatdan yengilmagan buyuk hukmdor bo‘lgan!” degan xulosaga kelasiz. Nafaqat xulosa, balki bunga qat’iy ishonasiz ham, ishontirilasiz ham!

Jadidlar haqida so‘z borganida, albatta qatag‘on yillarini eslamaslikning imkoni yo‘q. Ammo oydinlarimizning hayoti faqat qatag‘ondan iborat bo‘lmaganku! Qatag‘on ular umrining so‘ngi, fojiali yakuni edi, xolos. Ular aslida millat uchun yonib yashagan, mag‘rur va yengilmas ajdodlarimiz edi.

Shuning uchun ham bugunga kelib, biz o‘z kitoblarimiz, maqolalarimiz hamda filmlarimizda jadidlarning ana shunday qiyofalarini yaratishimiz kerak:
MAGʻRUR va GʻOLIB!

Chindan ham taniqli kinorejissyor va ssenarist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Jahongir Ahmedov ko‘pchilik ziyolilarimiz dilidagi gaplarni yozibdi. Shuning uchun ham ushbu fikrlarga ijtimoiy tarmoqda juda ko‘p munosabatlar bildirildi. Kimdir bu gaplardan ranjigan, kimdir tushunmagan ham bo‘ldi. Ammo aksariyat yurtdoshlarimiz millatning ertangi kuniga, tarix va taqdiriga bo‘lgan munosabat eskicha qoliplarda “yashayotganini” ochiq aytdilar. Xususan, uzoq yillardan beri ushbu mavzuga alohida e’tibor qaratib kelayotgan deputat – “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov bunday holatda kino sohasi vakillaridan ko‘proq narsa kutish to‘g‘riroq degan fikrni bildiribdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari bu fikrni quyidagicha izohlabdi: 

“Tarixchilar siyosatchiroq bo‘lishadi, mutanosib ravishda ehtiyotkorroq va yashovchan, kinochilar esa jasurroq va mutanosib ravishda haqiqatchi va noyob! Shu sabab tarixchilar ko‘pu, tariximizning to‘g‘risi kam, kinolarimiz ko‘pu, jasur kinochilarimiz kamdir...”

O‘z fikrlariga xotima yasar ekan, taniqli siyosatchi “Jasur tarixchilar sahnaga chiqqungacha jasur kinochilar nazari bilan o‘rganishimiz manfaatliroq bo‘ladi, shekilli” deb yozadi. 

Tan olmay ilojimiz yo‘q: keyingi yillarda o‘zining uzoq va yaqin tarixini qayta ko‘rib chiqayotgan, va ayrim “davr”larni qayta yozayotgan davlatlarni ham ko‘ryapmiz. 

Hatto bundan 20-30 yillar avval “oddiy oilada tavallud topganman” deya o‘zining xalqqa yaqinligini ko‘rsatgan ayrim davlatlarning siyosatdonlari, ma’lum bir vaqt o‘tgach, oliy tabaqadagi oilada tug‘ilgan buyuk sulola vakili ekanini ta’kidlaganini ham ko‘rdik. 

Shu ma’noda ham tarixchilarning insoniyat oldidagi qarzlari behisob, desak xato bo‘lmaydi. Zero, o‘zimizda ham keyingi 30 yillik mustaqillik davri bo‘lsin, yoki bugungi kun bo‘lsin, millatimizning uzoq va yaqin tarixiga nisbatan arzirli tadqiqotlar olib borilgani xususidagi ma’lumotlar ko‘zga tashlanmayapti. Balki, shuning uchun ham tarixchilarimizning tariximiz haqida umumiyroq fikr bildirishlariga ko‘nikib qolgandirmiz.

Lekin yuqorida ta’kidlanganidek, bugun go‘yo kinochilarimiz tarixchilarimizdan ko‘ra, oldinga o‘tib ketishayotgandek. Nazarimizda, buning aksi: chin tarix, chin solnomalar yaratilganidan keyingina badiiy asarlar yaratilishi kerak. Shunda ham millat oydinlari – milliy qahramonlar obrazini yaratishga kecha bitta kinoni chala-chulpa suratga olgan rejissyor tomonidan hal qilinmasligi, professional ijodkorlardan iborat guruhning tavsiyalari olinganidan keyingina kirishilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi...

Shundagina chin g‘oliblar, chin qahramonlar qiyofasini yaratishdek mas’uliyatli masalada kamroq xato qilardik...