«Katta qirg‘in» ko‘lankasi «quritgan» yana bir chinor

«... Men Olimjonni ilk bor Berlinda – SSSRning Germaniyadagi Muxtor vakili xonasida ko‘rganman. U bilan Berlinda tayyorlov kursida tanishganman. Olimjon o‘ta madaniyatli, bilimdon va tirishqoqligi bilan boshqa talabalardan ajralib turardi. Shundan keyin boshqa shaharga o‘qishga ketdi va biz boshqa uchrashmadik. U nihoyatda vatanparvar inson edi, uning aksilsovet targ‘ibot olib borganiga hech qachon ishonmayman».

Bu jumlalar Germaniyada tahsil olgan Maryam Sultonmurodovaning Olimjon Qodiriyning o‘limidan 18 yil o‘tib bergan ko‘rsatmasidan olindi.

Olimjon Qodiriy 1920 yillarda Germaniyaga tahsil olish uchun yo‘llangan turkistonlik 76 talabaning biri edi. Qodiriy Olim Sadriddinovich 1898 yil 9 sentyabrda Xiva xonligiga qarashli Gurlan tumanida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Gurlandagi yangi usul maktablarida chiqaradi. «No‘g‘ay maktablari» deb nomlangan mazkur maktablar rus tilini o‘rganish uchun qulay, o‘quvchilari asosan hur fikrli, taraqqiyparvar, jadidchilik g‘oyalariga moyil bo‘lib ta’lim-tarbiya olishardi. Olimjon 14 yoshida maktabni tamomlab, Gurlandagi «Zinger» kompaniyasiga farrosh bo‘lib ishga kiradi. U ko‘p o‘tmay tirishqoqlik bilan mustaqil nemis tilini o‘rganib, korxonadagi yetakchi slesarlardan biriga aylanadi.

Ma’lumki, 1916 yili Xiva xonligining bir necha bekliklarini qamragan xalq qo‘zg‘olonlari boshlanadi. Olimjon Qodiriy ham «Yosh xivaliklar» vakili sifatida bu qo‘zg‘olonlarda ishtirok etadi. Qo‘zg‘olonni bostirishga qaratilgan harakatlar natijasida butun xonlik hududida taraqqiyparvarlarga qarshi ta’qib kuchaytiriladi. Oqibatda Olimjon Gurlandan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng, 1918-19 yillarda Petroaleksandrovskdagi 3-harbiy garnizonga oddiy askar bo‘lib xizmatga kiradi. Olimjon ko‘p o‘tmay rus tilini mukammal bilgani uchun garnizon harbiy sudining vakili etib saylanadi. 

1922 yilga kelib Buxoro hukumati tomonidan tanlagan 55 kishilik birinchi guruh Germaniyaga jo‘natiladi. Shundan so‘ng, 20 kishidan iborat ikkinchi guruh Toshkentdan yo‘lga chiqadi. Uchinchi guruh esa Moskvada o‘qiyotgan talabalar: Olimjon Qodiriy, Shamsulbanot Ashrafova, Gulsum Muzaffarova, Gʻani Usmonovlardan iborat bo‘lib, ular Buxoro Xalq Sovet Respublikasi(BXSR) Madaniy ishlar vakolatxonasi rahbari Olimjon Idrisiy boshchiligida yo‘lga chiqishadi.

Bu guruh 1922 yilning oktyabr oyi so‘ngida Germaniyaning Berlin shahriga yetib boradi. Idrisiy ularning yoshi va bilim darajasi va iqtidorlariga qarab, Germaniyadagi o‘quv muassasalari, shuningdek, tezkor til o‘rgatish kurslariga joylashtiradi va ortga qaytadi. Turkistondan Germaniyaga ta’lim olish uchun borgan yoshlar orasida nisbatan yoshi, bilimi va tajribasi katta bo‘lgan Olimjon Qodiriy Berlinda to‘rt oylik tayyorlov kursidan so‘ng, qishloq xo‘jaligi sohasida tahsil olishga qaror qiladi.

Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgach, 1923-27 yillarda Germaniyaning Visenxauzen (Witzenhausen) shahridagi Qishloq xo‘jaligi akademiyasida ta’lim oladi. 1926 yili u amaliyotni o‘sha vaqtdagi Chexoslovakiyaning Bratislava shahri yaqinida o‘tab, oliy ma’lumotli agronom diplomini oladi.
Yevropada oliy ma’lumot olgan o‘zbek agronomi Olimjon Qodiriy 1927 yili O‘zbekistonga qaytib keladi. Biroq, u vatanga qaytgach, Germaniyada tahsil olgan talabalar qatori «ishonchsizlar» ro‘yxatidan joy olganini bilib qoladi. Avvaliga uning Xorazm hududiga kirishiga qarshilik ko‘rsatilib, ish berilmaydi.

Tinimsiz kuzatuv, turli so‘roq va savollarga tortiladi. Faqat 1927 yilning oxirlariga u Farg‘ona vodiysiga kelib ishga joylashadi. Dastlab, qishloq xo‘jaligi bankida mas’ul, keyinchalik Bog‘dod tumanida amaliyotchi agronom, keyinroq Pedagogika institutida faoliyat olib boradi. Biroq, yana ta’qibga uchrab, Farg‘onani tark etadi. 1934 yili Samarqandga ko‘chib kelib, Kuybishev nomli Samarqand Qishloq xo‘jalik institutining «Tuproqshunoslik va umumiy yer ishi» kafedrasiga ishga kiradi. Bu yerda ham ilmi, mahorati, mehnatsevarligi bilan ilmiy jamoa hurmatini qozonib, kafedra dotsenti unvoniga sazovor bo‘ladi.

Samarqand shahrida qo‘nim topgan Olimjon Qodiriy anchadan buyon boshlab qo‘ygan ilmiy tadqiqotlarini davom ettirish maqsadida aspiranturaga o‘qishga kiradi hamda turmush o‘rtog‘i - Samarqand Xalq xo‘jaligi instituti dotsenti Asiya Qrimova hamda farzandlari Qahramon va Gulnorlar bilan tinch va osuda yashay boshlaydi.

Afsuski, 1937 yilga kelib, “Katta qirg‘in” nomini olgan dahshatli o‘lim o‘pqoni boshqa ma’rifatparvar ziyolilar qatori endigina xotirjam, sevgan kasbi bilan shug‘ullanayotgan o‘zbek agronomi Olimjon Qodiriyga ham soya sola boshlaydi...

Osoyishta hayot uzoqqa cho‘zilmay Olimjon Qodiriy «Germaniyada ta’lim olgan va «Ozod Turkiston» aksilinqilobiy josuslik tashkiloti a’zosi» deya, O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 62 (aksilsovet targ‘ibot) va 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalari bilan ayblanadi. Eng qizig‘i, adolatsiz tuzumning boshqa qurbonlari kabi uni qamoqqa olish uchun order 1937 yil 7 sentyabrda, ya’ni ayblov qarori chiqishidan bir kun oldin beriladi. «Katta qirg‘in» an’anasiga ko‘ra, 1937 yil 8 sentyabrda uning xonadoni – Samarqanddagi Traktor ko‘chasining 6-korpus, 16-uyida tintuv o‘tkaziladi.

Tintuvda unga tegishli pasport, partbilet, xatlar, nemis tilidagi 56 ta kitob, oilaviy va shaxsiy suratlari, va hatto oddiy xo‘jalik ashyolari hamda 2500 so‘mlik shaxsiy omonat daftarchasi musodara qilinadi. Tintuvning ertasi kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan dastlabki so‘roqda tergovchilar Olimjon Qodiriyning Germaniyaga borishi tarixi bilan qiziqib, uning Olimjon Idrisiy, Zaki Validiy, Sadri Maqsudiy va Mustafo Cho‘qaylar bilan aloqasi bor yo‘qligiga e’tibor qaratadilar.

Toshkentda o‘tkazilgan navbatdagi so‘roqda esa uning shaxsiy hayoti taftish etiladi. 29 sentyabrda chiqarilgan qarorda Olimjon Qodiriyga «... 1922-27 yillar aksilinqilobiy «Ozod Turkiston» tashkiloti a’zosi; 1927 yil SSSRga josuslik maqsadida kelgan; Nemis razvedkasi foydasiga ish olib borgan» degan ayblovlar qo‘yiladi.

1937 yil 20 oktyabrda o‘tgan so‘nggi so‘roqda esa uni umuman guvohi bo‘lmagan voqealar yozilgan qog‘ozlarga imzo chekishga majbur qilishdi. Katta ehtimol bilan unga bu qog‘ozlarni o‘qib ko‘rish imkoni ham berilmagan. Ta’kidlanishicha, qog‘ozlarda qayd etilgan va markazi Berlinda ekani aytilgan «Ozod Turkiston» nomli tashkilot bo‘lganini sobiq talabalar faqat qamoqqa olinganlaridan so‘nggina eshitishgan. Bundan tashqari,  Idrisiyning turk polisiyasida ishlagani, nemis josusi sifatida  Rossiyaga borgani haqidagi safsatalar ham tergovchilarning «kashfiyot mahsuli» edi.  

Shunday qilib, Olimjon Qodiriy imzo chekkan qog‘ozlarda u hatto nomini ham eshitmagan tashkilot a’zolari haqida tergovchigagina «ma’lum» bo‘lgan barcha rost va yolg‘onlar aks ettiriladi. Ajablanarlisi, 1927 yilning yanvar oyida SSSRga qaytish oldidan Idrisiy Olimjonga go‘yoki shunday maxfiy topshiriq bergan: Hozircha vatanlaringda paxta va g‘alladan yuqori hosil yetishtirishda zararkunandalik ishlarni olib boraveringlar, keyinroq Berlinga maxfiy ma’lumotlarni yetkazib turasanlar.» Sovetcha tergov uning go‘yoki xavfli jinoyatchi ekanini to‘la «isbotlaydi» va tergov yakunlanadi.

1938 yil 2 oktyabr kuni Olimjon Qodiriy bilan birga Germaniyada tahsil olgan sobiq talaba Temur Kazbekov o‘rtasidagi yuzlashtirishda ayblov bayonnomasida O.Qodiriyga nisbatan qo‘llanilgan va isbotini topmagan barcha ayblovlar qaytariladi. Uning sobiq talaba Solih Muhammad bilan bir martalik tasodifiy uchrashuvi esa josuslik maqsadida va g‘arazli aloqa o‘rnatish, deya baholanib,  O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 57-(Vatanga hiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 58-(qurolli qo‘zg‘olonga harakat), 64- (Sovet davlatiga qarshi terakt), va 67-(aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi aks ettiriladi.

Afsuski, Olimjon Qodiriy o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni har qancha inkor etib, tuhmat ekanligini ta’kidlamasin, 1938 yil 9 oktyabr soat 11:15dan 11:35 gacha davom etgan mash’um «Uchlik» (NKVD troyka) sudi uni otuvga hukm etadi. Hukm o‘sha kuniyoq ijro etiladi...

Faqat oradan uzoq yillar o‘tib – 1956 yilning 18 aprelida Olimjon Qodiriyning turmush o‘rtog‘i Asiya Qrimova SSSR Bosh Prokurori Roman Rudenko nomiga ariza yozadi. Unda erining 1937 yil 8 sentyabrda qamoqqa olingani, 1939 dekabrida Mehnat tuzatish lageriga yuborilgani haqida xabar berilgani, ammo qayerga va qancha muddatga hukm etilganini aytilmaganini bayon qiladi. Shuningdek, hamon erining taqdiri haqida hech bir ma’lumot yo‘qligini aytib, qayta tergov o‘tkazilishini so‘raydi. Toshkentda yashayotgan o‘g‘li Qahramon Qodiriy ham 1956 yilda TurkVO (Turkestanskiy voyennыy okrug) harbiy prokurori nomiga ariza yo‘llab, otasi haqida ma’lumot berishlarini so‘raydi.

Ushbu ikki arizaga binoan Olimjon Qodiriy ishi bo‘yicha qayta so‘roq boshlanadi. O‘sha vaqtda tirik bo‘lgan va uni yaxshi bilgan kishilar birin-ketin guvohlikka chaqiriladilar.
Dastavval so‘roqqa Germaniyada ta’lim olgan talabalardan omon qolgan yagona vakila Maryam Sultonmurodova chaqiriladi va undan yuqorida keltirilgan ko‘rsatma olinadi. 

1956 yilning 15 noyabrida bo‘lib o‘tgan qayta tergov jarayonida esa Olimjon Qodiriyning yana bir kasbdoshi – Samarqand qishloq xo‘jalik institutining Botanika kafedrasi rahbari Saidov Jo‘ra Kamolovich quyidagilarni aytadi: «Olimjon Qodiriy bilan bir kafedrada ishlaganmiz, ammo men u kishi bilan ko‘p vaqt aloqada bo‘lmaganman. Bilganim, u kishi nihoyatda bilimli inson edi. O‘sha vaqtlarda institutda darsliklar yetishmasdi. Shuning uchun, u bu kamchilikni tugatish borasida, ayniqsa, o‘zbek tilidagi darsliklarni tayyorlash ishida juda katta ishlarni amalga oshirgan. Olimjon Qodiriyni 1936 yildan so‘ng tanigan bo‘lsam-da, men uning hech bir noto‘g‘ri faoliyatini ko‘rgan ham, eshitgan ham emasman».

Qayta tergovlar natijasida Sobiq SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasining 1957 yil 2 avgustdagi qarori bilan «Uchlik»ning 1938 yil 9 oktyabrdagi qarori bekor qilinib, Olimjon Qodiriy oqlanadi. Hatto, 1937 yilgi tintuv vaqtida tortib olingan 56 ta kitob uchun (har birini 8 so‘mdan) 476 so‘m, 5 ta surat uchun 28 so‘m va omonat daftarchasidagi pul foizi bilan 3000 so‘mga hisoblanib, Qahramon Qodiriyning manziliga yuboriladi.

Balki bu bilan oila a’zolarining ko‘ngli taskin topgandir. Balki Sovet tuzumi shu yo‘l bilan adolatni tiklagandir, ammo, Olimjon Qodiriydek ziyoli insonning nohaq yo‘q qilinishi bilan uning oilasi va vataniga yetkazilgan ma’naviy zararni hech bir tovon bilan o‘lchab bo‘lmasdi. 

Kelini Lola Qodiriy o‘z xotiralarida shunday yozadi:

«Qaynonam Asiya Qrimova qaynotam Olimjon Qodiriyni juda ko‘p eslardilar. U kishi nihoyatda bilimdon, g‘ayratli va madaniyatli inson bo‘lgan ekanlar. U kishining onasi oddiy o‘zbek ayoli bo‘lgan, otasi Sadriddin Qodir o‘g‘li Gurlandagi obro‘li oila farzandi, harbiy bo‘lgan ekan. U kishi ma’rifatparvar inson bo‘lgan va o‘g‘li Olimjonning zamonaviy ta’lim olishiga, rus va nemis tillarini o‘rganishiga o‘zi rahbarlik qilgan ekan.»

O‘qib, guvohi bo‘lganingizdek, «Katta qirg‘in» ko‘lankasi soyasida yana bir ma’rifatparvarning hayotiga ham, ilmiy faoliyatiga ham ko‘r-ko‘rona, xudbinlik bilan nuqta qo‘yilgan. Bu kabi harakatlar nafaqat, millat ziyolilarini «quritish» balki millatimizning ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, milliy qadriyatlari ildiziga bolta urish bo‘lganini esa tarix qayta va qayta hikoya qilmoqda.