Taniqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy bilan Sharof Rashidovning murosasi kelishmaydi deb eshitib yurar edim. Kimdan o‘tgan, nimadan boshlangan buyog‘idan xabarim yo‘q. Elas-elas yodimda qolgani shuki Sharof aka 50-yillarning boshida ma’lum muddat “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Mirzakolon aka mas’ul kotiblik qilgan. Ularning orasida nima gap bo‘lgan bo‘lsa o‘shanda bo‘lgan. Har qalay, xizmat yuzasidan.
O‘zbekiston tuprog‘ida eng jabrdiyda kishilardan kimni bilasan desangiz, shu Mirzakalon Ismoiliy edi, o‘ylashimcha. Uzoq muddat urushda zobit bo‘lib xizmat qilgan va Berlingacha fashistlarni ta’qib qilib borgan. Urushdan qaytgach uzoq muddat sho‘ro turmalarida siyosiy mahbus bo‘lib yotgan. Qo‘yingki bir mazlum inson edi.
Ammo Mirzakalon iste’dodli adib va zukko murabbiy bo‘lishdan tashqari, nihoyatda mohir, tug‘ma tarjimon edi. O‘z davrida she’riy tarjimada Mirtemir bo‘lsa, nasriy tarjimada Mirzakalonning oldiga tushadigani bo‘lmagan.
Har ikki adib kamoli kamtarin va kamsuqum bo‘lishganidan hayotligi chog‘ida ularning o‘zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uzoq yillar munosib taqdirlanmasdan keldi.
1980 yil bo‘lsa kerak, bir kuni Sharof akaga xat yozib Mirzakalon haqida o‘zimcha fikr bildirib, kattakonning e’tiborini unga qaratmoqchi bo‘ldim. Ammo men o‘yimni o‘ylab bo‘lguncha....
Bir kuni ne ko‘z bilan gazetaga qarayki, yozuvchi M. Ismoiliyga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvoni berilibdi.
Obbo! Kimdir mendan oldinroq ulguribdi-da deb o‘yladim.
Oradan biroz o‘tib domlani uylariga tabriklashga bordik. Ammo ustozning avzolari buzuq edi.
– Ko‘rmaysizmi domla, shu yerda ham bizni kalaka qilishdi. Qanaqasiga kamina san’at arbobi bo‘layin. Nima men artist yoki otarchimidim? – deb qattiq gina qildilar.
– Yo‘g‘-e, san’at arbobi bo‘lish uchun teatr yoki sirk artisti bo‘lish shart emas. Avvalo, badiy adabiyot ham so‘z san’ati. Mana Izzat Sulton. U kishi ham fan arbobi emasku, garchi akademik bo‘lsa ham. San’at arbobi! Kattakonning sizga qilgan e’tibori bu – Mirzakalonni yupataman.
Bu gaplardan keyin Mirzakalon “bekorga xafa bo‘libman” deb xijolat chekdi. Unga boqib men hayratlanardim: inson qancha buyuk bo‘lsa, shuncha sodda bo‘larkan-da.
Sharof aka vafot etgan kuni Ismoiliyga “eski qadrdonlar”dan biri qo‘ng‘iroq qilib o‘zicha “suyunchi” olmoqchi bo‘libdi:
– Tabriklayman, Mirza aka, mana raqibingiz Rashidov o‘libdi. Endi xursandmisiz?
Mirzakalon uni gaplarini eshitib titrab-qaqshab, tutaqib ketadi.
– Ey badbaxt, esi past odam. Birovning vafoti bilan ham tabriklaydimi? Esiz. Kim aytuvdi uni meni dushmanim deb! Ajali yetganda hamma o‘ladi. Bandalik bu. Bunday paytda xursand bo‘lmaydilar, ta’ziya bildiradilar. He, seni qarayu!...
Sharof Rashidovning jasadi solingan tobut vidolashish uchun San’at saroyi sahniga qo‘yilgan. Bunday katta motamni ko‘rgan emasman. Ko‘cha va xiyobonga yer yorilib tumonat odam chiqqan. Shunda ko‘rib qoldim, olomon ichida, turtilib-surtilib, Mirzakalon Ismoiliy domla ham abgor holda sel bo‘lib yig‘lab borar edi....
Gʻaybulloh as-Salom domlaning “Ey umri aziz” kitobidan.
Rustamjon Fazliddinov sahifasidan olindi.