Eng qimmat va qadrli meros bu tarbiyadir

Eng qimmat va qadrli meros bu tarbiyadir

Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi islohotlarning eng muhim yo‘nalishiga aylangani bejiz emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 30 yoshgacha bo‘lganlar qariyb 20 millionga yetib, aholining 56 foizini tashkil qilmoqda. Mehnat bozoriga har yili 600 ming nafardan ziyod yoshlar kirib kelayotgani va bu raqam yaqin yillarda 1 millionga yetishi kutilayotgani yoshlar masalasiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytirilishi lozimligini ko‘rsatadi, albatta.

Yangi avlod vakillari haqida gap borganida Prezidentimiz tomonidan so‘nggi yillarda yoshlar masalasida 20 dan ortiq milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar ilgari surilganini va ularning aksariyati xalqaro doirada e’tirof etilayotganini aytish joiz. Joriy yilning “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani ham bu masala davlatimizning doimiy e’tiborida ekanidan dalolatdir. 

Olimlarning aniqlashicha, inson hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda olarkan. Ya’ni, bola bu davrda dunyoni anglaydi, ona tilisini o‘zlashtirib, ota-onasi, oilasi, yaqinlari va Vataniga mehri uyg‘onadi. Albatta, bunda oilaning o‘rni beqiyos. Shu bilan birga, maktabgacha ta’limning ahamiyati ham katta. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda maktabgacha ta’lim uzluksiz o‘qitish tizimining ajralmas qismiga aylandi. 

Qisqa vaqtda 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 74 foizga yetdi. Tizimni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinib, unda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish belgilab qo‘yildi.

Ta’kidlash lozim, yoshlar jamiyat taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy kuch, innovatsiyalar, g‘oya va yechimlar manbai hamdir. Buning isbotini aql-zakovati, salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan, o‘z bilimiga ega qat’iyatli yoshlarning muhim davlat lavozimlariga tavsiya etilayotganida ham ko‘rish mumkin. Ya’ni, bugun yosh kadrlarni tayyorlashga islohotlar drayveri sifatida qaralmoqda va bunda har tomonlama yetuk, zamanaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan yosh mutaxassislarni tayyorlashga har qachongidan katta e’tibor qaratilayotir. Shu maqsadda yurtimizda tashkil qilingan oliygohlar soni 213 tadan oshdi va bugun ularda 1 mln 300 ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. 

Umuman, mamlakatimizda yoshlarga munosib ta’lim-tarbiya berish, ayniqsa, ularni qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejizga emas. 

Chunki keyingi yillarda dunyoning ko‘plab mamlakatlari yoshlari orasida vatanparvarlik hissining yo‘qolib borayotgani, loqaydlik, yengil-yelpi hayot yo‘lini tanlash, ayniqsa, bilib-bilmay oilaviy qadriyatlardan uzoqlashish holatlari “boy berilgan avlod” iborasining bejiz paydo bo‘lmaganini ko‘rsatmoqda. Hatto yoshlar orasida an’anaviy oilani eskilik sarqiti deb bilish oddiy holga aylanayotgani milliy qadriyatlarni tarbiya asosiga aylantirish lozimligidan dalolat bermoqda. Millatning, xalq va davlatlarning ertasi bilan bog‘liq bunday muammolarning tobora avj olayotgani XXI asrda tarbiyaning tom ma’noda hayot-mamot masalasiga aylanganini anglatadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 12,3 foizini 60 yoshdan oshganlar tashkil qiladi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 16,5 foizga, 2050 yilda esa 22 foizga yetishi kutilyapti va shu tariqa dunyoda tug‘ilishlar soni kamayib, Yer yuzi aholisining keskin “keksayishi” ro‘y beradi.
Ma’lum bo‘lishicha, yigirma yildan buyon demografik pasayish xolatini boshdan kechirayotgan Yaponiya bu borada yetakchi ekan. 127 million nufusga ega “kunchiqar” yurt aholisining 33 foizi ayni paytda 60 yoshdan oshgan. Tahlilchilarning fikricha, bu ko‘rsatkich 2050 yilga borib 40 foizdan oshadi. 

Bunday holat Yevropada ham kuzatilmoqda. Jumladan, hozir Germaniya aholisining 28 foizini 60 yoshlik dovondan oshganlar tashkil qiladi. Finlandiya, Fransiya, Italiya, Portugaliya, Daniya va hatto Rossiyada ham shu ahvol. Umuman, Yevropa aholisi 2050 yilga borib 14-15 millionga kamayishi mumkinligi ta’kidlanyapti.

Bunday o‘zgarishlar ishga yaroqli aholi sonining kamayishi va bu migratsiya oqimining kuchayishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiy inqirozlarni yuzaga keltiradi. .

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday muammolarning asl sababi yoshlar tarbiyasidagi bo‘shliq bilan bog‘liq. Bugun ana shunday muammolar bilan yashayotgan davlatlarda kech bo‘lsa-da, qadriyatlarni asrash masalasi yana kun tartibiga chiqa boshladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yoshlarga vatanparvarlik ruhida ta’lim-tarbiya berish, tarbiyani bog‘chadan to‘g‘ri tashkil etish, bu jarayonda oilaviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, urf-odatlarni yoshlarimiz ongiga singdirish “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham partiyamizning “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” g‘oyasi asosida tayyorlanayotgan yangi Saylovoldi dasturida bu masalalarga ustuvorlik berilayotir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi avlod vakillarining har tomonlama barkamol inson bo‘lib yetishishlariga hissa qo‘shishdir. 
Partiyaning 29 yillik faoliyati ham yoshlar masalasiga mavsumiy qarab bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Bugun biz mahalliy kengashlardan tortib, qonun chiqaruvchi oliy organ – Parlamentda ham yosh va iqtidorli deputatlar bo‘lishi uchun harakat qilyapmiz. 

To‘g‘ri, Oliy Majlis Qonunchlik palatasi qoshidagi Yoshlar parlamenti va partiyaning “Yoshlar qanoti” faoliyati orqali muayyan maqsadlarimizga erishyapmiz. Ammo tan olishimiz kerak: hali biz kutilgan darajada eng chekka qishloq va mahallalargacha yetib bormadik. Ayrim deputatlarimiz ham yoshlar masalasiga yetarli darajada e’tibor qaratayotgani yo‘q. Buni turli darajadagi uchrashuv va muloqotlarda qalbi toza, g‘ururli va jo‘shqin kayfiyatdagi yoshlar bildirayotgan mulohaza va hatto siyosiy partiyalar faoliyatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlaridan ham bilishimiz mumkin. 

Bunday holatlardan eng avvalo, biz – siyosiy partiyalar vakillari to‘g‘ri xulosalar chiqarib, yoshlar bilan ishlash uslublarimizni zamonaviylashtirishimiz kerak. 
Ma’lumki, partiyamiz a’zolari orasida 200 mingdan ziyod yoshlar bor. Bu shubhasiz, juda katta kuch. Va, biz ana shu kuch imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz lozim. Bugun globallashayotgan dunyoda yoshlarga har xil tahdidlar kuchayayotgan bir sharoitda bu masalada xato qilishga haqqimiz yo‘q. Zero, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganlaridek: “Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”. Shu ma’noda,  eng qimmat va qadrli meros bu tarbiyadir.