11 tanob yer uchun o'lim hukmi...

11 tanob yer uchun o'lim hukmi...

Kundan-kunga tarixning hali tarixchilar nafasi yetmagan sahifalari ko‘pligiga amin bo‘lyapmiz. Xususan, qatag‘on, surgun-u, quvg‘in yillarida qancha millat oydinlari nom-nishonsiz yo‘qoldilar. O‘sha davrni arxivlar asosida o‘rganganimizda, sahifalardan birida zirabodlik Mustafo Yusupovning taqdiriga oid ma’lumotlarga ko‘zimiz tushdi... 

1937-1938 yillarda paydo bo‘lgan “Katta qirg‘in” deb nomlangan haqiqiy o‘lim o‘pqoni chegarasini tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Sovetning jazo uylari davlat rahbarlaridan tortib, jamoat arboblarigacha, ijod ahli, harbiylardan tortib, dindorlargacha to‘lib ketgandi. Ular orasida chol-u, kampirlar, hatto, emizikli go‘daklargacha bor edi.

Ko‘hna Buxoroning har bir kenti-yu, guzarining o‘z o‘tmishi, o‘z tarixi bor. Zirabod qishlog‘i ham Buxoroning o‘ziga xos tarixiy makonlaridan biridir. Zirobodlik Yusuf boboning asli kelib chiqishi Eronning Mashhad shahri atroflaridan bo‘lib, bu yerlarga savdo ishi bilan kelib qolgan ekan. Biroq amirlik ag‘darilib, uning o‘rnida sovet hukumati qaror topishi bilan Buxoro hududida uzoq vaqtlardan buyon tinch-totuvlikda yashab kelayotgan ko‘plab xalqlar orasiga ham rahna solinadi.

Avvaliga sinfiy kurash bahonasi bilan qirg‘inlar avj oladi. Ko‘p o‘tmay, aksilinqilobiy tashkilot a’zosi, chet el ayg‘oqchisi, josus, degan bo‘htonlar bilan odamlarni yo‘q qilish kampaniyasi ish boshlaydi. Eng dahshatlisi, NKVDning uchinchi va to‘rtinchi bo‘limlari o‘rtasida odamlarni qamoqqa olish bo‘yicha “kim o‘zar”ga poyga boshlanib, qurbonlar ortgandan ortib boraveradi.

Taqdirni qarangki, Mustafo Yusupov ham ularning “o‘lja”siga aylanadi. U “1928 yili paxta bo‘yicha davlat rejasini bajara olmagan”, degan bahona bilan qamoqqa olinib, ikki yil mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. 1930 yil esa Buxoro viloyatida o‘tkazilgan yer islohoti vaqtida M.Yusupovni “11 tanob yeri, 2 ta sigiri bor”, deb quloqqa chiqarishadi va yana 4 yilga qamashadi.

1938 yil 14 apreliga kelib esa NKVD M.Yusupovni aksilsovet targ‘ibotida ayblab, qamoqqa oladi. 1938 yilning 15 aprelida kuni uning xonadonida tintuv o‘tkaziladi va dalolatnoma tuzilib, uydagi bor narsalari tortib olinadi. Uning shu kuni to‘ldirilgan anketasida yozilishicha, oilasi xotini Nazokat Yusupova (1899), o‘g‘li Xolmurod (1924) va qizi Fotimalardan iborat bo‘lgan. Bu galgi qamalishiga uning Eronga borishi bilan bog‘liq chaquvlar sabab bo‘lgandi. Tintuvdan 4 kun o‘tib, Mustafo Yusupov: “Men hech qachon Eronda bo‘lmaganman. Eronning Turbat shahrida otamning aka-ukalari yashashadi. Otam ular bilan vafotiga qadar, ya’ni, 1926 yilgacha aloqada bo‘lgan, ammo keyin aloqalar uzilib qolgan. Men hech vaqt qorako‘l savdosi bilan ham shug‘ullanmaganman”, deya bayonot beradi.

1938 yilning 22 aprelida esa guvohlar A.Avizov va N.Mamadaliyevlar bilan yuzlashtirilganda ham u o‘zining Eronga borgani va aksilinqilobiy targ‘ibotchi ekanini qat’iyan rad etadi. Shundan keyin unga nisbatan yanada og‘ir iskanjalar qo‘llanadi. Oqibatda u: “Amirlik davri bundan ancha yaxshi edi. Kolxoz bu, xalqni aldashdan boshqa narsa emas, sovetlar davlatida xalq uchun na tayinli ish, na yeyishga non bor”, degan gaplar yozilgan kog‘ozlarga majburan imzo chektiriladi. Shundan keyin esa otasi bilan Eronga yashirin borgani va Mashhad shahrida buxoroliklar karvonsaroyida yashab, qaytganini “tan oladi”.

Ayblov bayonnomasi O‘zSSR IIXK o‘rinbosari va O‘zSSR Prokurori tomonidan imzolangandan so‘ng, 1938 yilning 14 aprelida qamoqqa olingan Mustafo Yusupov “ishi” 29 apreldayoq yopiladi. U turmada olti oy davomida “uchlik”ning hukmini kutib yotadi. 1938 yilning kuzida sud M.Yusupovni 5 yilga MTLga surgun etish haqida qaror chiqaradi.

Afsuski, 1938 yil 17 noyabr kuni bo‘lgan qayta sud uni hech bir qo‘shimcha vajlarsiz otuvga hukm etadi...
Uning qizi Fotima ham otasidan so‘ng uzoq yashay olmaydi. Hali 16 yoshga to‘lmagan o‘g‘li Xolmurod esa 1941 yili urush boshlanishi bilan birinchilardan bo‘lib frontga yoziladi. U “xalq dushmani”ning o‘g‘li degan kamsitishlar bilan yashagandan ko‘ra, o‘ziga urush maydonini ma’qul ko‘radi.

Xolmurod Mustafoyev Belorussiya hududlarini dushmandan ozod etishda qahramonlarcha kurash olib boradi. Jangda og‘ir yaralanadi va O‘zbekistonga qaytib, davolanadi. Xolmurod uyiga qahramon sifatida kelib, bir muddat turgach, o‘z ixtiyori bilan yana frontga qaytadi. 1944 yili jahon urushining so‘nggi shiddatli hujumlardan birida u asirga tushib, Fransiya, Angliya davlatlari orqali 1945 yilning so‘ngidagina Murmanskka keltiriladi. Biroq bu paytga kelib, sovetlar sobiq qahramonlarga nisbatan o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘lardilar. Dahshatli qiynoqlarni boshidan kechirgan Xolmurod Mustafoyev Chelyabinsk viloyatining Plast shahrida 13 yillik majburiy mehnat jazosiga hukm etiladi.

U shaxtada 300 metr chukurlikda og‘ir sharoitda mehnat qiladi. Ish vaqtida oyog‘ini sindirib, gospitalda davolanayotganda tatar qizi Halimabonu bilan tanishib, bir-biriga ko‘ngil qo‘yishadi. Oila qurib, 2 farzandli bo‘lishadi. Faqat 1954 yil – Stalinning vafotidan so‘nggina o‘g‘li Jumamurod va qizi Gulbonular bilan Buxoroga qaytishga muvaffaq bo‘lishadi. Yolg‘iz farzandini diydoriga yetgan Nazokat aya 1966 yilning yozida turmush o‘rtog‘i Mustafo Yusupovning taqdiri bilan qiziqib, mas’ul idoralarga ariza yozadi. Afsuski, uning murojaatiga hech qanday javob bo‘lmaydi. 1990 yil 13 martga kelib, O‘zSSR Prokuraturasi qarori asosida M.Yusupovning ishi qayta ko‘rilib, uning aybsizligi tan olinib, oqlanadi.

Biroq bu haqida uning farzandlariga hech qanday xabar yo‘llanmaydi. Sho‘rlik Nazokat aya yostiqdoshining oqlangani haqidagi xabarni kuta-kuta olamdan o‘tdi. Yolg‘iz o‘g‘li Xolmurodning ham otasini so‘rab murojaat etmagan joyi qolmaydi. Hatto, mas’ul sovet idoralari aybsiz yo‘q qilib yuborilgan otasini qaytib so‘ramasligi uchun uni “qulog‘idan cho‘zib qo‘yishadi”. 

Istiqloldan keyingina “Katta qirg‘in” va qatag‘on yillari qurbonlarining o‘tmishi, achchiq qismatlarini qaytadan o‘rganish ishlari boshlab yuboriladi. Xolmurod Mustafoyevning qahramonliklarini esa belorus xalqi unutmaydi. Belorussiya Prezidenti A.Lukashenko tomonidan uning nomiga medal va xatlar keladi. Shu tariqa 2016 yilning 24 may kuni “Shahidlar xotirasi” maydonida uning ramziy qabri paydo bo‘ladi…