Chingizxon mo‘g‘ul bo‘lmagan!

Chingizxon mo‘g‘ul bo‘lmagan!

“Milliy Tiklanish” gazetasining 2024 yil 13 martdagi “Chingizxon mo‘g‘ul bo‘l(ma)gan” nomli maqolasiga raddiya

O‘zbeklar dunyo harb ilmining daholarini yetishtirib bergan qadimiy xalq hisoblanadi. Biroq bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘z milliy tarixini o‘rganish borasidagi harakatlar ular o‘rtasida go‘yo musobaqa ketayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Bu jarayonda Turkistonning markaziy qismida, hususan O‘zbekiston zaminida tug‘ilgan mashhur shaxslarni u yoki bu qo‘shnilarimiz bizning ajdodimiz deya da’vo qila boshladilar. Aslida, bu tabiiy hol. Bu musobaqaga ilk zamin 1991 yilda emas, undan oldinroq, aniqrog‘i, 1923-1925 yillarda - Turkiston zamini parchalanib, o‘rnida milliy davlatlar tuzilganidan keyin boshlandi.

Xullas, Turkiston xalqlarining bir birining ajdodini meniki deyishini qaysidir ma’noda to‘g‘ri tushunish mumkin. Lekin oramizda Turkiston farzandi bo‘lmagan Chingizxonni o‘zbek deb atayotgan, o‘z qarichi bilan isbotlayotgan “olim”lar ham uchramoqda. 36 millionlik katta xalqmiz, bu xalq ichida har turli odam bo‘ladi, buni ham tushunish mumkindir. Biroq, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining rasmiy gazetasida bunday safsatadan iborat maqola chop etilgani mutlaqo tushunarsiz. 

Milliy Tiklanish gazetasining 2024 yil 13 mart sonida SamDU dotsenti Erkin Musurmanovning “Chingizxon mo‘g‘ul bo‘l(ma)gan” nomli maqolasi chop etildi. Ushbu maqola boshidanoq safsata bilan boshlangan. Quyida bu maqolani ko‘rib chiqamiz:

“Qadimgi O‘zbekiston zaminida, jumladan, ko‘hna Xorazmda Qiyot nomi bilan bog‘liq toponimlarning ko‘pligidan bu urug‘ning yurti aynan shu makon bo‘lganligi oydinlashadi. Buyuk bobomiz Beruniy Qiyot kentida tug‘ilgan (4-sentyabr 973 yil), ulug‘ o‘zbek shoiri Ogahiy esa 1809 yili Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida tug‘ilib, 1874 yili vafot etgan”. 

Biroq, O‘zbekiston zaminida, jumladan, ko‘hna Xorazmda Qiyot nomi bilan bog‘liq toponimlar ko‘pligi bu urug‘ning yurti aynan Xorazm bilan bog‘liqligini bildirmaydi. Qiyot etnonimi bilan bog‘liq toponimlarning paydo bo‘lishi mo‘g‘ullarning Turkistonga yurishlari bilan bog‘liq. Ya’ni ularning Turkistonga yurishigacha bu zaminda Qiyot toponimi yoki etnomi bo‘lmagan. Buyuk bobomiz Beruniy Qiyot kentida emas, Xorazmning Gurganch shahridan oldingi markazi bo‘lgan Kat shahrida tug‘ilgan.

“Yurtimizda, jumladan, Xorazm, Surxondaryo, Samarqand va boshqa hududlarda qo‘ng‘irot eli nomi bilan ataladigan toponimik joylar ko‘p! Zotan, bu el vakillari shu joylarda yashashgan. O‘zbek xalq eposi qahramoni Alpomish ham qo‘ng‘irot eli vakili. Ayrim tarixchilar tomonidan mongol, deb kelingan Chingizxon ota tomonidan qiyot, ona tomonidan qo‘ng‘irot eli o‘g‘loni bo‘lgan”. 

Xorazm, Surxondaryo, Samarqand va boshqa hududlardagi qo‘ng‘irot nomi bilan bog‘liq toponim va etnonimlar mo‘g‘ullarning Turkistonga yurishidan so‘ng paydo bo‘lgan. 1220-yilga qadar Chingizxonning na ota urug‘i yoki na ona urug‘i bu yerda yashagan.

Maqolada Chingizxon ajdodlari “Qiyotlarning “Bo‘ritegin” (“Bo‘rchig‘an”) tarmog‘i” ga mansubligi ta’kidlanadi. Chingizxon Bo‘ri tegin emas “Bo‘rjigin” tarmog‘iga mansubdir. U mo‘g‘ullarning Nirun mo‘g‘ullari guruhiga kirgan bo‘lib, uning afsonaviy asoschisi Bodonchar bo‘lgan[1]. Bu urug‘ Turkistonda umuman yo‘q, lekin Mo‘g‘ulistonda bu etnonim hozir ham mavjud. Shuningdek, Bo‘rjigin urug‘i va uning avlodlari genetik jihatdan ham o‘rganilgan bo‘lib, ularning gaplogruppasi S2[2] hisoblanadi. Bu gaplogruppa asosan Sharqiy Osiyoda tarqalgan. O‘zbeklar orasida R1a, J2, , K, G, N, D gaplogruppalari ko‘pchilikni tashkil etadi[3]. Faqatgina Farg‘ona vodiysida kam miqdorda S2 gaplogruppasi mavjud[4].

Shuningdek, maqolada Chingizxonning asl ismi bo‘lgan Temuchin - Temur Chin bo‘lganligi, onasi Bo‘rteni esa Bo‘ritoy bo‘lganligi aytiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, turkiy tillar ham, mo‘g‘ul tili ham Oltoy tillar guruhiga kiradi. Shuning uchun bu tillardagi so‘zlarning bir qismi bir-biriga biroz yaqin. Masalan mo‘g‘ul tilidagi seseg so‘zi o‘zbekchada chechak, ya’ni gul degan ma’noni beradi. Ya’ni mo‘g‘ulcha Bo‘rte so‘zining o‘zagida bo‘ri bo‘lishi mumkin. Lekin bu Bo‘rteni mo‘g‘ul emas, deyishga asos bo‘lmaydi.

“Chingizxon o‘z davlatida xitoy yoki tibet yozuvini emas, balki hamma turkiy qabilalar uchun tushunarli bo‘lgan uyg‘ur yozuvini tatbiq qilgan”.

Bu masalaga kelsak: Chingizxon hokimiyat tepasiga kelgan davrda ko‘proq Oltoydagi mo‘g‘ullar va turkiylar uyg‘ur alifbosini qo‘llagan. Ya’ni, Chingizxongacha bu yerda Xitoy iyerogliflari yoki boshqa yozuv urfda emas edi. Bu Chingizxonni aynan turkiylar tushunishi uchun uyg‘ur alifbosidan foydalandi, degani emas.

Maqolada Chingizxonni “Xalxa-mongollarning ona bug‘usiga (buddizm va shamanizmga ham) emas, balki turkiylarning Ko‘k Tangrisiga sig‘ingan”, deyiladi.
Chingizxonning e’tiqodida haqiqatdanam ham shamanizm, tangrichilik ustunlik qilgan. Chunki, Oltoyda shamanizm va tangrichilik yetakchi edi. U tabiiy ravishda tangrichilikka e’tiqod qilgan, shuningdek, doimiy ravishda yonida shaman bo‘lgan. Mo‘g‘ulistonga XVI asrdan keyingina Tibet buddizmi kirib kelgan.

Yana maqolada “Chingizxonning ajdodlari va avlodlari, qo‘mondonlari ismlari turkiycha bo‘lgan” deyiladi. 
Yana ta’kidlaymiz: mo‘g‘ul va turkiy tillar guruhi bir oilaga – Oltoy tillar oilasiga mansub bo‘lgani uchun ham o‘xshash so‘zlar ko‘p. Sababi Oltoyda faqatgina mo‘g‘ullar emas, ulardan-da ko‘proq tukiylar yashagan. Tabiiy ravishda bir tildagi ismlar boshqa tilda ham ishlatilgan. Masalan, 2023-yilda O‘zbekistonda eng ko‘p qo‘yilgan ismlar 10 taligida - Muhammad, Muhammadali, Mustafo, Abdulloh, Soliha, Yasmina, Muslima, Imron, Hadicha, Imona ismlari qo‘yilgan[5].

Bu yerda 10 ta ismning barchasi arab tilidan kelib chiqqan. Bu degani bu ism qo‘yilgan 100 minglab o‘zbek farzandlari arab, degani emas-ku. Shu jihatdan Chingizxon davrida mo‘g‘ullar va turkiylar orasida urfda bo‘lgan ismlarga qarab ularning kelib chiqishini aytib bo‘lmaydi. Shuni esdan chiqarmaslik kerak-ki, Mo‘g‘uliston zaminida faqatgina mo‘g‘ullar emas, turkiylar ham yashagan. O‘rxun-Enasoy bitiklari bunga yetarlicha misol bo‘la oladi. Qiyot, qo‘ng‘irot va boshqa urug‘lar Chingizxonning Turkistonga yurishidan keyin kelgan turkiylashgan urug‘lardir. Ular tabiiy ravishda o‘zbekning 92 urug‘iga kiradi. 

Maqola muallifi bugungi kunda mo‘g‘ullar orasida urfda bo‘lgan ismlarni keltirib, Chingizxon davridagi ismlardan farq qilishini, bu farq esa Chingizxonning mo‘g‘ul emasligini isbotlashga urinishda davom etadi. Yana ta’kidlaymiz, ismlar davrlar osha mavjud e’tiqod, turli sharoit va vaziyatlarda o‘zgarib turadi. Bugun o‘zbeklar orasida Otsiz, Anushtegin, Alptegin, Sobuqtegin, Nasr, Nuh ismlari yo‘q, hatto Xorazmda XX asrda urfda bo‘lgan Eshmat, Boltavoy, Erkavoy, Matyaqub, Sheribboy ismlarini bugun hech kim qo‘ymayapti. 

Muallif yana Chingizxon keyingi davrida mo‘g‘ul sardorlariga ishlatgan “xuntayji” emas, “xon” unvoni qo‘llangani haqida yozadi. Bu ham tabiiy xol. Chunki Oltoyda xunlar zamonidan buyon hukmdorga ana shunday unvon qo‘llanilgan. Bu ham siyosiy sabablardandir. Masalan, ahamoniylar va sosoniylarning Turkistondagi siyosiy ta’siri natijasida hukmdorlar “shoh”, arablarning Turkistonni egallaganidan so‘ng “ixshid”, “shad” unvonlari o‘rniga “amir”ni qo‘llagani kabi holatdir. 

“Xitoy manbalariga asoslansak, mongol ulusini hosil qiladigan ko‘plab qabilalar Chingizxon harbiy yurishlarida qatnashmagan”, degan gapi ham mutlaqo noto‘g‘ri. 

Shuningdek, Oltin O‘rda shaharlari nomlarining mo‘g‘ulcha emas, turkiycha bo‘lganligi ham Chingizxonning mo‘g‘ul bo‘lmaganligini izohlamaydi. Chingizxon qo‘shinida mo‘g‘ullardan ko‘ra, Sharqiy Osiyodan kelgan turkiylar ko‘p bo‘lgani, bosib olingan xalq ham turkiylar bo‘lganligi sababidan shaharlarning nomlanishi ham turkiycha bo‘lishi tabiiy xol edi. Chingizxon vorislari davrida mo‘g‘ullarning o‘zlari ham turkiylashib ketgan, hattoki Chingizxonning poytaxti Qoraqurum shahri ham turli xalqlar vakillaridan iborat bo‘lgan.

Endi “Xorazmning ko‘plab xonlari va saroy shoirlari Abulg‘ozi Bahodirxon, Ogahiy, Munis Xorazmiy kabilar o‘zlarini Chingizxon urug‘idan, deb bilishgan”ligiga kelsak.

Chingizxon avlodlarining Dashti Qipchoq va Movoraunnahrdagi hukmronligi davrida Chingizxon qonuni - “Yasa” (Yasoq) sababli ulardan bo‘lak hech kim o‘zini xon, deb e’lon qilmasligi kerak edi. Bu tartibga hattoki millatimizning eng qudratli hukmdori Amir Temur ham qarshi chiqa olmagan. U o‘zini amir deb bilar, amalda davlatni egasi bo‘lsada, bu davlatni rasmiy jihatdan chingiziylarning avlodidan bo‘lgan Suyurg‘atmish xon sifatida idora qilgan. Xorazmdagi xonlar esa o‘z hokimiyatini legitimliligini ko‘rsatish uchun qanday qilib bo‘lsa-da, o‘zlarini Chingizxonga olib borib taqashga majbur bo‘lganlar. Chunki, faqatgina Chingiziylar xon bo‘lishi mumkinligi haqidagi safsata xalqning qon-qoniga singib ketgan edi. 

“Bog‘dod xalifasi An-Nosiriy Chingizxonni Xorazmga, musulmonlarga qarshi yurishga da’vat qilganda ham Chingizxon uni inkor qiladi” degan jumlaga ham  maqola muallifi manbaa ko‘rsata olmasligiga ishonchim komil. 

Halifa Chingizxonni Xorazmshohlar yurtiga yurish qilishga da’vat qila boshlaganida Chingizxon Xitoyni bosib olish bilan ovora edi. Muallif Chingizxonning Xorazmshohlar davlatiga yurishi sabablarini chuqur tahlil qilmasdan, faqatgina Mirzo Ulug‘bek bergan ma’lumotlarga suyanadi. Agar chuqurroq tahlil qilganida bu borada boshqacha xulosa chiqargan bo‘lar edi. Aslida Uxino[6] boshchiligidagi 100 kishilik mo‘g‘ullardan iborat elchilik guruhi[7] va 450 kishilik musulmonlardan iborat bo‘lgan savdo karvoni saltanatning shimoli-sharqidagi shahar – O‘trorga yetib keladi. Ziyo Bunyodov bu karvondagi 100 kishilik guruhga “Savdo ishlaridan tashqari Xorazmshohning yerlarida josuslik bilan shug‘ullanish vazifasi ham yuklatilganligi ehtimolga ancha yaqin.

Keyingi voqealar bu taxminni deyarli tasdiqlaydi”, deb ma’lumot beradi.[8] O‘tror noibi Inalxon (Gʻoyirxon) Xorazmshohga O‘trorga Mo‘g‘ulistondan elchilar yetib kelgani va karvonning savdogar kiyimidagi ayg‘oqchilardan iborat ekani, ular atrofdagi odamlarga “Sizlarni nimalar kutayotganini bilasizlarmi?

Hamma narsadan bexabarsizlar. Yaqinda sizlar avval hech ko‘rmagan voqealardan ogoh bo‘lasizlar, deya ig‘vo qilayaptilar”, degan mazmunda xat yo‘llaydi. Bunga javoban Sulton Alouddin ehtiyotkorlik yuzasidan ba’zi tadbirlarni amalga oshirish borasida ko‘rsatma beradi[9]. Bundan so‘ng esa O‘tror hokimi Gʻoyirxon “savdogarlar niqobidagi ayg‘oqchilar”ni qirib tashlab, mol-mulkini musodara qiladi. Xullas, O‘trordagi mo‘g‘ul karvoni niqobidagi ayg‘oqchilarning qirilgani Chingizxonning Xorazmshohlar yurtiga bostirib kirishiga sabab emas, bahona bo‘ladi.

Maqoladagi “Chingizxon avlodi O‘zbekxon o‘zbek elining ajdodi”, degan fikrga  kelsak:

To‘g‘ri, O‘zbekxon Chingizxonning avlodi. Lekin unga qadar Oltin O‘rda saroyi Xorazm va boshqa madaniy markazlarning ta’sirida turkiylashdi, madaniylashdi. Bunga yetarlicha dalillar bor. O‘zbekxon ismi keyinchalik Dashti Qipchoq aholisi nomiga ya’ni etnonimga aylangani, bu etnonimni qabul qilgan, ya’ni o‘zbeklar, deya atalgan ko‘chmanchi qavmning Turkistonga kirib kelishi va Movoraunnahr asosini tashkil qiluvchi xalqimizga singib ketgani, biroq, “o‘zbeklar” etnonimini Movoraunnahr va Xorazmning aholisi qabul qilganligi bor gap. 

Muallif yana xato qilishda davom etadi: xuddiki Dashti Qipchoqdagi turkiy til Chingizxonning tili va uning avlodlari o‘zlarining tilini targ‘ib qilgandek mazmun kelib chiqadi. Aslida, Chingizxon vorislari va sharqdan kelgan mo‘g‘ul va turkiy elatlar madaniy jihatdan ancha taraqqiy etgan mahalliy aholining tilini qabul qiladi. Shuning uchun ham hattoki Turkiyada Xorazmshohlar va Oltin O‘rda davrida yozilgan asarlarga “Xorazm turkiychasi” degan nom berilgan.

Muallif o‘z maqolasini: “E’tiboringizga havola qilingan ushbu maqolada keltirilgan barcha faktlar ilmiy asoslangani bois hech ikkilanmay Chingizxonni turkiy, ya’ni o‘zbek deyishimizga asos bor”, deya yakunlaydi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu hech qanday ilmiy asoslangan maqola emas, balki Chingizxon haqidagi asarlardan ilhomlangan va ehtirosga berilgan oddiy muxlislik chiqishidir!

Shu o‘rinda Chingizxonning mo‘g‘ul tilidan boshqasini bilmaganligi haqida o‘g‘li O‘qtoyning ishonchli ma’lumotini aytishning o‘rni deb o‘ylayman: mo‘g‘ullar haqida eng ishonchli manba sanaladigan Rashidididin Fazlullohning “Jome at-Tavorih” asarida bir arab O‘qtoy huzuriga kelib, tushida uning otasi, ya’ni Chingizxonni ko‘rganligini va Chingizxon o‘z o‘g‘liga musulmonlar haqida xabar yetkazishni so‘raganligi haqida xabar keltiradi. Shundan so‘ng arab bilan O‘qtoy o‘rtasida suhbat boshlanadi.

- Otam sen bilan tilmoch orqali gaplashdimi yoki o‘zimi? – deb so‘raydi arabdan O‘qtoy xon. 
- O‘z og‘zi bilan gapirdi.
- Sen mo‘g‘ul tilini bilasanmi? 
- Yo‘q – deb javob beradi arab.

Shundan so‘ng O‘qtoy: 

- Sen yolg‘on gapirding, sababi, men aniq bilaman, otam mo‘g‘ul tilidan boshqa hech qaysi tilni bilmasdi, - deydi va arabni o‘limga hukm qiladi.
Bu Chingizxonning nafaqat turkiy emasligi hatto bu tilni bilmaganligini ham ochiq oydin isbotlamoqda. 
Mana yuqorida Milliy tiklanish demokratik partiyasining rasmiy gazetasida chop etilgan SamDU dotsenti Erkin Musurmanovning iddaolardan iborat maqolasini satrma-satr tahlil qildik. Xulosa shuki, tarixni o‘rganishda faqat birgina va bir xil manbaga suyanilmasligi, chuqur tahlil qilinishi kerakligi, oldin qilingan tadqiqotlar chuqur o‘rganilishi lozim.

 [1] Velikaya Yassa, Sokrovennoye skazaniye mongolov.Moskva. 2021. -S 17. 
[2]  Rasprostranennost mujskix liniy «chingizidov» v populyasiyax Severnoy Yevrazii // Genetika. — 2007. — T. 43, vыp. 3. — S. 422—426.
[3] https://dzen.ru/a/YYb8ZW_XG3dnPJhS 
[4] R. Spencer Wells et al., «The Eurasian Heartland: A continental perspective on Y-chromosome diversity», Proceedings of the National Academy of Sciences of the United States of America (August 28, 2001) 
 [5] https://kun.uz/news/2024/01/05/ozbekistonda-2023-yili-chaqaloqlarga-eng-kop-qoyilgan-ismlar-malum-qilindi; https://t.me/davxizmat/12964 
 [6] Ziyo Bunyodov. Markaziy Osiyoga doir tadqiqotlar. Xorazmshohlardavlati. Toshkent. Mumtoz so‘z. 2012. B -187.
 [7] Ziyo Bunyodov. Markaziy Osiyoga doir tadqiqotlar. Xorazmshohlar davlati. Toshkent. MUMTOZ SO‘Z, 2012. – B. 183.
 [8] Ziyo Bunyodov. Markaziy Osiyoga doir tadqiqotlar. Xorazmshohlar davlati. Toshkent. MUMTOZ SO‘Z, 2012. – B. 183. 
 [9] Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. Matyoqubov K. tarjimasi. –Toshkent: O‘zbekiston. – B. 55.

Bekzod Abdirimov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 
Ma’naviyat va ma’rifat markazi 
Xorazm viloyati bo‘limi rahbari

Tahririyatdan:

Qadrli Bekzod Abdirimov!

Safsata nojoiz so‘z. Siz o‘z maqolangizni ana shunday so‘z va ochiq-oydin norozilik bilan yozibsiz. Biz katta bir siyosiy partiya nashri va uning ezgu g‘oyalari targ‘ibotchisi sifatida har doim xolislik va asosli manbalarga tayanilgan fikrlar uchun minbar vazifasini o‘tashga tayyormiz. 
Erkin Musurmonov maqolasiga qanchalar e’tibor qaratgan bo‘lsak, ana shunday e’tibor bilan Sizning ham maqolangizni e’lon qilishga qaror qildik. Zotan, biz haqiqatni  bilish tarafdorimiz, taraf emas...

O‘ylaymizki, boshqa olimlarimiz ham shu xususdagi fikr-mulohazalarini bildirib, tarixning goho chigal, goho mavhum qirralarini ochishga amaliy yordam beradilar.

Hurmat bilan Bosh muharrir M.Abdurahmonov