Belida belbog‘i bor Hazrati ayol!

Belida belbog‘i bor Hazrati ayol!

Saxt-sumbati qir tugul, tog‘nida hurkitadigan, boqishlari jiddiy, tabiatan og‘ir va bosiq bu «yigit» onasini ko‘riboq...»toychoqdek gijinglab» uning bag‘riga o‘zini otib yuborsa bo‘ladimi?!

Yigirmaga yaqin she’riy, nasriy kitoblari chop etilgan, ba’zilari hatto chet ellarda ham tarjima qilingan, o‘zbek kinosan’atida ham o‘ziga xos o‘rinni zabt etib ulgurgan shoir, adib, bir necha farzandu-nevaralarning bobosi onasining pinjiga tiqilib, erkalanib o‘tirsa... onasi uni qo‘zim deya yalab-yulqab ketsa, ochig‘i, juda qiziq ko‘rinarkan...

Ustiga-ustak onaizor bolasiga termulib, nima yeb-ichayotganigacha kuyib-pishib surishtira ketsa, «60 yoshli bolakay» esa bu savollarga tamshanib javob berib tursa, ...bunisi undanda ajoyib tuyularkan!

Ro‘y bergan va berayotgan «ajabtovur voqea»lardan hayratga tushib Jamila Toshpo‘latovna menga qaraydi, men esa unga boqaman.

Xullas ikkimiz ham lolu-hayronmiz...

Yaxshiyam shoirning akasi Ahmadqul oqsoqol bor ekan, hovlida turib qolganimizni ko‘rib, bizni chorpoyaga chorlarkan, hazilomuz gap qotdi:

–  E’tibor bermanglar, Muhammad har hafta kelib onamizga bir erkalanib ketmasa, kasal bo‘lib qoladi! 
Xullas yaqinda Sirdaryo viloyatining Xovos shaharchasida yashovchi Zulayho hoji Ismoilovaning ziyoratida bo‘ldik. Qariyb yuz yoshni qarshilayotgan bu tabarruk onaxon haqida anchadan buyon ko‘p ta’rifu-tavsiflarni eshitib yurganim bois uni bir bora ko‘rishni niyat qilardim. 

Yaqinda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining mas’ul xodimi, atoqli olima Jamila Shermuhammedova tuyqusdan jonimga oro kirdi. Xizmat yuzasidan u bilan qo‘ng‘iroqlashganimda, gap orasida dam olish kuni Muhammad Ismoil bilan Xovosga – uning hoji onasining ziyoratiga birga ketayotganini, mashinada bo‘sh joy borligini aytib qoldi.
Xullas uchovlon onaxon yashaydigan Xovos tumani Xovos shaharchasi Chamanzor MFY Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi so‘lim hovliga kirib borganimizda yuqorida bayon qilganim – hayratlanarli holatlar yuz berdi...

Men bugungi o‘zbek she’riyatining darg‘alaridan biri Muhammad Ismoilni anchadan beri bilaman. Boisi shoirning sevgi-muhabbatga to‘liq yo‘g‘rilgan, ayol zotini nafis tarannum etuvchi she’rlari talabalik davrimizdayoq ma’lum va mashhur edi. O‘sha paytlarda u bilan g‘oyibona tanishganman. She’rlariga mehr qo‘yganman. ToshDUning Jurnalistika fakulteti darsxonalari-yu, talabalar shaharchasidagi yotoqxonalarda Muhammad akaning she’rlarini tuni bilan «yangratib chiqqanimiz» ham bor gap.
Yillar o‘tdi, ustoz bilan yaqinlashib ketdik. Suhbatlarimizdan birida undan nega faqat ayollarni ulug‘lab she’r yozishining boisini so‘radim:

–  Men ko‘pincha onam uchun yozaman. Onamning ko‘nglini ko‘tarish, u kishi yuragimning to‘rida, meni hamisha qo‘llab-quvvatlovchi ardoqli inson bo‘lgani uchun yozaman va onamning juda ko‘p so‘zlarini «o‘g‘irlab» asarlarimga, she’rlarimga kiritaman va hamisha ayollarni ulug‘lab yozganim uchun, hamma ayollar, avvalambor, onamdan minnatdor bo‘lishlari kerak deb o‘ylayman. Chunki onam ayol ulug‘ligining timsoli sifatida hamisha ko‘z oldimda turadilar deya javob bergandi. 
Uning bu javobidan so‘ng xayolimni bir fikr chaqmoqdek yoritib o‘tgandi. Onani ardoqlashni, sevishni, ijodida uni madh eta olishni Muhammad Ismoildan o‘rganmoq lozim. 

O‘zbek nasrchiligida marhum yozuvchimiz O‘tkir Hoshimovchalik ona timsolini yorqin ifodalab bera oladigan adib hali-beri dunyoga kelmasa kerak degan armonli o‘yda yurardim. Ba’zi-ba’zida o‘z-o‘zimga agar mashhur adibimiz hayot bo‘lganlarida onadek mukarram zotga bag‘ishlangan qanchadan-qancha yangi asarlar yozilardi, deya qalban o‘kinganlarim ham bor gap. 
Biroq... oqqan daryo oqaverarkan.

Yaqinda respublika «Ijod nashr» nashriyotida chop etilgan Muhammad Ismoilning «Boshimdagi tojim onam» kitobi bilan batafsil tanishib chiqqach, yuragimdagi o‘kinchlaru-hovurlar anchayin bosildi. 
Marhum adibimiz o‘zidan iz qoldirgan, nihol ekib ketgan ekan, ana o‘sha «nihol»lardan biri – Muhammad Ismoilning ona haqidagi kitobi yuqoridagi so‘zlarimning yaqqol tasdig‘idir. 

Hamrohim Jamila Shermuhammedovaning gapga chechanligi, el ta’biri bilan aytganda topib gapira bilishi shu yerda yana ish berdi. U bir lahzadayoq hoji onani aylanib-o‘rgilib savollarga ko‘mib tashladiki, mening jurnalist sifatida unga murojaat qilishimga ham hojat qolmadi.

–  1924 yilning 15 mayida Zomin tumanining Qirq qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilganman – deydi onaxon. – Oilada yetti farzand edik. To‘rtinchi sinfni bitirganimizda urush boshlanib qoldi. Maktab yopilib hamma dalaga – «mehnat fronti»ga haydaldi. Qir-adirda yer tirnab g‘alla ekdik, qo‘lda o‘rib, qo‘lda yanchdik. Hosilning misqoligacha frontga jo‘natardik. O‘sha paytlarda adirlardagi toshbaqalarni ham askarlar ovqati uchun bizga terdirishardi.

Ey, bolalarim, qiyinchilikniyam, qimmatchilikniyam, qahatchilikniyam ko‘rdik. Oltin-kumush deganlari bir kaft bug‘doydan ko‘ra xor bo‘lganliginiyam ko‘rdik. Axir och odamning ko‘ziga tilla ko‘rinadimi?! Mushtday bolalar o‘sha vaqtlardagi «Qizil Chorvador» kolxozida ishlardik. Qornimiz nonga to‘ymay, adirlardagi giyohlarning tomirini kavlab yerdik. Lekin shu giyohlar ham topilavermasdi.

Ishonasizlarmi, bir kechada bir qishloqdan o‘nlab odam ochlikdan shishib o‘lganligiga guvoh bo‘lganman. Odamning zig‘irchalik qadri yo‘q edi. Yig‘layversang, ko‘zda yosh ham qolmaskan, hamqishloqlarim ochlikdan sillasi qurib, shishib o‘lgan ota-onasi-yu, qavm-qarindoshini yig‘lay olmay ko‘mganlarigayam o‘zim guvohman. Qabr tepasida ularning faqat qo‘llari-yu, yelkalari titrardi, xolos.

O‘lmagan qul ko‘raverar, oxir-oqibat achchiq qismatiga tan berarkanda. Otamni Juman so‘fi deyishardi. Rahmatli juda zukko, ilmli inson edi. Savodim to‘rtinchi sinf darajasida qolib ketganidan so‘ng kechalari astoydil bizni o‘qitardi. Shu bois otamdan diniy-dunyoviy bilimlarni «olib qolganman».

Onaxonning gaplarini eshityapmanu, u haqida qaysidir bir nashrda o‘qiganlarim xayolimda charx uraverdi. Bundan bir necha yillar avval hoji onaning ziyoratiga yurtimizning yetuk diniy allomalaridan biri, Toshkent shahar Bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov tashrif buyuradilar. O‘zaro suhbat chog‘ida onaxon qori domla bilan din haqida shunday muloqotga kirishadiki, Anvar qori uning bu boradagi ilmiga tasannolar aytib, hoji onaning qo‘llarini tavof qilib ko‘zlariga surgan ekan. 

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari, Qur’oni Karimning mohir tarjimoni shayx Abdulaziz Mansur hazratlari ham onaxonning ziyoratida bo‘lib, u bilan hamsuhbat bo‘lgach, qalbida chuqur havas va hayratla poytaxtga qaytganiyu, ancha vaqtlargacha hoji ona bilan qilgan muloqoti tafsilotini o‘z yaqinlari-yu, diniy idora xodimlariga maroq bilan so‘zlab yurganida naqd gap. 

Umuman bu tabarruk yoshli onaxonning ziyoratida kimlar bo‘lmadi, kimlar undan fotiha olmadi, muborak qo‘llarini tavof qilmadi deysiz? O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov, O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, mashhur adib Abdusaid Ko‘chimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, xalqimizning sevimli shoirasi Farida Afro‘z, O‘zbekiston xalq hofizlari Sherali Jo‘rayev, Ortiq Otajonov, Xalqaro chingiz aytmatov mukofoti sovrindori Nurali Qobul, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon... ehhe, bunday ulug‘ zotlarning ism-shariflarini keltiraversak soni ko‘p, sanog‘i esa undanda zalvorli...

–  Urushdan so‘ng vaqt o‘tib Rahmonqul bobolaringga turmushga uzatishdi. U o‘sha paytlarda temir yo‘lda ishlardi. Oradan yillar o‘tib o‘n nafar farzandli bo‘ldik. Xudoga shukur, ularning bari o‘zidan tinib, uyli-joyli bo‘lib ketishdi. Muhammadjon kenja o‘g‘lim, shuning uchunmi uni boshqacha ko‘raman. Onaxon shunday deya «60 yoshli bolakay»ning yelkasini silab qo‘yadi.

«Erkatoy o‘g‘il» esa yana onasining pinjiga suqilishga urina boshlaydi. Obbo - deyman o‘zimcha ich-ichimdan – shoir og‘a gap qo‘shib onaxonni suhbatdan chalg‘itmasa go‘rga edi. Axir musohabamiz endigina avj pallaga kirgan edida. Haytovur unday bo‘lmadi. Onaxon yana ohista so‘zlay boshladi:

–  Hayot bir tekisda ketmas ekan. 1983 yili turmush o‘rtog‘im 60 yoshida xastalik tufayli vafot etdi. O‘n nafar bolam bilan chirqillab qolaverdim. Keyin... keyin shu bolalar hech narsaga zoriqmasin deb, qo‘limga ketmon olib, Mirzacho‘l dalalariga chiqib ketdim. Qovun-tarvuz, piyoz ekdim. Bolalarim yonimda kamarbasta bo‘lishdi. Gohida maktabda farroshlik qildim. Lekin birovning eshigiga qarz so‘rab bormadim. Hech kimga muztar bo‘lmadim. Manfaat uchun yolg‘on gapirmadim. Qozonni suvga solib qo‘ygan vaqtlarim ko‘p bo‘ldi, biroq bolalarga harom luqma yedirmadim.

Ularni ham shunga o‘rgatdim. Dilimdan ham, tilimdan ham «Aylanayin, Xudojon» iborasini hech tushirmadim. Nima ehtiyojim bo‘lsa faqat Undan so‘radim, nima dardim bo‘lsa, tunlari Unga aytib yig‘lab-siqtadim. Chin ko‘ngildan tilasang Yaratgan berar ekan. Faqat u buyurgan yo‘ldan yurmoq, haromdan hazar qilmoq lozim. Ko‘ngilni oq, niyatni pok qilib so‘rasang, Xudoyim duoga ochgan qo‘lingni hech qachon bo‘sh qaytarmaydi. U juda mehrli, karamli zot. Men bunga mana shu yuz yoshimda amin bo‘lib turibman, – onaxon shunday deya chuqur so‘lish oladi-da, o‘yga toladi. 

Ochig‘i, Muhammad Ismoilning «Boshimdagi tojim onam» kitobi Zulayho hoji Ismoilovaning va unga o‘xshash o‘zbek onalarining avtobiografiyasi desam, xato qilmagan bo‘laman. Men ushbu kitob bilan tanisharkanman, bir necha kun allaqanday tuyg‘ular og‘ushida yurdim. 

Zulayho hoji Ismoilova bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng esa yana allaqanday hissiyotlar girdobiga tushib qoldimki, buni hozircha muhtaram o‘quvchiga aniq-tiniq sharhlab berolmayman. Biroq, bo‘lib o‘tgan muloqotdan so‘ng, yon daftarchamga quyidagi so‘zlarni katta harflar bilan bitib qo‘ydim: Zulayho hoji Ismoilova – belida belbog‘i bor tabarruk AYOL!!!


Muallifdan!

Sirdaryodan qaytyapmanu, xayolimda ushbu fikrlar g‘ujg‘on o‘ynayverdi: teleekranlarda turli xil bachkana, bo‘lmag‘ur seriallarni ko‘paytiraverguncha, televideniyedagi janoblar, soha mutasaddilari o‘zbekning ana shunday moʻtabar ayollari haqida turli ko‘rsatuvlar, kinoasarlar ishlashsa bo‘lmaydimi?! Axir 2023 yilning 22 dekabrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muhtaram Yurtboshimiz, kengash raisi Shavkat Mirziyoyev zamon qahramonlari siymosi aks etgan kino, videoasarlar yaratishni mas’ullar zimmasiga yuklagan edilarku. 

Ochig‘i, bu moʻtabar ayolning hayoti, boshidan kechirganlari, el-yurt oldidagi zalvorli xizmatlari bitta maqola emas, bitta kinofilmga ham sig‘maydi. Bundan serial ishlashga boshqorong‘i bo‘lib qolganlar unumli foydalana bilsalar, shu el, shu yurtning tuzini oqlagan bo‘ladilar, menimcha...