Yana qattol “jallodning qilig‘i”...

Yana qattol “jallodning qilig‘i”...

yoki Turkistonning eng kuchli shifokori bo‘lishi mumkin bo‘lgan yosh jadid xususida

1922 yilning kuzida Germaniyada tahsil olish uchun yo‘llangan 55 nafar talaba orasida Bahovuddin Aminjonov ham bor edi. Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga yuborilgan talabalar uchun mas’ul bo‘lgan Olimjon Idrisiy tabiatan nozik bo‘lgan Bahovuddin Germaniyada bir qancha vaqt davolanishga majbur bo‘lgani, lekin tengdoshlari o‘rtasida juda iqtidorliligi bilan ajralib turishini yozgan edi. 

1904 yili Buxoro shahrida mudarris xonadonida tavallud topgan Bahovuddinning otasi Aminjon Ziyovuddinov “Yosh buxoroliklar” partiyasining faollaridan bo‘lib, Buxoro tarixi bilimdoni ham edi. Aminjon Ziyovuddinov 1920 yili amirlikning ag‘darilishi natijasida vujudga kelgan Buxoro Xalq sovet respublikasida nufuzli vazifalarda ishlagan Bahovuddin dastlab jadid maktabida savod chiqaradi, so‘ng madrasa ta’limini olib, fors va arab tillarini mukammal o‘rganadi.
U avval Aziz Xo‘ja, Sattor Jabbor va Vali Qayumlar bilan xususiy o‘rta maktabda ta’lim oladi. So‘ng tibbiyot sohasida bo‘lgan qiziqishi ustun kelib, Berlin universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kiradi. 

Aytish kerakki, o‘sha davrda iqtisodiy-ijtimoiy ahvol juda og‘ir bo‘lgani bois mintaqada yuqumli kasalliklar avj olgan, unga qarshi kurash uchun na pul, na tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalari bor edi.

Buni yaxshi bilgan Bahovuddin Turkiston matbuotining yetakchi nashri bo‘lgan “Yer yuzi” jurnalida turkum maqolalar e’lon qilib, sog‘lik uchun eng zarur va kamxarj yo‘l sifatida jismoniy tarbiya masalasini ilgari suradi.  Talaba bo‘lishiga qaramay, jurnal orqali xalqqa murojaat qilib: “... Sog‘liqni saqlash ilmi bizga aytadir-kim, odamning sog‘lig‘ini saqlash uchun ko‘p va yaxshi harakat qilish, badanga foydalik ovqatlar olish, foydaliq materiallardan kiyim kiyish, uy-joyni yorug‘ va toza havoliq qilish kerak. Bizning butun tanimizning og‘irlig‘i, tug‘ulg‘ondan tamoman katta bo‘lguncha yigirma bir marotaba og‘ir bo‘ladir...

Ya’ni, bola tug‘ilg‘on vaqtida uning tamom og‘irlig‘i besh qadoq bo‘lsa, bundan taqriban ikki qadog‘i azala (muskul)lardir. Bu bola o‘sib bir yuz besh qadoq og‘ir bo‘lg‘onda, uning yolg‘iz azalalari yetmish sakkiz qadoq bo‘ladir. Mana bunga qaraganda, azalalarning boshqa tan a’zolariga qaraganda qancha ko‘p o‘sishga muxtoj bo‘lgoni ko‘riladir. Azalalarni harakat qildirmasak, harakatning ozlig‘i va badan harakatlaridan qochish yuzasidan bizning aqlimiz va tabiatimizning kuchi ozayadir, ham biz hayotning yaxshiliqlarini ko‘ra olmaymiz. Azalalarni yaxshi, o‘zini kuchlik va muntazam harakat qildirish yuzasidan bizga tozaliq, kuchlik, kuch va shodliq keladir. Lekin, bir shart bor: badan tarbiyasi bilan amaliy suratda mashg‘ul bo‘lmoq kerak” deydi.

Keyingi maqolasida esa: “Tan harakatlarining bizga tegadurgon foydalaridan biri va muhimi insonning nafas olish apparatiga, umuman nafas olishg‘a va qon yurishiga bo‘lg‘on ta’siridir. Biz tan harakatlari qilib a’zolarimizni ishlattirganimizda ularga ko‘prak havo, to‘g‘riroq aytganda havoning beshdan bir bo‘lagi bo‘lgan “muvallid ul-hamuza” (kislorod) g‘ozi (gazi) kerak bo‘ladir va buni esa biz o‘pkamiz orqali olamiz. Biz qancha ko‘p tan harakati, ispurt qilsak shuncha ko‘p nafas olamiz. Bu esa bizning foydamizdir. Biz tomoshag‘a chiqib bir ikki chaqirim yursak, nafas olishimiz odatdagidan ikki yarim misli ortadir.

Uzoqroq vaqt, bir, ikki soat yursak, to‘rt-besh misli, agar tog‘larga chiqsak olti misli, tez chopsak 12 misli ortadir... Yurish, chopish, toqqa chiqish kabi harakatlar bilan ixtiyorsiz ko‘proq nafas olish o‘rniga, o‘zimiz uydan tashqariga chiqib qattiq-qattiq nafas olsoq ham bo‘ladi... O‘pkamiz kuchlik bo‘lsa, har xil yomon kasalliklarning mikroblari o‘pkamizga kirganda unda jon ola olmaydir va o‘pkamiz bu mikro‘blar bilan muvaffaqiyatlik suratda kurashadir. Bu kasalliklarning biri va eng yomoni tubirkulo‘z(sil)dir. O‘pka kuchlik va sog‘ bo‘lganida bu mikro‘blar hech narsa qila olmaydirlar va biz sog‘ qolamiz. Mana, tan harakatlari vujudni, o‘pkalarimiz sog‘lom qiladir, har xil kasallarga muqobala qilishda qurollangan bo‘ladir”.

Afsuski, 1928 yili sovet hukumati noma’lum sabalarga ko‘ra, Bahovuddinga o‘qish uchun stipendiya berishni to‘xtatadi. U bundan xabar topgach, turkistonlik talabalarning yetakchilari Ahmad Naim, Sattor Jabbor va Said Ali Xo‘jalardan tahsilni davom ettirishi uchun biror imkoniyat bor-yo‘qligi haqida maslahat so‘raydi. Uning tahsilni tugatishi shartligi haqida qayg‘urgan vatandoshlari mablag‘ topish imkoniyatlarini izlay boshlaydilar.

Ahmad Naim Polsha elchixonasiga borib, Bahovuddin Aminjonovga o‘qishini tugatishi uchun yordam so‘raydi. Ammo buni SSSRning Germaniyadagi vakolatxonasidan yashiradilar. Chunki, bu paytda SSSR vakolatxonasi talabalarning hamma harakatlarini kuzatuvga olib, ularning ta’limni tugatmasdan qaytarib yuborish taraddudiga tushgan edi...

Turkistonlik talabalarning sa’y-harakatlari bilan Bahovuddin 1929 yilning boshida Polsha hukumatidan yordam olishga erishadi. Ammo bu quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi. Polsha bergan yordamdan xabar topgan sovet ma’murlari Berlinga qaytgan Bahovuddinni kuch bilan O‘zbekistonga qaytarib yuborishadi. 
Germaniyada ta’lim bilan bog‘liq rejalari barbod bo‘lgan yosh talaba noiloj taqdiriga tan berib, O‘rta Osiyo Medisina institutiga kiradi va 1931 yili diplom oladi. Va, darrov Yaltadagi “O‘zbekiston” sanatoriyasiga ishlash uchun yo‘llanma oladi.

Taassufki, besh yil xizmat qilishi ortidan ishdan olingan Bahuvuddin Aminjonov Toshkentga yuboriladi. Toshkentdagi Respublika tubdispanseri, ya’ni sil kasalligini davolashga ixtisoslashgan shifoxonada ishlay boshlaydi. Nadomatki, 1937 yilning yanvarida endigina 33 yoshni qarshilagan Bahovuddinni “sho‘ro jallodlari” yo‘qlab keladilar...

Bahovuddin Aminjonov ham Germaniyada tahsil olib qaytgach, joni qiyilgan boshqa talabalar singari “an’anaviy ssenariy” asosida 1937 yilning 24 yanvar kuni qamoqqa olinadi. Unga 1922-29 yillarda Germaniya va Polshada o‘qigan, “Mustaqil Turkiston” aksilsovet tashkilotining a’zosi, Polsha razvedkasiga josuslik maqsadida yollangan, degan ayb qo‘yishadi. Turmush o‘rtog‘i Tanzila 3 yoshli qizi Suriya bilan faryod urgancha qolaverishadi...

Dastlabki so‘roqdayoq uning tahsilni tamomlash maqsadida pul topish uchun Polshaga borishi voqeasi zo‘r aksilsovet voqea sifatida ko‘riladi. NKVD tergovchilari tomonidan tayyorlangan so‘roq bayonnomasiga ko‘ra, uning Berlin shahrining Sheneberg tumanidagi Xauptshtrasse ko‘chasi, 96-uyda yashovchi Artur Merkshga qo‘ng‘iroq qilgani, Germaniyada o‘qiyotgan do‘sti Afzal Abdusaidga xat yozgani, 1931 yil Sattor Jabbor Germaniyadan kelib, birinchi bo‘lib Bahovuddinning uyiga borgani kabi holatlar josuslik faoliyati deya talqin etiladi. Aslida esa Bahovuddin 1922-25 yillarda sug‘urta jamiyati rahbari Merkshning uyida ijarada turgani uchun  yaqin do‘st tutingani, vatanga qaytish asnosida Artur Merksh “uyingga eson-omon yetib borsang, albatta qo‘ng‘iroq qilib qo‘y” deb aytgani uchun bir martagina qo‘ng‘iroq qilgan edi.

1937 yil yozida Bahovuddin Aminjonov Toshturma kasalxonasidan SSSR NKVD General Komissari Nikolay Yejov nomiga ariza yo‘llaydi. Arizasida aybsiz bo‘lgani holda qamoqqa olingani, tergovlar noqonuniy tarzda, to‘liq zulm ostida olib borilgani oqibatida silning juda og‘ir formasiga chalinib, ikki oydan buyon turma kasalxonasida yotganini, bu yerda kun sayin o‘limi yaqinlashayotganini ma’lum qiladi. Shuningdek, u yosh shifokor ekani va kelajakda vatan uchun xizmat qilishi mumkinligini aytib, tubdispanserda davolanishga ruxsat so‘raydi. Achinarlisi, turma kasalxonasida na sharoit,  na vrach, va, na dori-darmon bor edi. Afsuski, ne umidlar bilan yozilgan bu ariza toshturmadan chiqmasdan “delo”ga tikiladi.

Aminjonovning ayblov bayonnomasida u O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 57-moddasi I qismi (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 64-(Sovet davlatiga qarshi terakt), va 67-(aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalari bilan aybdor deb topilgani qayd etiladi.

Ilmga chanqoq, izlanuvchan, yetuk shifokor bo‘lib yetishishi aniq bo‘lgan Bahovuddin Aminjonovning ishi 1938 yilning 9 oktyabr kuni “uchlik” sudida ko‘riladi. Bor-yo‘g‘i 15 daqiqagina davom etgan “adolatli” muhokamada unga o‘lim jazosi tayinlanadi, hukm esa o‘sha kunning o‘zidayoq ijro etiladi. Shu tariqa yana bir begunohning olam-olam orzu-maqsadlari “jallodning qilichi” zarbi bilan go‘yo yulduzlardek osmonga uchadi...  

Oradan yillar o‘tib, Bahovuddin Aminjonovning “ishi” uning turmush o‘rtog‘i Tanzila Aminjonovaning arizasiga ko‘ra, qayta ko‘rib chiqiladi. Tergov boshlanib, 1961 yilda Samarqand shahridagi fabrikada ishlagan Tanzila Aminjonova so‘roqqa chaqiriladi. U erining NKVD xodimlari tomonidan 1937 yilning yanvarida qamoqqa olingani va oradan 9 oy o‘tgach, uni o‘zi ham qamoqqa olinib, 18 oy davomida qamoqda saqlanganini aytadi.

“Biror marta so‘roq-savol bo‘lmadi, faqat uzoqdan ikki marta meni Bahovuddinga ko‘rsatishdi, ammo gaplashishga ham imkon berishmadi. Keyin qamoqdan chiqarib yubordilar. Erim o‘ta ilmli, vijdonli va madaniyatli inson edi. Uning halolligi haqida barcha tanishlaridan so‘ranglar, axir ular orasida hali tiriklari bor-ku!” deydi u o‘z ko‘rsatmasida.

1961 yili bo‘lib o‘tgan so‘roqda Respublika tubdispanserining direktori tibbiyot fanlari doktori, professor Alimov Shokir Aminovich Bahovuddini shunday eslaydi:

“1936-37 yillarda Respublika tubdispanserida ordinaturada bo‘lgan edim. O‘shanda Bahovuddin Aminjonovni ko‘rganman. Men bunday bilimdon, mas’uliyatli, talabchan, g‘ayratli va mehribon insonni hech qachon ko‘rmaganman. U qisqa vaqtda butun jamoaning hurmatini qozonib ulgurgan edi. Bunday yaxshi odam kam bo‘ladi.”

Tarix qatlarida yotgan shum qismat egalarining hayot yo‘llari haqida o‘qish asnosida maqsadi millat ziyolilarini kamaytirish bo‘lgan chirkin tuzum zulmi bir necha yillar “aks-sado” berib turgan. Kimdir ota-onasi, boshqa birov bobo-buvisi, qarindosh urug‘laridan eshitgan o‘sha davr “hikoya”lari yo‘qki, yaxshilik bilan tugagan bo‘lsa...