“Onam uchun qariyalar uyida joy bormi?...”

“Onam uchun qariyalar uyida joy bormi?...”

“...Onamni qariyalar uyiga joylashtirmoqchiman. Buning tartibi qanday?

Qaysidir huquqshunosning telegram kanalida shu mazmundagi murojaatini o‘qib qoldim. Ko‘z oldimda beixtiyor umri bo‘yi halovatidan kechib, farzand boqqan bir mushtiparning hassaga suyangancha mung‘ayib, bolasining “hukmi”ni kutayotgan holati jonlandi... 

Balki mushtipar ona shu alfozda o‘tgan umrini, boru, yo‘q xatolarini taroziga solayotgandir, balki mehrsizlik, balki boshqa vajlar sabab bolasining muruvvatini tahlil qilayotgandir. Afsuski, vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi. “So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman” deyishgan...

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Qirg‘iziston parlamentida aliment to‘lashdan bosh tortayotgan farzandlar masalasi muhokama qilinib, ota-onasi qariyalar uyida yashayotgan shaxslarni davlat organlariga ishga olmaslik taklifi berilgan edi.  

Tadqiqotchi olimlar, so‘nggi o‘ttiz yil ichida tug‘ilish darajasining pasayib ketgani sabab sayyoramizda 60 yoshdan oshgan odamlar soni ikki baravarga ko‘payganini yozmoqda. BMT mutaxassislari bu holat qariyalar uylarini ko‘paytirishga bo‘lgan ehtiyojni orttirayotganidan xavotirda.

E’tibor bering, Fransiyada 7 ming, AQSH da 20 ming, Rossiyada esa 1,5 mingdan ziyod qariyalar uylari bor. Kunchiqar mamlakat aholisining 25 foizidan ko‘prog‘ini 65 yoshdan oshganlar tashkil etgani sabab qariyalar uylari xizmatiga talab oshib boryapti ekan. Eng hayratlanarlisi, bunday muassasalarga kirish uchun har yili yarim milliongacha odam navbatga turar ekan.

Yevropada, xususan, Gollandiya, Fransiyada keksa odam uchun qariyalar uyida yashash odatiy holdir. Amerikalik keksalarning qariyalar uyida yashashi bolalarning ota-onalariga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishi bilan bog‘lanmaydi. Bu mamlakatda 3 foizdan ko‘proq keksalar umrining oxiriga qadar qariyalar uylarida yashashadi.

Buni qarangki,  Avstriya, Shvesiya, Lyuksemburg, Shveysariya va Norvegiyada yashaydigan keksalar qariyalar uyida yaratilgan sharoitlar sabab, bu maskanga tushib qolishdan qo‘rqishmas ekan. 

To‘g‘ri, farzandi bo‘la turib ota-onaning qariyalar uyida yashashi g‘arbda oddiy holdek qabul qilinishi mumkin. Ammo sharqona tarbiyada ota-onasini qariyalar uyiga berish nomussizlik sanaladi. 

Taassufki, keyingi paytlarda o‘zimizda ham munkillab qolgan ota-onalarning farzandlari o‘rtasida sansolar bo‘layotganining guvohi bo‘lyapmiz. Ya’ni, oramizda mehnatga yaramay qolgan qariyalarga ortiqcha “yuk” deb qarayotganlar paydo bo‘lmoqda. Bu boradagi fikrlar o‘rganilganda, katta avlod vakillari “Ota-ona umri bo‘yi bolam deb yelib-yugursa-da, kuchdan qolganda “Muruvvat” uydan ko‘nim topib, mehr-e’tiborga muhtoj bo‘lishini “hazm” qilib bo‘lmasligini aytishdi.

O‘rta avlodning ko‘pchiligidan “vaqtida bolalariga mehr ko‘rsatmagandan keyin, qariganda qanday mehr ko‘rsin” mazmundagi javoblarni oldik. “Zet” avlod esa farzandlar ota-onani e’zozlab, g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi, agar vaziyat taqozo qilsa yaxshi sharoitlar yaratib, qarovchi yollash mumkinligi, lekin aslo qariyalar uyiga topshirishdek oqibatsizlik qilmaslik kerakligini ta’kidlashdi. Aslida bizni qiziqtirgani yosh avlod vakillarining fikri “g‘arbona” emasligidan quvonish kerak.

Darvoqe, inson huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar butun dunyoda keksa avlod vakillariga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotganini ham ta’kidlashyapti. Misol uchun, birgina AQSHda har yili 0,5 – 2,5 mln. qariya zo‘ravonlikdan jabr ko‘radi. Bizda esa o‘zini himoya qilolmaydigan qariyalarning zo‘ravonlikdan jabr ko‘rishi 9,6 foizni tashkil etarkan.

Rossiyalik olim Yu.M.Antonyan maishiy turmush sohasida zo‘ravonlikning asosiy sabablaridan biri ota-ona farzandiga mehr qo‘ymaganligi, ularning tarbiyasiga e’tiborsizligidir, deb ta’kidlagan. Shaxsning bolalikda mehr-muruvvatdan mahrum qilinishi esa uning ruhiyatida bezovtalik, qo‘rqinch, nafrat kabi hissiyotlarni shakllantiradi. Bu hissiyotlar ongsiz ravishda qayd etib boriladi va murosasiz xulq-atvorning eng ashaddiy ko‘rinishi –oilada zo‘ravonlikning paydo bo‘lishiga olib keladi.


Ulug‘ alloma Beruniy bu borada tan va ruh pokligi masalasini o‘rtaga tashlaydi. Beruniy oilada tozalik, poklik va tartibga rioya etish ma’naviy poklikka zamin bo‘lishi va bolani ko‘proq mehnat qilishga o‘rgatish kerakligini  ta’kidlab, bola tarbiyasida irsiyat, muhit va tarbiyaning ta’siri birdek muhimligini yozgan. A.Avloniy esa bu sohada birinchi navbatda bolaning sog‘ligi haqida qayg‘urish lozimligini ta’kidlaydi.

Albatta, farzandlar o‘z ota-onasidan voz kechishini faqatgina noto‘g‘ri tarbiyadan, deya olmaymiz. Shunchaki, “qariyalar tengqurlari orasida bo‘lgani yaxshi”, deb hisoblovchi “o‘qimishli” farzandlar ham bor, shukrki, bundaylar juda kam. Bizda ota-onasiga aliment to‘lamay, ularni qiynayotganlar statistikasi shakllanmagani millatimiz hali bu boradagi qadriyatlar masalasida uyg‘oqligidan darakdir, ehtimol.  

Dunyoda odamlarning barmoq izlari bir-biriga o‘xshamagani kabi, bir-birini aynan takrorlovchi taqdirlar ham bo‘lmaydi. Davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan qariyalar uyida umrguzaronlik qilayotgan nuroniylarning shu manzilgacha bo‘lgan umr hikoyalari ham bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo har birida bir dard, bir pushaymonlik aks etadi. Hayot qayta berilganda edi... degan bir o‘kinch ham bor. Va, yana ularning shunday o‘xshash tavsiyalari bor:

“Farzandingizni ilmli, yaxshi xulq egasi etib tarbiyalash uchun avvalo, o‘zingiz o‘rnak bo‘ling. Ularni ko‘proq bag‘ringizga bosing, musofir yurtlarda bo‘lsangiz-da mehringizni ifodalashga fursat va sabab toping. Yo‘qsa, xatolaringiz bilan yolg‘iz qolasiz...”