O‘zbekiston yoshlari ilk bor UNODC Yoshlar forumida ishtirok etdi

12-14-mart kunlari O‘zbekiston yoshlari Giyohvand moddalar bo‘yicha komissiya (CND)ning 67-sessiyasi doirasida BMT Yoshlar tashabbusi tomonidan tashkil etilgan yillik forumda ilk bor ishtirok etdi. Tadbirda dunyoning 27 davlatidan kelgan 35 nafar yosh mutaxassis giyohvandlikning oldini olish va yoshlar salomatligini mustahkamlash bilan bog‘liq muhim masalalarni muhokama qilishdi.

O‘ziga xos fikr va tajriba almashish maydoniga aylangan mazkur anjumanda mamlakatimiz vakillari ham ayni yo‘nalishdagi eng ilg‘or tengdoshlari bilan muloqot qilish orqali turli zamonaviy konsepsiya va tashabbuslardan boxabar bo‘lishdi.

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Vali yosh yetakchilarni mavjud imkoniyatdan har tomonlama samarali foydalanishga undadi. Siyosat tahlili va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori Jan-Lyuk Lemaxe ham ushbu tadbirning yoshlar tashabbuslarini rivojlantirishdagi alohida ahamiyatini ta’kidladi.

Umuman, Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq, yanada sog‘lom va xavfsiz jamiyat yaratishga munosib hissa qo‘shayotgan O‘zbekiston yoshlari endilikda global muammolarni hal etishda ham faollik ko‘rsatmoqda.

Manba