O‘zbek ijodkori "Yil yozuvchisi" Xalqaro adabiy tanlovida g‘olib bo‘ldi

O‘zbek ijodkori "Yil yozuvchisi" Xalqaro adabiy tanlovida g‘olib bo‘ldi

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli adib va dramaturg Qo‘chqor Norqobil asarlari xorijiy davlatlarda ham muntazam chop etilib, o‘quvchilar va adabiy jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.

Taniqli yozuvchi  2023-yilda  Rossiyaning qator nashrlari, jumladan, “Rossiyskiy kolokol” jurnalida e’lon qilingan hikoyalari uchun mazkur nashr va “Literaturnaya gazeta» tavsiyasiga  binoan “Yil yozuvchisi”  adabiy tanlovida g‘oliblar safidan joy oldi.  

— Qo‘chqor Norqobil hikoyalarida voqealar yorqin tasvirlanadi, - deb yozadi o‘z so‘zboshisida "Rossiyskiy kolokol" jurnali bosh muharriri Anna Borovikova. - Uning ijod namunalarini o‘qish jarayonida qalbingizda hayotning tiniq lahzalari va ularni yaqinlaringiz bilan baham ko‘rish tuyg‘usi uyg‘onadi.  


Ushbu nufuzli adabiy mukofotni topshirish marosimi joriy yilning may oyi ikkinchi yarmida Moskvada bo‘lib o‘tadi.  

Qo‘chqor Norqobil 1968-yilning 5-mart kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Mo‘minko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan.  

Ijodkor 2001-yilda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist" unvoniga sazovor bo‘lgan. 1992-yilda  ToshDU  (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning jurnalistika fakultetini tugatgan.  


 Adibning «Daryo ortidagi yig‘i» (1994), «O‘n sakkizga kirmagan men bor» (2002), «Kulib tur, azizim» (2005), «Quyoshni kim uyg‘otadi?» singari nasriy hamda «Xosiyatli dunyo» (1992), «Kaftimdagi qizg‘aldoq» (1993) va boshqa ko‘plab she’riy to‘plamlari nashr etilgan.  

Qo‘chqor Norqobil  Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yevtushenko kabi shoirlarning ijodidan tarjimalar qilgan.