Zo'ravonlikka uchrayotgan bola ham bizning kelajagimiz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu maqola shu haqda bo‘lib, yalpi yig‘ilishda muhokama qilingan qonun loyihalari haqida gap boradi. Shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov qonun loyihasiga munosabat berilgan. 

Yalpi yig‘ilishda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, loyiha bilan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Loyihasi bilan ilk bor bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilyapti. Bundan tashqari, loyihada zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilanmoqda. 

A.Qodirovning ta’kidlashicha,  ushbu qonun loyihasini Yangi O‘zbekiston islohotlaridagi ustuvor vazifalar sifatida belgilangan tarbiya va  ta’lim, oila institutini takomillashtirish maqsadlarini izchil va bevosita davomi sifatida qabul qilinishi kerak.
Yalpi majlisda “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan imoratlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimovning ta’kidlashicha, 2018 yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi.

Shunga qaramasdan, bugungi kunga qadar yana 3 milliondan ortiq fuqaroning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechim topmagan. Bu fuqarolar hayotida turli ijtimoiy va huquqiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish tartibi belgilanmoqda.