Xalqaro forumni “Milliy tiklanish” boshlab berdi...

Xalqaro forumni “Milliy tiklanish” boshlab berdi...

Partiyaning “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan “Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda milliy va xalqaro tajriba” mavzusida I Xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Onlayn tarzda o‘tgan tadbirda Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Malayziya, Eron, Belarus, Kamboja, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi 15 dan ortiq davlatlarning siyosiy partiyalari “Yoshlar qanoti” vakillari hamda parlament a’zolari ishtirok etdilar. O‘zbekiston tomonidan esa partiyaning “Yoshlar qanoti” va Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi, SHHT xalq diplomatiyasi markazi, “Bilim karvoni” tashkiloti, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stependiantlari hamda mahalliy kengash deputatlari qatnashdilar.

Forumni partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov ochib, yoshlar masalasi har doim dolzarb bo‘lib kelganini, ayniqsa, bugungi murakkab va tezkor siyosiy o‘zgarishlar davrida ilk bor o‘tkazilayotgan bunday forum tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Katta siyosat o‘z yo‘liga, lekin yoshlar dunyoni qutqarishga harakat qilmasa, global muammolarni hal qilish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ilgari surmasa, ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lmasa, ayrim davlatlar o‘rtasida yo‘qolyotgan o‘zaro ishonch, uzilayotgan do‘stlik rishtalarini qayta tiklash haqida gapirish befoyda.
– Har qanday davlat o‘z qadriyatlariga tayangan holda taraqqiy etishi lozim va bu g‘oya “Milliy tiklanish”ning demokratik partiyasining bosh maqsadi hisoblanadi. Milliy qadriyatlarimizni asrash orqali esa biz yoshlarimizni asraymiz, farovon kelajagimizni yaratamiz, – dedi Alisher Qodirov.

Forumda partiyaning “Yoshlar qanoti” faoliyati haqida ma’lumot berilarkan, bugun partiya a’zolari tarkibida yoshlarning ulushi 51 foizni, partiya boshqaruvida bu ko‘rsatkich 48 foizni tashkil etayotgani qayd etildi. Shu davrga qadar yuzdan ziyod yoshlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentida qonun ijodkorligi jarayonlarida o‘z bilim va salohiyatlarini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdilar va bu jarayon qizg‘in davom etmoqda. 

–  Forumni joriy yilning boshida Osiyo siyosiy partiyalarining xalqaro konferensiyasi boshchiligida hamda Mo‘g‘uliston Xalq partiyasi mezbonligida yuqori saviyada o‘tkazilgan anjuman doirasida siyosiy partiyalarning Yoshlar qanotlari bilan olib borilgan muzokaralarning amaliy natijasi deyish mumkin, – deydi partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova. 

Forumda ishtirokchilar yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribalar yuzasidan o‘zaro fikr almashib, yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini tahlil qildilar. Yoshlar orasida siyosiy munozara va muloqot madaniyatini shakllantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, siyosiy tahlil va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yosh siyosatchilarning yangi avlodini tarbiyalash va bunday yoshlarni rag‘batlantirish, yakunda esa bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar.