Bugun eli, yurti va millati uchun yonib yashaydigan deputatlarga ehtiyoj ortib boryapti.
Endi “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tizimida kuchli deputatlar raqobati va ularning saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi uchun shaffof muhit yaratilmoqda.
Zotan, bugungi yangilanishlar dolzarb muammolarni hal etishda chinakam fidoyi deputatlar imkoniyatini ham kengaytirmoqda. Masalan, endilikda atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalarni qayerga qurish, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylarni belgilash yoki davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish masalalarida ham xalq vakillari fikri muhim ahamiyat kasb etyapti. Bu bejiz emas, albatta.
Chunki biz bugun ana shu muammolarga, xususan, maktabgacha ta’lim tizimiga jiddiy yondashmasak, demak, ertaga farzandlarimiz tarbiyasidagi nuqsonlar uchun javob berishimizga to‘g‘ri keladi. Joylarda xususiy bog‘cha yoki maktabga talab yuqoriligi hammamizga ma’lum. Yangi bog‘cha ochishga uringan tadbirkor uchun qancha qog‘ozbozlik, sarsongarchilik yoki to‘siqlar borligi ham hech kimga sir emas. Endi bu masala kuchli kengash orqali o‘z yechimini topishiga umid bor. Bu borada ham mahalliy xalq vakillarining qarashlari o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana muhim bir jihat – joylarda yo‘lovchi va yuk tashish tariflari borasida, jumladan, fuqarolarning alohida toifalari uchun ham imtiyozli emas, aksincha, bir xil tariflar belgilanishiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.Bu esa aholining haqli e’tirozlariga tez-tez sabab bo‘layotgan edi. Endi bu tizimdagi muammolar ham mahalliy xalq vakillaridan iborat “xalq ovozi” bilan hal qilinyapti. Yoki tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish kabi ishlar ham xalq noiblari ishtirokida amalga oshiriladigan bo‘lyapti. Bu esa xalq bilan hamkorlikda ishlash, ular bilan yaqindan aloqada bo‘lish, xalq dardini o‘rganish va unga javob topish demakdir.
Partiya bolalarning o‘z ona tillarida saboq chiqarishiga, ota-bobolari tarixini mukammal bilishiga, qadriyatlari, an’analari va urf-odatlari ruhida tarbiya topishiga ko‘maklashishni o‘zining ustuvor vazifasi, deb hisoblaydi.