O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon bilan strategik sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ilgari surish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon bilan strategik sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ilgari surish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti bo‘yicha vazirlarning ikkinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vazir davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda hamkorlikning 10 ta yangi yo‘nalishi bo‘yicha istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Muntazam va samarali muloqotlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga chiqqani, amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat ila qayd etildi.

O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 27 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, energetika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qo‘shma investitsiya fondi o‘z faoliyatini boshladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.