“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni


“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni 2024 yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. 2024 yil 1 martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilsin. Bunda mazkur rahbarlar:

har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib borsin;

o‘zlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan zarur mablag‘larni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yo‘naltirishga ruxsat etilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi, Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) hamda yoshlar biriktirilgan vazirlik va idoralar belgilansin.

Farmonning to'liq matni bilan bu yerda tanishing