“Milliy Tiklanish” yana bir yangi loyihaga start berdi

“Milliy Tiklanish” yana bir yangi loyihaga start berdi

Endigi navbat boshqa tillarda saboq beriladigan maktablarga o‘zbek tilidagi kitoblar tarqatishga!

O‘zbek tilidagi o‘quv va badiiy adabiyotlar ortilgan “karvon” Toshkent shahri va Toshkent viloyati maktablaridagi kutubxonalarga kirib borganida loyihaga o‘z vaqtida start berilganini anglab yetdik. Qayd etish joizki, ushbu aksiya doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari hamda partiya faollari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 20 ga yaqin maktablarga jami 2000 dan ortiq o‘zbek tilidagi o‘quv va badiiy adabiyotlarni taqdim etish rejalashtirilgan edi.

Aksiyaning birinchi bosqichi – 5-6 iyun kunlarida dastlab Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi qozoq va koreys, Parkent tumanidagi qirg‘iz hamda Oqqo‘rg‘on tumanidagi turkman tiliga ixtisoslashgan maktablarga partiya sovg‘alari – kitoblar to‘plami topshirildi. Keyin karvonimiz poytaxtning Mirobod va Yakkasaroy tumanlaridagi rus tiliga ixtisoslashgan maktablarga kirib bordi. 

Aksiya doirasida o‘quv yilini a’lo baholarga tugatgan kitobsevar o‘quvchilarga partiyaning esdalik sovg‘alari ham topshirildi.