Endi Fraksiya transport vazirining axborotini eshitadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Reglamentiga muvofiq, har oyning so‘ngi o‘n kunligida deputatlar saylov okruglariga chiqib saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi belgilangan. Shunga asosan joriy yilning 28 fevral - 2 mart kunlari deputatlarning saylov okruglarida o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

O‘rganishlar davomida hududlarda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olishiga yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, deputatlar saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish, bunda parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratib, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda joyida hal etish choralarini ko‘rdilar. 

Uchrashuvlar davomida “Milliy tiklanish” fraksiyasi a’zolari 2583 nafar fuqaro, shu jumladan 151 nafar tadbirkor bilan uchrashib, ularni o‘ylantirayotgan hayotiy masalalarni muhokama qildilar.

Ochiq muloqotlarda saylovchilar tomonidan jami 112 ta masala ko‘tarilib, unda ijtimoiy soha ob’yektlarini ta’mirlash va qurish, uy-joy-kommunal, sog‘liqni saqlash, aholi bandligi, transport va yo‘l qurilishi, ta’lim, tadbirkorlik, bank-kredit va boshqa sohalarga oid muammolar yuzasidan murojaatlar bo‘ldi. Partiyadan saylangan deputatlar tomonidan esa ko‘tarilgan masalalarning 30 foizga yaqini joyida hal etildi. Qolgan masalalarni tuman va shahar darajasidagi mahalliy ijro hokimiyati bilan birgalikda hal etish choralari ko‘rildi.

Deputatlar shuningdek saylovchilarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha ma’lumotlar berdilar.

Hududlarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sohaning iqtisodiy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyati aholiga yetkazilib, 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, investisiya, eksport va sanoat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar xususida axborotlar berildi. 

Shu bilan birga uchrashuvlar davomida M39 avtomobil yo‘lining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish punktlarini modernizatsiyalash va zamonaviy texnik vositalar bilan qay darajada ta’minlanganligini o‘rganish maqsadida joylarda o‘rganishlar ham olib borildi.

Xususan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarida Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi talab darajasida emasligi aniqlandi. Shundan kelib chiqib “Transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosining xolati bo‘yicha fraksiya tomonidan navbatdagi yig‘ilishlarda O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining axborotini eshitish taklifi bildirildi.