Bolalarga himoya orderi berish taklif etilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir qator masalalar muhokama qilindi. Majlisda dastlab bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.Olloyorov qonun loyihasi yuzasidan ma’ruza qilar ekan, mamlakatimizda bola huquqlari kafolatlarini ta’minlash, ularni himoya qilish uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.  

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bolalar masalasiga alohida ustuvorlik berildi. Shu bilan birga, Oliy Majlis huzurida Bolalar ombudsmani institutining tashkil etilishi jamiyat uchun bolalar muammolariga e’tiborning muhim ko‘rsatkichi sifatida namoyon bo‘ldi. Bugungi globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari, ayniqsa, internetning rivojlanishi bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan, ularni zo‘ravonlikning har qanday shaklidan himoya qilinishini ta’minlash, bu boradagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish zarurati yuzaga kelmoqda.  

Mazkur qonun loyihasi bilan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.  

Shuningdek, qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan taqib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.  

Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinyapti. Ya’ni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi, – dedi M.Olloyorov.  

Majlisda qayd etilganidek, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari ham belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.  

Qonun loyihasida ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda.  

Ta’kidlanganidek, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar toifalari – yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalar qonun loyihasida aniq belgilab berilganligi sohadagi vakolatli organlarga zo‘ravonlikdan jabrlangan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishiga yordam beradi.  

Loyihada shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilanmoqda. Xususan, zo‘ravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.   

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining muhimligini, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashda ushbu hujjat alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Hujjatning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish, tushuntirish zarurligi aytildi.   

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan bir ovozdan qabul qilindi.   

Manba