O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifini Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tsyan bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda chorshanba kuni prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda “birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy sohada koʻp qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish” masalalari koʻrib chiqildi.
“O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari barcha soha va yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani” alohida ta’kidlandi.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi. Tomonlar bu ko‘rsatkichni, jumladan, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga 20 milliard dollargacha oshirish mumkin, deb hisoblamoqda.
Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalarining umumiy hajmi 14 milliard dollardan oshdi.
Shavkat Mirziyoyev va Li Tsyan infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligida texnologiyalar transferi va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlashni muhokama qildi.
Bundan tashqari, Xitoyning bank-moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari, shuningdek, Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtiroki ko‘rib chiqildi. Tomonlar havo qatnovi va sayyohlik almashinuvini yanada kengaytirish tarafdori bo‘lishdi.
Tashrif arafasida 22 yanvar kuni Urumchi shahrida birinchi Oʻzbekiston-Xitoy mintaqaviy forumi va sanoat koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Shu kunlarda taʼlim forumi, Xitoyda Oʻzbekiston madaniyati kunlari ham oʻtkazilmoqda.
Shu kunga Shavkat Mirziyoyev va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasidagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Gazeta.uz” yozganidek, joriy tashrif O‘zbekiston Prezidentining yangi yildagi ilk xorijiy tashrifidir. Shavkat Mirziyoyev “Xalq soʻzi” gazetasidagi maqolasida buni “chuqur ramziy maʼno” deb atadi.
Shavkat Mirziyoyev Xitoyning viloyatlaridan biriga tashrif buyurib, u yerda qator kompaniya va bank-moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashishi kutilmoqda.