O‘zbekiston rahbari Xitoyga keldi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga keldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Poytaxt xalqaro aeroportida ularni Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, ertaga, 24-yanvar kuni Pekin shahrida O‘zbekiston rahbari XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, Xitoy rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.