Yoshlar xorijda malaka oshiradi

Yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligiga yo‘naltirish belgilab qo‘yildi. 2024-yil 1-iyundan boshlab esa «Yosh tadbirkor» tanlovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov asosida «mahalla – tuman – viloyat – respublika» bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanib, bunda nogironligi bo‘lgan yosh tadbirkorlarning loyiha va g‘oyalariga alohida e’tibor qaratiladi. Eng asosiysi, saralashdan o‘tgan loyihalarga BHMning ming baravarigacha imtiyozli kredit ajratiladi. Hatto biznes loyiha va g‘oyalar egalari xorijiy davlatlarga malaka oshirishga ham yuboriladi.

Dasturda IT bilan shug‘ullanayotgan va qiziquvchi yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratilmoqdaki, bu borada belgilangan vazifalardan hech bir yosh e’tibordan chetda qoldirilmaydigan bo‘ldi. Xususan, 2024-yil 1-martdan boshlab «Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi» dasturi joriy etiladi.

Uning doirasida ushbu sohaga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ular ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘qitiladi. Iqtidorli yoshlarga sertifikat berilib, ular haqidagi ma’lumotlar Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib boriladi. Tizimga kiritilgan yoshlarga esa kelajakda IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga ishga joylashtirishga ko‘maklashiladi.