Umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya joriy qilinmoqda

Umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya joriy qilinmoqda

So‘nggi yillarda yurtdoshlarimizning muborak Haj va Umra safarlariga borishi uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti. Natijada minglab vatandoshlarimiz ushbu ulug‘ amallarni ado etish sharafiga muyassar bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda o‘tgan 2023-yilda 15 ming 150 nafar ziyoratchi Haj, 43 mingdan ortiq ziyoratchi esa Umra amalini ado etgan.

Bu kabi quvonarli natijalar bilan birga Umra ziyoratiga borgan ayrim yurtdoshlarimiz ba’zi qiyinchilik va muammolarga duch kelgani haqidagi xabarlar ham tarqalgan edi. Xususiy sektor tomonidan bunday tadbirlarni amalga oshirishning huquqiy mexanizmi yaratilmagani bois bir qator muammolar yuzaga kelmoqda.  

Endilikda Umra ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish, ziyoratchilarning haq-huquqlarini ta’minlash maqsadida bunday tadbirni tashkil etish va o‘tkazish uchun litsenziya joriy qilinmoqda.  

Ushbu tartiblarni o‘zida aks ettirgan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.  

Ta’kidlanganidek, xususiy sektor tomonidan Umra ziyoratini amalga oshirishning huquqiy jihatdan tartibga solinishi ziyoratchilarning haq-huquqlarini ta’minlashga, turli ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Deputatlar loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.