«Yoshlar qanoti»ning «Vatandosh bilan suhbat» loyihasi nisbatan yangi bo‘lishiga qaramay, uning auditoriyasi sezilarli darajada kengaymoqda.
Asosan, chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan yoshlarimizni tanishtirishga xizmat qilayotgan ushbu loyiha doirasida Abdukarim Mirzayev, Barno Ismatullayeva (Yevropa davlatlari jumladan, Gannover davlat opera solisti, «Do‘stlik» ordeni sohibasi, Xalqaro tanlovlar laurenti.), Alisher Avazov (Alibazar.uz, Evropol kompaniyalari asoschisi), xalqaro toifadagi jurnalist Navbahor Imomovalar bilan ham muloqotlar o‘tkazildi. Loyihaning bu galgi mehmoni esa xalqaro «Shell» kompaniyasining operatsion texnologiyalar bo‘yicha yetakchi arxitektori Madina Doup (Berdiyeva) bo‘ldi.
Madina asli qashqadaryolik. U Qarshidagi umumta’lim maktabida, keyinchalik Qarshi davlat universitetida tahsil olgan. Kunlardan bir kuni oliygohni qizil diplom bilan muvaffaqiyatli tamomlagan Madinaga Xalqaro toifadagi kompaniya bilan shartnoma tuzishga oid elektron maktub keladi. Ziyoli oila bo‘lishiga qaramay, Madinaning ota-onasi uning chet elda ishlashiga mutlaqo qarshi bo‘lishadi. To‘g‘ri-da, o‘zbek qizini chet elga yolg‘iz yuborishga qaysi bir ota-ona rozi bo‘lishi mumkin? Biroq, Madina o‘z maqsadidan qaytmadi. Akasi yordamida ota-onasining roziligini olib, Gollandiyaga yo‘l oladi... Shu o‘rinda xalqaro «Shell» kompaniyasida uni «Xush kelibsiz!» deb emas, «Qachon ketasiz?» degan savol bilan qarshi olishganini alohida ta’kidlash joiz. Chunki o‘sha paytlarda Yevropaga Osiyo mamlakatlaridan borgan fuqarolarga «Uchinchi mamlakat» fuqarosi deya past nazar bilan qaralar, bu esa Madinani qattiq ranjitgan edi. Qayd etish joizki, «Shell» kompaniyasida asosan (99.9 foiz) erkaklar faoliyat yuritishardi. Ma’lumki, aksariyat Yevropaliklar ham ayollar o‘rnini oshxonada, deb hisoblashadi. Ammo Madina bunday qiyinchiliklar qarshisida tushkunlikka tushmadi, o‘z maqsadi sari dadil bordi, tinimsiz izlandi. Ko‘p o‘tmay bu mehnatlari samara berib, u «Shell» kompaniyasining Operatsion texnologiyalari bo‘yicha yetakchi arxitektori darajasiga yetdi.

Oz emas, ko‘p emas, 24 yil davomida Yevropa mamlakatlarida yashab, axborot texnologiyalari sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan Madina Doup bilan o‘tkazilgan suhbat zerikali ma’ruzalardan holi, qizg‘in savol-javoblarga boy, eng asosiysi interaktiv tarzda kechdi. Davra suhbati ishtirokchilari orasida qizlarning ko‘pligi esa vatandoshimizni behad quvontirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
- Nazarimda, qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi juda muhim masala. Bizda ko‘pincha qizlarni oilaga tayyorlashadi va asosiy e’tiborni shunga qaratishadi. Lekin bugun ko‘rib turibmanki, O‘zbekiston yoshlari, xususan, qizlar barcha sohada ilg‘or! Eng muhimi, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lishlari uchun yurtimizda qulay sharoitlar yaratilyapti. Bizning o‘smirlik davrimizda esa bunday sharoitlar, imtiyozlar yo‘q edi, desam, xato bo‘lmaydi. Buning uchun «Milliy tiklanish» partiyasiga ham o‘z tashakkurimni izhor etaman! - dedi mehmonimiz.
Tadbir ishtirokchilari vatandoshimizdan o‘zlikni anglash, o‘zini hurmat qilish borasida ham motivatsion maslahatlar oldilar. Uchrashuv yakunida Madina Doup eng yaxshi savol muallifini aniqlab, unga mukofot tarzida bir soatlik mahorat darsini o‘tkazib berishga va’da berdi.