Natija bo‘lmasa, bu masala parlament darajasiga ko‘tariladi

Qashqadaryoda 1468 ta madaniy meros ob’yekti bo‘lib, aynan ana shu inshootlar tufaqli ham viloyatda turizm izchil rivojlanyapti.

Biroq ko‘hna tariximizning ajralmas bo‘lagi va tilsiz guvohi bo‘lgan asori-atiqalarning aksariyati ta’mirtalab holatga kelib qolganki, ayrimlari hatto yo‘qolib ketish darajasiga tushib qolgan. Qarshi shahridagi Haramjo‘y, Kulol, Chakar masjidlari hamda Sharifboy madrasalari shular jumlasidandir. Ta’kidlash lozim, ushbu madaniy meros ob’yektlari katta tarixiy qiymatga ega. Jumladan, Haramjo‘y masjidi besh asrlik tarixga ega bo‘lsa, Kulol, Chaqar masjidlari va Sharifboy madrasasi XVIII asrda bunyod etilgan. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati Kengashi deputatlik guruhi tomonidan ushbu masala  bir necha bor o‘rganilib, mavjud muammo haqida bong urilib, sessiyalar kun tartibiga kiritilgan bo‘lsa-da, mas’ul idoralar hamon befarqlik qilmoqdalar.

To‘g‘ri, Haramjo‘y 2021 yilgi, Kulol masjidi hamda Sharafboy madrasasi esa 2022 yilgi dasturga kiritilgani to‘g‘risida ma’lum qilinib, bu xabar OAVda ham e’lon qilingan edi. Lekin afsuski, mutasaddilarning muammoga munosabati qog‘ozlardagina saqlanib qoldi, xolos. 

Deputatlik guruhi kuni kecha yana bir bor ushbu tarixiy ob’yektlar holatini ko‘zdan kechirib, shoshilinch chora ko‘rish lozim degan qarorga keldi. Aks holda kelajak avlodlarga qoladigan beqiyos boylikning butkul yo‘qolib ketish xavfi bor. 

Shundan kelib chiqib, partiya deputatlik guruhi mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborishga qaror qildi. Deputatlar shuningdek, bu safar ham natija bo‘lmasa, bu masalani parlament darajasiga ko‘tarishga olib chiqish lozim degan fikrdalar.