Farida Afro‘z: Millatning “o‘zbegoyimi” o‘zligini yo‘qotmasligi kerak! (+video)

Farida Afro‘z: Millatning “o‘zbegoyimi” o‘zligini yo‘qotmasligi kerak! (+video)

Ayol – Yaratganning mo‘jizasi, tabiatdagi nafis mavjudotdir. Ayol fitratan bir tomondan nazokat timsoli bo‘lsa, ikkinchi tomondan jamiyatga eng ta’sirli qudratdir. Bugun zamonaviy o‘zbek ayoli portreti tenglik, ishonch va qat’iyat timsoliga aylangan.

Tarixdan e’tibor beradigan bo‘lsak, har bir buyuk shaxs ortida ayol siymosi turganini ko‘ramiz. Chunki butun bir millatni ayol dunyoga keltiradi, ayol tarbiyalaydi. Matonatli ayollar qiyinchiliklar oldida qaddini bukmay mardona kurashganlar, o‘zlarini farzandlarining kamoli uchun, oilasining or-nomusi, tinchligi uchun erkaklar bilan bir xil mas’uliyatni his qilgan holda yashab o‘tishgan.  

Sharq ayollari asrlar davomida butun dunyoga ibrat sifatida tasvirlanib, ta’riflanib kelingan. Uning sadoqati, matonati tillarda doston bo‘lib kelgan.  

Aslida, oilani ham, jamiyatni ham birlashtirib katta kuchga aylantira oladigan zot bugun zamonaviylashib davlatimiz boshqaruvida ham o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda "zamonaviylashuv" tushunchasi qizlarimizda biroz boshqacha shaklda tushuncha uyg‘otayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. "Bokiralik" mavzusining muhokamaga aylanganini o‘zi ham bunga yaqqol misol bo‘loladi. Bunday vaziyatda ziyoli qatlamning fikrlari har qachongidan ham muhim va ahamiyatli.

"O‘zbegoyim" loyihasining bu galgi mehmoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, dilbar shoira Farida Afro‘z (Bo‘tayeva).  

Suhbatimiz davomida millatning "o‘zbegoyimi"ning asliyati, o‘zining hayosi bilan dunyolarni zabt etgani, bugungi qizlarimizdagi "zamonaviylashuv"ning chegarasi va oqibatlari haqida fikr almashdik.