Bugungi Sirdaryo kechagi Sirdaryo emas

Bugungi o‘zgarishlar, bunyodkorlik shukuhi sirdaryoliklar hayotiga ham yangicha mazmun kiritmoqda. Zero, viloyatda so‘nggi 7 yilda salmoqli natijalarga erishildi. Nafaqat viloyat markazi, balki eng olis qishloqlar ham zamonaviy qiyofa kasb etdi.

Odamlarni yillar davomida o‘ylantirib kelgan yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar izchil hal etilyapti.
Bu yutuqlar negizida esa chuqur o‘ylangan siyosat, xalqimizning fidokorona mehnati turibdi. Izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik ham rivojlanmoqda, yangi korxonalar qad rostlayapti. 

Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga bu galgi tashriflari esa hudud ahlining kayfiyatini yanada ko‘tardi, ularni faollikka chorladi.
Davlatimiz rahbari tashrif davomida Sayxunobod tumanining Ittifoq mahal-lasida bo‘lib, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi omilkorlik ishlari bilan tanishdi. Shu yerda tomorqa egalari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.

Sayxunobod tumanida yerda tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhim vazifalar belgilab berildiki, ularning hammasi insonni rozi qilish, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.

Masalan, xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilishga ko‘maklashish zarurligi aytilib, shu maqsadda tumanda tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilashga 60 milliard so‘m ajratilishi qayd etildi. Bo‘sh turgan 21 inshootga esa investorlar jalb qilinib, foydalanishga kiritiladi. Eng muhimi, Farovon mahallasida 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil qilinib, kamida 100 million dollarlik sanoat loyihalari boshlanadi. Bu kabi loyihalar ijrosi natijasida tumanda tadbirkorlik keng quloch yoyadi, ming-minglab yoshlar shu yerning o‘zida ishli, daromadli bo‘ladi.

Sirasini aytganda, bugungi bunyodkorlik ruhi har bir viloyatdoshimizni yangi marralarni zabt etishga chorlayapti. Yurtdoshlarimizning ko‘zlaridagi hayotdan mamnunlik, ayniqsa, yoshlarimizning nigohlarida barq urib turgan g‘ayrat-shijoat, ertangi kunga ishonch ularning porloq kelajagidan dalolat beradi.