Bir kun emas, har kuni e’zozimizdasiz!

Ayollarni e’tirof etib, ularga ehtirom ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, barcha ta’rifu tavsiflar ham, she’ru, ash’orlar ham kamlik qiladi. Aslida, faqat 8-martda emas, yil, o‘n ikki oy – 365 kun xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatishimiz kerak. Zero, mehnatsevar, fidoyi va zahmatkash opa-singillarimizni har qancha qardlasak oz. Ular – hayotimiz ko‘rki, jamiyatimiz tayanchi va ishonchi, sog‘lom va barkamol avlod tarbiyachilaridir. 

Sarvari koinot Odam Atoni yaratdi. Agar uning qovurg‘asidan Momo Havoni yaratmaganda balki bugun olam o‘ta rangsiz, hayot esa mazmunsiz bo‘lardi. 

Buni qarangki, buyuk alloma Ibn Sino ayollarni kasallikka o‘xshatgan bo‘lsa, xitoylik faylasuf Konfusiy ularni «zahar»ga qiyoslagan. Bu, albatta, majoziy ma’nodagi qiyoslar. Ammo tan olishimiz kerak, hayotda eng yuqori cho‘qqilarni egallagan har qanday erkak ortida albatta, kuchli AYOL va uning zahmatli mehnatlari bo‘ladi. Siyosat olamida ham, boshqa sohalarda ham xotin-qizlarimiz biz bilan yelkama-yelka mehnat qilib, jamiyat rivoji uchun ulkan hissa qo‘shmoqdalar. Ish bilan band bo‘lmagan ayollar esa vatani uchun munosib avlod bo‘la oladigan farzandlarni ulg‘aytirishyapti. 

Shu ma’noda biz ayollarni kelajak davomchilari sifatida doimo qo‘llab-quvvatlasak, ulug‘lar aytganidek: «Ayolini e’zozlagan yurtning poydevori mustahkam bo‘ladi»...

Alisher Qodirov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi