«O‘zbek Shalyapini» 

«O‘zbek Shalyapini» 

yoxud Fitrat, Cho‘lpon, Hamza bilan maslakdosh bo‘lgan san’atkor qismati

Mashhur «Quralay (Yo‘l bo‘lsin)», «Omon yor» qo‘shiqlari yoki  «Hilila yorim» kabi xalqona hazil laparlar o‘z davrining ne-ne sahnalarida takror va takror kuylanmagan deysiz. Ayniqsa, birinchi o‘zbek bariton-xonandasi, O‘zbek filarmoniyasi tashkilotchisi va badiiy rahbari Muhiddin qori Yoqubov rahbarligida tashkil etilgan tomoshalar xalqimiz tomonidan yaxshi kutib olingan.   1923 yilda «Turkiston Respublikasining birinchi xalq hofizi» unvoniga loyiq ko‘rilgan hofiz keyinchalik – 1930 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi», 1936 yilda esa «O‘zbekiston xalq artisti» unvonlari bilan taqdirlangan. 
Hofizni xotirlagan kishi borki,  uning tengsiz iqtidori va samarali faoliyati haqida uzoq gapiradi.

Ammo qayd etish kerakki, o‘zbek qo‘shiq va raqs ansambllari tashkilotchisi hamda badiiy rahbari, o‘zbek musiqali teatri tashkilotchisi, rejissyori va artisti, o‘zbek opera studiyasining tashkilotchisi va badiiy rahbari, birinchi o‘zbek opera va balet teatrining tashkilotchisi va artisti bo‘lgan Muhiddin qori Yoqubovning hayot va ijod yo‘li u qadar silliq kechmagan. 

Muhiddin qori Yoqubov 1896 yil may oyida Farg‘ona shahrida dunyoga keladi. Otasi Muhammad Yoqub Salim o‘g‘li o‘zi yashagan «Yangichek» mahallasidagi Orifjonboy masjidining imomi bo‘lgan. Masjid qoshidagi maktabda ham dars bergan. 1898 yili Chor hukumati tomonidan shafqatsizlarcha bostirilib, yuzlab kishilar dorga osilgan Dukchi eshon qo‘zg‘olonida ishtirok etib, Mingtepadan qochib ulgurgan Muhammad Yoqub Salim o‘g‘li vosvos xastaligiga duchor bo‘lib, ko‘p o‘tmay vafot etadi. Ikki yoshida otasidan yetim qolgan Muhiddinjon o‘gay ota qo‘lida tarbiyalana boshlaydi. 

Muhiddin 1904-1905 yillar Orifjonboy masjididagi maktabda o‘qiydi. 1908 yildan maktab qoshidagi qorixonaga qatnab, Qur’oni karimni yod olishga kirishadi. 1910 yildan boshlab esa Orifjonboy masjidida turli diniy marosimlar o‘tkazishda qori sifatida xizmat qiladi. O‘tkir zehni, yoqimli ovozi bilan tez orada el og‘ziga tushgan Muhiddin qori otasining do‘stlari, Farg‘onaning taniqli insonlari Orifjonboy, Rajabboy va Qalandar devonaboylar davrasida kamol topadi. 1916 yilgi mardikorlikka olish voqealari va unga qarshi xalq qo‘zg‘olonining shafqatsiz bostirilishining guvohi bo‘ladi. Bu voqealar ta’sirida taassufki, san’atni jonu dildan sevgan, hamisha mutolaaga oshno bo‘lgan Muhiddin qori qalbida mustamlakachilarga qarshi cheksiz nafrat tuyg‘usi shakllanadi. Farg‘ona vodiysi shaharlarida birin-ketin «Sho‘royi islom» jamiyatlari tuzila boshlagan 1917 yilning aprel-may oylarida jadidlarning Turkistonga ozodlik talab qiluvchi g‘oyalarini eshitgan Muhiddin qori birinchilardan bo‘lib «Sho‘royi islom»ga a’zo bo‘ladi.

Keyinchalik  Hamza Hakimzoda Niyoziy rahbarligida, san’atkorlardan iborat bir nechta targ‘ibot guruhlarini tuzadi. Hamza tashviqot guruhlarini «Musulmon yoshlar dramatik truppasi» deb nomlab, ular uchun qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari yozardi. Muhiddin qori Yoqubov ham bir yelkasiga «Yashasin Muxtoriyat!», ikkinchisiga «Yo‘qolsin bolsheviklar!» deb yozilgan lentalarni osib, Qo‘qon va Qo‘qon atrofidagi qishloqlarga borib, Mirza Davlat, turkcha marshlar kuylab aholini to‘plardi. Afsuski, Turkiston muxtoriyati hali beshikdaligidayoq bo‘g‘izlandi, istiqlol istagida yongan yuraklar tindi, orzular sarobga aylandi. Yarim kun qizil askarlar tomonidan to‘pga tutilgan Qo‘qon bozorlari yondirilib, arman doshnoqlarining qo‘li bilan «o‘liklar shahri»ga aylantirildi. Ko‘p o‘tmay bolsheviklarning iskanjasi butun Farg‘ona vodiysini qonga botirdi...

Qisqa muddatda o‘z atrofiga iqtidorli yigitlarni jamlagan Muhiddin qori Yoqubov uchun endi ortga yo‘l yo‘q edi. U avvallari xushovoz hofiz bo‘lsa, endi uning ovoziga cheksiz dard, xalqning boshiga tushgan mislsiz xo‘rliklar ifodasi bo‘lgan mungli nola qo‘shildi. Qaysi mavzuda, qaysi janrda kuylamasin, xalq yurakdan chiqayotgan bu dardni osongina tuyar edi. Bir paytlar Turkiston muxtoriyatining prezidiumida o‘tirgan Bo‘taboy Dadaboyev sovetlardan mansab olgach, 1919 yilning boshida Turkfrontning Farg‘ona xalq puflama orkestri xodimi sifatida Muhiddin qori Yoqubovni ham yigitlari bilan «tinch hayot»ga qaytishga ko‘ndiradi. Bir muddat o‘tgach esa qahramonimiz Hamzaning 40-45 kishilik teatr truppasi tarkibida Toshkentga keladi. 

Muhiddin qori Yoqubov jadidlarning ilk teatri «Turon»da Fitrat va Gʻulom Zafariylar bilan tanishdi. «Turon»da 1919 yillarda Hamza, Mannon Uyg‘ur, Qudrat Maxzumovlar bilan Fitratning «Chin sevish», «Abomuslim», Gʻulom Zafariyning «Erk bolalari», «Azizim», «Halima» asarlarini sahnaga olib chiqdi. 1919-1920 yillarda esa «Chig‘atoy gurungi»da Fitratning «Sharq» she’rini o‘qib qalblarni larzaga soldi. «Chig‘atoy gurungi»da Shokirjon Rahimiy, Botu, Oltoy, Bosit, Abror Hidoyatov kabi yoshlar bilan tanishib, ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. 

1921 yili Buxoroga borgan Muhiddin qori azaliy orzusi – «Masjidi Kalon»da tilovat qiladi. Uning sehrli ovoziga guvoh bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev 1000 so‘m berib, o‘zbek milliy operasini yaratish uchun Italiyaga borib o‘qib kelishni tavsiya qiladi. 1922 yil «Ko‘mak» jamiyati tomonidan Moskvaga yo‘llangan yoshlar orasida Muhiddin qori Yoqubov ham bor edi. U Moskvadagi Davlat teatr san’at institutining vokal bo‘limida tahsil ola boshlaydi. Bir paytning o‘zida Italiya elchixonasiga borib o‘qish istagini bildiradi, biroq sho‘ro ma’murlari bunga izn berishmaydi. 

1923 yili Turkistondagi hisobot gastrol konsertlardan «Turkistonning birinchi xalq hofizi» faxriy unvoni bilan Moskvaga qaytib, o‘zbek milliy musiqiy merosini ilmiy tadqiq etishga kirishadi. 1925 yili Parijdagi Butun jahon ko‘rgazmasiga SSSRdan yuborilgan 19 nafarlik san’atkorlar guruhi tarkibida ozarbayjondan Shavkat xonim Mamedova, qozoq oqini Amri Kashalbayev, boshqird quray chaluvchisi Esanboylar bilan Muhiddin qori Yoqubov va Tamaraxonimlar ham bor edi.

1926 yili «Yer yuzi» jurnalining 6-sonida e’lon qilingan «Parijda o‘zbek san’ati» maqolasida bir oy davom etgan tomoshalar haqida: «O‘zbek xalq ashulachisi Muhiddin qori Yoqub o‘g‘li Parij teatrlarida o‘zbekning najot istagan, yuraklaridan chiqargan qadimgi, ohangdor navolari bilan birga hozirgi tirik kuylarini o‘zbekka xos xususiyat bilan g‘arbliklar oldida ijro etdi. Qori Yoqubning rafiqasi Tamaraxonum o‘zbek qizining o‘ynoqilag‘on onlarini (momentlarini) bundan ko‘prak g‘amgin, hasratlik kunlarini ma’nodor raqslar bilan gavdalantirdi. Muhiddin Qori va Tamaraxonimlarning qishloq yigitlari bilan qizlarining lapar aytishib, o‘ynashib yurganlarini ko‘rsatishlari har kuni yangi bir zavq istagan parijliklarda boshqacha shavq uyg‘otdi.

Qishloqlarimizdagi ishqning qanchalik tabiiy va chiroylik ekani ularga yoqdi. Ashulachilarimiz olqishlar orasida sahnada qayta-qayta ko‘rilmakka majbur bo‘ldilar. Ashulachilarimiz qaytarda Germaniyaning poytaxti Berlinga to‘xtadi, u yerdagi maorif vakolatxonamiz va o‘quvchilarimiz tantanalik kecha yasadilar. Bunda bir qancha muvaffaqiyatlik chiqishlarda bo‘lganlar. Muhiddin qori so‘ngra Berlinning yuqori ashula va musiqa maktabida (Filarmoniyasida) yana kattaroq muvaffaqiyatlarga erishdi. Filarmoniyadagi chiqish, albatta, avvalgilariga qaraganda katta edi. Chunki avvalgisida, ya’ni O‘zbekistonning bir yillik bayrami kechasida yuzlab xalq oldida bo‘lsa, bunisi minglab kishi qarshisida edi. Kunchiqishning qo‘pol xalqidan ham bir narsa chiqarmikin... deb o‘ltirgan minglab xalq o‘zbek ohanglarini eshitgach, ixtiyorsiz qiymat berishga, uzoq olqishlamoqqa majbur bo‘ldi...», – deb yozilgan edi.

Uning Germaniyada o‘tkazgan barcha tadbirlarida Abduvahhob Murodiy hamrohlik qiladi. Muhiddin qori Yoqubov o‘z san’ati bilan olmon xalqining ham e’tiborini qozonadi. Berlindagi «Shubert-xoll»da, Berlin konservatoriyasida o‘zbek talabalari ishtirokida jami 4 ta konsert beradi. Germaniyaning mashhur professorlari bilan uchrashib, fikr almashadi. O‘n kun davomida uning qo‘shiqlari olmon radiosida jaranglaydi. Matbuotda olmon san’atshunos olimlarining «Ushoq», «Chorgoh», «Gʻayra-g‘ayra»lar orqali amin bo‘lgan, o‘zbek milliy musiqa san’atining naqadar boy va jozibali ekanligi haqidagi maqolalari chop etiladi. 

Moskvada bir oylik davolanishdan so‘ng, ular Samarqandga kelib, Germaniyada niyat qilgan o‘zbek etnografik truppasini tuzishga kirishadi. Bu ishda uni mutafakkir Fitrat va shoir Cho‘lponlar qo‘llab-quvvatlaydi. Ovro‘poda unga cheksiz shuhrat olib kelgan narsa, aslida, o‘zbek xalqi yaratgan qadimiy ohanglar, ashula va raqslar ekanini chuqur anglagan Muhiddin qori Yoqubov bu san’at durdonalarining qanchadan-qanchasi unutilib ketgani, qolganlari ham unutilish arafasida ekanini yaxshi bilardi. Shundan keyin u o‘zbek etno-folklor asarlarini to‘plash, o‘rganishga yeng shimaradi. 

Muhiddin qori 1926 yil 6 aprelda O‘zbek davlat ko‘chma konsert etnografiya truppasi bosh rejissyori va rahbari etib tayinlanadi. Jamoasi bilan xalq orasiga kirib, qisqa muddatda 600 ga yaqin o‘zbek mumtoz va xalq qo‘shiqlarini yig‘adi. Bu yo‘ldagi zaruriy xarajatlar uchun hatto Farg‘onadagi otasidan meros qolgan uyni ham sotishga majbur bo‘ladi. Jamoa yig‘ilgan mumtoz ashula-raqslarini tezda qayta ishlab, Samarqandda namoyish etishadi.

Konsert kutilganidan ham yaxshi qarshi olinadi. Shundan so‘ng, bu etnografik truppa 1927 yilning aprelidan 1 oktyabriga qadar butun ittifoq bo‘ylab ijodiy safarga chiqadi. Safar davomida Moskva, Leningrad, Kiyev va Tbilisi kabi shaharlarda 100 ga yaqin konsertlar berishadi. Ayniqsa, Qozon, Ufa va Bokuda Muhiddin qori Yoqubovning noyob ovozi jaranglay boshlashi bilan butun zal oyoqqa turar, Tamaraxonim «Katta o‘yin», «Usmoniya» raqslarini ijro etganidan keyin ko‘tarilgan guldiros olqishlar bu raqslarni yana, yana ijro etishga majbur etardi. Bu jarayonlarda esa tabiiyki, o‘zbek xalqining asrlar mobaynida sayqallanib kelgan musiqiy san’ati hammani maftun etadi. Bu o‘zbek san’atining sho‘rolar mamlakatidagi haqiqiy tantanasi edi. 

Muhiddin qori 1927 yilning oktyabrida Qo‘qon teatriga tashkilotchi va badiiy rahbar etib tayinlanadi. U teatrning badiiy rahbari, sobiq jadid M.Miroqilov bilan ijodiy jamoani qayta tuzib, Gʻulom Zafariyning «Halima», Xurshidning «Farhod va Shirin» musiqali dramalarini sahnalashtiradi. O‘zi bu spektakllardagi bosh qahramon Ne’mat va Farhod rollarini ijro etadi. 1928 yilning yanvar oyida esa Andijon teatriga rahbar etib tayinlangach, teatrda Xurshidning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», Uzeir Xojibekovning «Arshin mal-alan», Kamarlinskiyning «Rezavorchi» musiqali dramalarini sahnalashtirib, Farhod, Navfal va Sultonbek rollarini katta mahorat bilan ijro qiladi. 

1929 yilga kelib esa u O‘zbek filarmoniyasi direktorligiga tayinlanadi. 1934 yili azaliy orzusi – o‘zbek milliy operasini yaratish maqsadida yana Moskvaga yo‘l oladi. Moskva konservatoriyasi qoshida o‘zbek opera studiyasini tashkil etadi. O‘qish davomida moddiy yetishmoqchiliklar ko‘p bo‘ladi. 1935 yili Moskvaga kelgan Fayzulla Xo‘jayev ularning barcha iqtisodiy muammolarini hal qilishda amaliy ko‘mak beradi. 1937 yilning mayida Moskvada birinchi marta o‘zbek san’ati dekadasi «Gulsara» spektakli bilan ochiladi. «Izvestiya» gazetasi bu haqda: «Qori Yoqubovning orzusi O‘zbekistonda opera san’atini yaratish va shu operada bosh rollardan birini ijro etish edi», deb yozadi. 

1939 yili birinchi o‘zbek operasi – «Bo‘ron» omma e’tiboriga havola etiladi. Yashin librettosi, Ashrafiy va Vasilenko musiqasi asosida yaratilgan bu operada u Turkiston general-gubernatori Kaufman partiyasini ijro etadi. 1939 – 1947 yillar oralig‘ida esa O‘zbek teatri va opera baleti yakkaxon xonandasi sifatida faoliyat olib boradi.

Taassufki, 1952 yilning 3 iyulida o‘zbek san’atini dunyoga yoyishda faollik va tashabbus ko‘rsatgan, yuksak iqtidor va ilm sohibi bo‘lgan Muhiddin qori Yoqubovga 1918 yili «Sho‘royi islom» a’zosi bo‘lgan, Turkiston Muxtoriyatini tashviq qilgan, 1920-1921 yillar Sag‘irboyvachcha yigitlari orasida Qizil armiyaga qarshi targ‘ibot olib borgan, «Milliy ittihod», «Milliy istiqlol» aksilinqilobiy tashkilotlar a’zosi kabi ayblovlar bilan qaror chiqarilib, 1952 yilning 4 iyulida berilgan order asosida hibsga olinadi. Ortidan xotini Iqbol Alovuddinova, farzandlari Venera, Ella, Xursand va Ulug‘beklar qon yig‘lab qoladilar...

1952 yilning iyul – sentyabr oylarida olib borilgan muttasil so‘roqlarda Muhiddin qori Yoqubov o‘zining Turkiston Muxtoriyatining orkestrida bo‘lganini ham, qorilik qilganini ham tan oladi. 1926 yili Ma’ruf Rasuliyning bog‘ida Davlat Rizayev, Anqaboy, Otajon Hoshimlar davrasiga Tamaraxonim bilan borib, Botuning «Qush uyasi buzildi», Cho‘lponning «Go‘zal Farg‘ona» qo‘shiqlarini kuylaganini aytadi. Afsuski, tergov jarayonidagi muttasil tahqirlash, xo‘rligu jismoniy azoblardan avvalgi zabardast, alpomishsifat Muhiddin qoridan asar ham qolmagan edi. Uni tergovchining qiynog‘idan ko‘ra, ko‘proq yaqin do‘stlarining, ishongan insonlarining xiyonati iztirobga solgan edi. 

1952 yil 17 oktyabrda O‘zSSR JKning 58-, 66-, 67-moddalari bilan uzoq muddatli qamoqqa hukm etilgan Muhiddin qori Yoqubov Stalin vafotidan ikki yil o‘tib – 1955 yili ozodlikka chiqariladi. 1956 yilning yanvaridan esa yana filarmoniya solisti sifatida ishlay boshlaydi. Keyinroq, Estrada teatriga taklif qilinib, unda xalq qo‘shiqlari, opera ariyalari va romanslar ijro etadi. Muhiddin qori Yoqubov 1957 yil 2 fevralda muz bosgan ko‘chalardan uyi tomon qaytayotganda qo‘qqisdan yiqilib, tos suyagi sinadi. Oradan ikki hafta o‘tgach, 1957 yilning fevral oyida vafot etgan xalq hofizi «Chig‘atoy» qabristoniga dafn etiladi.

Bugun o‘zidan ulkan meros va o‘chmas xotira qoldirgan xalqimizning chin farzandi bo‘lgan ustoz san’atkor xotirasiga O‘zbek davlat filarmoniyasi va Toshkent ko‘chalaridan biriga Muhiddin qori Yoqubov nomi berilgan. Uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan film ham ishlangan. 2000 yili esa «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.