Ayollar “Milliy tiklanish”ni tanlamoqdalar

Ayollar “Milliy tiklanish”ni tanlamoqdalar

Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimova “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zoligiga qabul qilindi. 

Partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjanovaning ta’kidlashicha, bugun xotin-qizlar oddiy saylovchidan faol saylanuvchiga aylanishlari kerak. Zero, siyosat bugun ham xotin-qizlar uchun begona soha emas. Yaqindagina “Ayollar qanoti” tomonidan opa-singillarimiz uchun kvotalarni oshirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surgan edik. Bugun esa aynan ana shu taklifni hayotga tatbiq etish uchun harakat qilyapmiz. Quvornalisi, Markaziy Kengashdagi a’zolar uchun va partiya boshqaruvidagi vakillik organlarida xotin-qizlar ulushi, ularning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki kengayib boryapti.

Dastlabki xulosalarga ko‘ra, partiya a’zolari tarkibida va vakillik organlarida ilmiy darajaga ega, faoliyatida muntazam o‘sish kuzatilgan ayollar soni tobora ko‘payib borayotir. Bugun davlat boshqaruvi tizimidagi rahbar ayollarning TOP-40 reytingida munosib o‘rin egallab turgan Durdona Rahimovaning partiya safiga kirishi ham yuqoridagi fikrlarni isbotlashi mumkin.

– “Milliy tiklanish” men uchun katta maydon yaratadi, albatta. Va, bu mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etishda bor kuch-g‘ayratimni safarbar etaman. Zero, partiyaning yoshlar, ta’lim-tarbiya hamda milliy qadriyatlarga asoslangan gender tenglikni ta’minlash masalasidagi g‘oyalarini ayol, ona, rahbar sifatida to‘la qo‘llab-quvvatlayman. O‘ylaymanki, biz bu borada manfaatli qarorlarni qabul qilishga erishamiz, dedi Durdona Rahimova. – Zero, birlashib, katta kuchga aylanamiz.