Akademik tahlil: o'quvchi sababsiz darsga kelmasa...


O‘zbekistonda ta’lim sohasida nazorat yanada kuchaydi. Davomati past bo‘lgan o‘quvchilar nazorati Milliy gvardiya xodimlariga yuklatildi. Qolaversa, chaqiruv tugmalari o‘rnatilmoqda. Xo‘sh, bu borada dunyo maktablarida vaziyat qanday? 

AQSH
Amerikada davomatni nazorat qilishning o‘zgacha usuli joriy etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘smirning qayerdaligini kuzatish uchun hulqi yomon o‘quvchilar kamariga GPS-navigator o‘rnatilgan.  AQSH hukumati ushbu dasturni amalga oshirish uchun katta miqdorda pul ajratgan.  
Ko‘pchilik ishonmasligi mumkin, biroq Amerikaning Texas shtatida o‘qituvchilar bolalarni darsga kelmagani uchun urishi mumkin ekan.

Buyuk Britaniya 
Ertalab dars boshlanishidan oldin maktab darvozalari yopiladi. Kech qolganlar qabulxonaga borib, kechikish sababini tushuntirishlari kerak. Shuningdek, o‘quvchilar dars payti ta’lim muassasasini tark etishlari mumkin emas. Faqat ota-onaning yoki vasiyning yozma iltimosi va direktorning ruxsatiga ko‘ra javob berilishi mumkin. Bo‘lmasa 2500 funtgacha jarima yoziladi. Agar jarima 28 kun ichida to‘lanmasa, ish sudga oshiriladi. 

Avstriya
6 yoshdan 15 yoshgacha maktabda o‘qish majburiydir. Agar maktab o‘quvchisi besabab ketma-ket uch kun dars qoldirsa, ota-onalar 110 yevrodan 400 yevrogacha jarima yoki ikki haftagacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Mamlakatda uzrli sabablarsiz uch martadan ortiq dars qoldirish ma’muriy huquqbuzarlik sifatida baholanadi. Bolani ta’lim jarayonidan bir muddat olib ketish uchun ota-onalar tegishli asoslarni ko‘rsatib, ariza yozishlari kerak. Agar bolaning darsga kelmaganligi sababi ko‘rsatilmagan bo‘lsa va ota-onalar muassasa yuborgan so‘rovga javob bermasa, ularning farzandlari maktabdan haydaladi.

Italiya
Boshlang‘ich maktabdagi farzandlarini so‘roqsiz olib ketgan ota-onalarga 30 yevrogacha jarima solinadi. Lekin xususiy maktablarda bu biroz osonroq kechadi. Ammo agar darsda yo‘qligi o‘quvchining o‘zlashtirish jarayoniga ta’sir o‘tkazsa, u o‘quv yilini qaytadan boshlashga majbur bo‘ladi.

Ispaniya
Ispaniyada maktab o‘quvchisi sababsiz ravishda ko‘p dars qoldirsa, uning ota-onasi uch oydan olti oygacha ozodlikdan yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilishi mumkin. Ogohlantirishsiz dars qoldirganlik uchun 1500 yevrogacha jarima to‘lanadi.

Shvetsiya
Boshlang‘ich maktab o‘quvchilariga "sayohatlar, oilaviy bayramlar yoki diniy bayramlar" uchun qisqa muddatli ta’til berilishi mumkin. Shu bilan birga, bu o‘quv yili davomida 10 kundan oshmasligi kerak. Bolaning maktabdagi o‘zlashtirishi va xulqiga qarab ta’lim muassasasi rahbari bu ta’tilga ruxsat berish yoki bermaslik haqida qaror qabul qiladi.